Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratish tizimini yanada shaffof, adolatli va bozor tamoyillariga moslashtirish borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda. Ana shunday o‘zgarishlarning navbatdagi bosqichi sifatida Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, yer uchastkalarini ijaraga berish hamda ijara huquqini sotib olish bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi – yer ajratish jarayonida teng imkoniyatlarni yaratish, ochiqlikni ta’minlash hamda yerlardan samarali foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat. Shuningdek, fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga ekinlarni joylashtirishda ko‘proq mustaqillik berish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yetishtirish uchun qulay sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Farmonga muvofiq, avval tajriba-sinov tariqasida ayrim hududlarda joriy etilgan yangi tizim endilikda respublikaning barcha hududlarida tatbiq etiladi. Bu esa yerlarni ijaraga berishda yagona va shaffof mexanizmni shakllantirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi yerning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Agar yer birinchi savdoda sotilmasa, har bir takroriy auksionda lot narxi bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytirib boriladi. Bunda narx auksionni tashkil etish xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilangan.
Yana bir muhim yangilik — auksionlarning o‘tkazilish muddatlari qisqartirildi. Endilikda birinchi savdo yer uchastkasi haqidagi e’lon berilgan kundan boshlab 15 kun ichida, takroriy savdolar esa bir kun muddatda o‘tkaziladi. Bu yerlarni uzoq vaqt bo‘sh turib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
Farmonda ilgari ochiq elektron tanlov orqali yer olgan ayrim tadbirkor va fermerlar uchun ham qulay imkoniyatlar nazarda tutilgan. Xususan, 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 15-aprelga qadar ochiq elektron tanlovlar orqali 1 456 ta yuridik shaxsga ijaraga berilgan 80 816 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlar yoki ijaraga olish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlardan muddati o‘tgan qarzdorlik summasi yer uchastkasi normativ qiymatining to‘rt baravaridan ortiq bo‘lsa, jami to‘lanadigan to‘lovni biryo‘la 20 foiz chegirma bilan yoki uch yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan ushbu summani yer uchastkasi normativ qiymatining to‘rt baravariga teng miqdorda to‘lash imkoniyati berildi.
Farmon bilan yana bir muhim tartib joriy etildi. Endilikda tuman hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh qishloq xo‘jaligi yerlari yer sifatida hisobga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida auksionga chiqarilishi lozim.
Agar belgilangan muddatda bu amalga oshirilmasa, “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti ushbu yerlarni avtomatik ravishda elektron auksion savdolariga chiqaradi. Bu esa inson omilini kamaytirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda yerlarni iqtisodiy aylanmaga tezroq jalb etishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, yangi tizim yer munosabatlarida ochiqlikni ta’minlash, korrupsion omillarni kamaytirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, yer uchastkalari haqiqiy bozor tamoyillari asosida eng munosib talabgorlarga beriladi.
Yangi tartib qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi, yerlarning bo‘sh turib qolishining oldini olishi va agrar sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bekzod JUMAYEV,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Surxondaryo viloyati hududiy vakili

