Surxondaryo viloyatida pilla qabul qilish mavsumiga start berildi. Joriy yilda viloyat pillakorlari birinchi mavsum davomida 39 ming 66 quti ipak qurti parvarishlab, 2 ming 344 tonna sifatli kumush tola yetishtirishni maqsad qilgan.
Ushbu ulkan rejalardan kelib chiqib, viloyatning barcha hududlarida pilla qabul qilish jarayonlari tashkil etildi va amaliy ishlar boshlab yuborildi. Viloyat rahbari tomonidan mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda nobud qilmasdan yig‘ib olish hamda pillakorlar bilan hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, agrar sohadagi dolzarb vazifalar ham alohida nazoratga olindi. Xususan, g‘o‘za parvarishi, g‘allani o‘rim-yig‘imga sifatli tayyorlash, dalalarda terimchilar, suvchilar, ishchilar va mexanizatorlar uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglanib, har bir yo‘nalishda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Mazkur jarayonlar viloyatda agrar soha mavsumining yuqori sur’atda davom etayotganini va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan ishlar izchil yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda.

