Xalq ruhining boqiy sadosi

Date:

Doston-u laparlar eshitib ulg‘aygan bo‘lsamda, xalq og‘zaki ijodi, janrlari haqida talabalik yillarimda nazariy bilimga ega bo‘ldim. Ustozimiz Omonilla Madayev (nomini eshitiboq barchada qo‘rquv uyg‘otadigan ustozimiz)ning saboqlari barchamizning san’atga bo‘lgan ishtiyoqimizni oshirgan. Ular janrlar haqida aytib turib, bir qarasangiz, ko‘zlarida to‘la yosh bilan marsiya aytib, xonani larzaga keltirsa, askiyalari bilan butun auditoriyaga kulgu ko‘tarilishiga sabab bo‘lardilar. Ba’zida esa bo‘g‘iq va shirali ovoz bilan xuddi bolalikdan eshitib kelgan termalarimizni baxshi bo‘lib kuylashga tutinardilar. Har bir dars biz uchun ana shunday zavqli, unutilmas xotiralarga boy o‘tardi. Shu-shu qandaydir tadbir yo festivalda, bayram sayillarida baxshi do‘mbirasini chertib boshladimi, beixtiyor to‘xtayman, tinglayman…

Esimda, 2019-yil. Termiz shahrida “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” bo‘lib o‘tgandi. San’at saroyida respublikamizning turli hududlaridan qo‘liga do‘mbira tutgan yoshi ulug‘ baxshilardan 5-6 yoshdagi havaskor san’atsevar bolajonlar ham jam bo‘lgandi. Bu festivalda har bir hududning o‘ziga xos baxshichilik san’ati bilan tanishish, bir shingil tinglash imkoniyatiga ega bo‘lgandik. Mahammad baxshi Eshboyev o‘sha festivalda ko‘pchilik qatori mening ham e’tiborim va mehrimni qozongan edi. E’tirof etish kerakki, baxshi festival doirasida o‘tkazilgan “Baxshi-shoirlar” ko‘rik-tanlovida ham ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Mana olti-yetti yildan buyon qanday tadbir, bayram yoki sayil bo‘lmasin, Mahammad Eshboyevga navbat berilishi bilan qaysidir dostondan bir parcha tinglash imkoniga ega bo‘lib kelamiz. Baxshi nafaqat davralarga fayz bag‘ishlaydi, voha ahlining yaxshi kunlarida xizmatda bo‘ladi, balki munosib izdoshlar yetishtirishda ham bosh-qoshdir.

Asli Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida dunyoga kelgan Mahammad Eshboyevning hayot yo‘li Surxon vohasi (Qiziriq tumani) tomon burildi. Qalbi san’atga oshufta bola bo‘lgani uchun ham baxshilar davrasida bo‘lishni, ohangga mast bo‘lishni hush ko‘rardi. O‘zi ham tinglab-tinglab tiliga o‘rnashib qolgan parchalarni xirgoyi qilib ulg‘aydi. Qiziriq tumanida o‘n besh yil ishchi bo‘lib ishladi, dalada qo‘llari mehnatdan qabardi, qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Ana shunday pallada ham ovozini baralla qo‘yib kuylashdan, termalar aytishdan to‘xtamadi. San’atdan, do‘mbirasidan kuch oldi. Dostonlar yodlashni kanda qilmadi.

Qay sohani tanlamang, ustoz ko‘rmasangiz, havaskor bo‘lib qolaverasiz. Ustoz ko‘rgan shogird esa yanada o‘z qirralarini anglaydi, imkoniyatlarini biladi. Iqtidori sayqal topib, o‘zligini topadi. M.Eshboyev ham O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov va boshqa ustozlar etagidan mahkam tutib, ulardan baxshichilik san’atining sir-asrorlarini o‘rgandi, maktab ko‘rdi. Doston-u termalar aytib xalq orasida tanildi, hurmatga, mehrga sazovor bo‘ldi.

Yillar o‘tib, Mahammad Eshboyevning baxshichilikdagi iqtidori va mehnati munosib e’tibor topdi. U turli madaniy-ma’rifiy muassasalarda faoliyat yuritib, baxshichilik san’atini targ‘ib etish va yosh avlodga o‘rgatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Ayniqsa, musiqa va san’at maktablaridagi pedagoglik faoliyati davomida ko‘plab yoshlarning qalbida xalq og‘zaki ijodiga mehr uyg‘otdi. Folklor jamoalaridagi ijodiy faoliyati esa uning nafaqat baxshi, balki tashkilotchi va ustoz sifatidagi qirralarini ham namoyon etdi. Bugun uning shogirdlari turli tanlov va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ustoz mehnatining samaralarini namoyish etmoqda. Ayniqsa, baxshining ustozlik faoliyati, yosh avlod qalbiga milliy qadriyatlarimiz, san’atimizni singdirishdagi xizmatlari hamda ko‘p yillik mehnatlari o‘z samarasini berib, 2019-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu e’tirof baxshining ko‘p yillik mehnati va fidoyiligiga berilgan munosib baho bo‘ldi.

