Bugun dunyo misli ko‘rilmagan sur’atda o‘zgarmoqda. Sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazasi va raqamli texnologiyalar kundalik hayotimizni tubdan yangilamoqda. Bunday sharoitda ayrim kasblarga ehtiyoj kamayayotgan bo‘lsa, insonni, uning ehtiyojlari va jamiyatdagi jarayonlarni chuqur tahlil qila oladigan mutaxassislarga talab tobora ortib bormoqda. Ana shunday kasblardan biri — sotsiologdir.
Nega aynan bugun sotsiolog kasbi istiqbolli hisoblanadi va bu yo‘nalishni tanlagan yoshlarni qanday imkoniyatlar kutmoqda?
Shifokor inson organizmidagi xastalikni aniqlab, davolash yo‘lini tavsiya etsa, sotsiolog jamiyatdagi muammolarni ilmiy asosda o‘rganadi. U aholi kayfiyati, ijtimoiy ehtiyojlar, muammolar va turli guruhlar orasidagi o‘zgarishlarni so‘rovnoma, chuqurlashtirilgan intervyu, fokus-guruhlar hamda statistik tahlillar orqali aniqlaydi.
Bu ma’lumotlar faqat ilmiy maqolalar yozish uchun emas, balki davlat siyosatini takomillashtirish, biznes strategiyasini ishlab chiqish, ta’lim tizimini rivojlantirish va samarali ijtimoiy dasturlarni yaratishda ham aynan sotsiologik tadqiqotlar muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Chunki inson manfaatiga tayanmagan har qanday qarorning samarasi uzoq davom etmaydi. Ko‘pchilik sotsiologni faqat ilmiy tadqiqot institutlari bilan bog‘laydi. Aslida esa bu mutaxassislikning imkoniyatlari ancha keng. Sotsiologlar davlat boshqaruvi organlarida aholi ehtiyojlarini o‘rganish va ijtimoiy dasturlar samaradorligini baholash bilan shug‘ullanadi. Marketing va biznes sohasida iste’molchilar xulq-atvori hamda bozor tendensiyalarini tahlil qiladi. Inson resurslari yo‘nalishida jamoalardagi ijtimoiy muhit va xodimlar motivatsiyasini o‘rganadi. Ommaviy axborot vositalari hamda PR sohasida jamoatchilik fikrini tahlil qilib, samarali kommunikatsiya strategiyalarini ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar loyihalarning ijtimoiy ta’sirini baholashda, ta’lim muassasalari esa o‘quvchilar va talabalar duch kelayotgan muammolarni aniqlashda sotsiologlar xizmatidan keng foydalanmoqda.
Bugungi sotsiolog faqat qog‘ozdagi so‘rovnomalar bilan ishlamaydi. U sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazasi va ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan raqamli izlarni ham tahlil qiladi.
Shu bois raqamli sotsiologiya, hisoblash sotsiologiyasi va ijtimoiy tarmoqlar tahlili kabi yangi yo‘nalishlar shakllanayotir. Bunday bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga AT kompaniyalari, tahliliy markazlar, konsalting tashkilotlari hamda xalqaro institutlarda talab yil sayin ortmoqda.
Sotsiologiya tanqidiy fikrlash, tahliliy yondashuv va dalillarga tayangan holda xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Bu esa qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, har bir mutaxassis uchun muhim ustunlik hisoblanadi.
Yana bir afzalligi shundaki, sotsiologiya huquqshunoslik, iqtisodiyot, jurnalistika, psixolo-giya va axborot texnologiyalari bilan uzviy bog‘liq. Natijada bitiruvchilar mehnat bozorida kengroq imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bugungi O‘zbekistonda islohotlarni aholining haqiqiy ehtiyojlari asosida olib borish, jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish va ijtimoiy monitoring tizimini takomillashtirish ustuvor
vazifalardan biri etib belgilan-
moqda. Bu esa malakali sotsio-loglarga bo‘lgan ehtiyoj kelgusi yillarda yanada ortishini anglatadi.
Sotsiologiya — faqat nazariy fan emas. U jamiyatni chuqur anglash, muammolarni oldindan ko‘ra bilish va ilmiy asoslangan yechimlarni taklif etishga xizmat qiladigan zamonaviy kasbdir.
Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, inson omili har doim asosiy qadriyat bo‘lib qoladi. Insonni, uning fikri, kayfiyati va ehtiyojlarini chuqur tushuna oladigan mutaxassislar esa ertangi kunning eng zarur kasb egalaridan biri bo‘ladi. Shu bois sotsiologiya yo‘nalishini tanlayotgan yoshlar nafaqat istiqbolli kasbni, balki jamiyat taraqqiyotiga bevosita hissa qo‘shish imkoniyatini ham tanlayotgan bo‘ladi.
Atabek Mengliyev,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti “Raqamli iqtisodiyot” kafedrasi o‘qituvchisi