Baxshichilik o‘tmishdagi ajdodlarimiz ovozi, — deydi baxshi Mahammad Eshboyev. — Doston va termalar ularning qahramonona hayoti, turmush tashvishlari va sadoqat kabi hislatlarini bizgacha yetkazib kelgan muhim manba sanaladi. Yurtimizda bu sohaga alohida e’tibor qaratilib, farzandlarimizning noyob kasbni egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, birgina Surxondaryo viloyatini oladigan bo‘lsak, Termiz shahrida musiqa, san’at va baxshichilik maktabi, tumanlardagi musiqa va san’at maktablari qoshida baxshichilik bo‘limlari tashkil etildi. Yetti yildan buyon mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” asrlar davomida xalqimiz qalbida yashab kelgan bu san’atimizni jahonga keng tarannum etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Do‘mbira jarangi tog‘lardan aks sado berganday har tomondan yangrab, insonni sehrlab qo‘yganday bo‘ladi va ana shu ohangga mos tebranishga yoki sho‘x-shodon raqsga tushib ketasiz. Sozning ohangiga monand baxshining ovozi yangraydi. Shunday paytda hech baxshini kuzatganmisiz? Kuzatmagan bo‘lsangiz, kuzating, u butun borliqni unutgandek ko‘zlarini yumgancha butun vujudi sel bo‘lib aytadi, aytaveradi. Zavqi kelsa bormi, u to‘xtamaydi, sozini sayratib, so‘z-u qofiyani o‘ynatib aytadi. Bu aytimlar esa har bir tomoshabinni maftun etmay qolmaydi. 27 yildan buyon sozini qo‘liga olib, xalqning xizmatiga kamarbasta bo‘lib kelayotgan Mahammad Eshboyev ham tomoshabinlarni ijodiga maftun etib, “Avazxon”, “Alpomish”, “Oyparcha”, “Malla savdogar”, “Tarkiston”, “Xondali”, “Kuntug‘mish” singari dostonlarni shirali ovoz bilan baralla kuylamoqda.

Do‘mbira sadosi bilan xalq qalbiga yo‘l topgan Mahammad Eshboyev vaqt o‘tishi bilan baxshichilikning nafaqat ijrochisi, balki targ‘ibotchisi va ustoziga aylandi. U qayerda faoliyat yuritmasin, asosiy maqsadi yosh avlodga milliy san’atimizning betakror jozibasini singdirish bo‘ldi. O‘nlab shogirdlarga saboq berib, baxshichilikning boy an’analarini davom ettirishga xizmat qildi. Himmatali Eshboyev, Husan Egamshukurov, To‘ychi Boltayev, Chorshanbi Jumayev, Bekzod Hamidov, Anvar Ergashev, Azizbek Otamurodov, Azamat Otamurodov, Bobur Safarov kabi yosh baxshilar do‘mbira chertish, doston kuylashni M.Eshboyevdan o‘rgandi.

Mahammad Eshboyev so‘nggi o‘n yilda “Avazxonning ota yurtiga borib kelishi”, “Ustozlar”, “Ustozlar izidan”, “Oqqan daryo oqaveradi”, “Oyparcha” nomli doston va termalar kitoblarini nashrdan chiqardi. Hozir baxshi o‘ndan ortiq dostonlar ustida ishlamoqda. Ular orasida “Farhod va Shirin”, “Yusuf va Ahmad”, “Suluvxon” kabi xalq orasida mashhur asarlar ham bor.

Yaqindagina bir hushxabarni eshitib, rosti quvondim. Prezidentimizning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq baxshi Mahammad Eshboyev “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Munosiblar e’tirof etilgani, taqdirlangani yurtimizda haqiqiy iqtidorlar, fidoyi insonlarning bunday rag‘bat topishi har qanday insonni g‘ururlantirishi aniq. Mahammad Eshboyev kabi fidoyi baxshilar bor ekan, do‘mbira sadosi ham, dostonlarimiz ruhi ham avloddan avlodga o‘taveradi. Zero, baxshichilik o‘tmishdan esayotgan bir sas emas, balki bugunning ham, kelajakning ham tirik nafasi, xalq ruhining boqiy sadosidir.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM OMILI

Dunyo miqyosida volontyorlik harakati fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida...

Qonun ustuvorligi va halollik mezoni

Mamlakatimizda barcha sohalarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning...

Xavf qo‘ng‘irog‘i

Ekologiya sohasidagi korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas — bu tabiatga...

Asosli to‘xtamga kelingan…mi?

Surxondaryo viloyatida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)...
KunTun
KunTun