O‘zini yenggan ustoz

Date:

Bugun o‘quvchiga qo‘l ko‘tarish aqlga sig‘maydigan voqea. “Eti sizga, suyagi bizga” deydigan zamonlar o‘tib ketgan. To‘g‘ri-da, pedagogik mahorat va madaniyatning kuchi, metodlarning ishlashi bunday johillikka yo‘l qo‘ymaydi. Bugun saboqlar zo‘rlik bilan emas, e’tiborni tortib, jalb eta olibgina beriladi. Aks holda, ota-ona boshqacha tanlov qilishga majbur. Ha, bugungi ta’lim tizimida mahoratlilar, bilim va salohiyatlilar ishlab qola oladi. Boshqachalarini esa o‘z vaqti soati bilan daryoning o‘zi keraksiz cho‘p-u xasni o‘z o‘zanidan chiqarib tashlaganidek uloqtirib yuboradi.
Ana shunday talab yuqori o‘qituvchilardan biri Jumagul Sholdirova. U ham birdaniga mana shunday hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lib qolmagan, albatta. Buning uchun bilim, tajriba, katta hayot qozonida qaynashiga to‘g‘ri kelgan. Ammo nima bo‘l-ganda ham inson qay kasbni tanlamasin, o‘z kasbini sevishi kerak.
Qahramonimiz ham o‘z kasbiga bolalikdan mehr qo‘yganlardan. Birinchi sinfga borganini hozirgidek eslaydi. O‘shanda ustozi Galya Sagirovaning har bir so‘zi, o‘rgatgan saboqlarini qulog‘iga quyib olib, sehrlanib qolgandi. Yosh va tirishqoq Jumagulning faolligi, bilimga chanqoqligi esa ustozlarning e’tiborini tortmay qolmasdi. She’rlarni ifodali o‘qiydigan o‘quvchi-qiz qo‘shiqlarni ham juda go‘zal kuylardi. Sportda ham abjir va olg‘ir edi. Maktab tadbirlari, bayram-u sayillar Jumagulning ishtirokisiz o‘tmasdi. Doimo ustozlarining yonida bo‘ladigan, dars-u tadbirlarda “labbay” deb o‘zini ko‘rsatadigan o‘quvchi ustozlikdan boshqa kasbni o‘ylashi mumkinmi?!
Maktab ta’limidan so‘ng, Toshkent davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirib, o‘z sohasining ustalaridan kasb sirlarini o‘rgandi. Nazariy va amaliy bilimlar bilan yanada “pishdi”. O‘qishni tamomlab, Surxon-daryoga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qumqo‘r-g‘on tumaniga qaytib, tumandagi 1-sonli maktabga boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishga joylashdi.
— Ishga kelganimda maktabda eng yosh o‘qituvchi men edim, — deydi J.Sholdirova. — Yoshi ulug‘ o‘qituvchilarning tavsiyasi, o‘gitlari bilan o‘z faoliyatimni boshladim. Ustozlar yosh deb uyga vazifalarni tekshirishni menga yuklab qo‘yishardi. Hech ham qochmaganman. Yarim tungacha daftar tekshirib chiqardim. Shukrki, kam bo‘lmadim. Bu ham men uchun katta maktab bo‘ldi.
Yosh ustozga ishonch bildirib, sinf ham berishdi. Ichidan “eplab ketarmikanman” degan hayajonda bo‘lsa ham, sirtiga chiqarmay qat’iyat bilan turdi. Bir safar dars jarayoniga qiziqib maktab direktori xonaga kirib oxirgi qatordagi partaga borib o‘tirdi. O‘shanda so‘zini yo‘qotib, hayajonda qolganini bugun Jumagul ustoz kulib xotirlaydi. Inson ana shunday sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri kelarkan. Faqat bundan to‘g‘ri saboq olsa, xulosa chiqarsa, faoliyatda o‘sish kuzatiladi. Aks holda…
Ustozning faoliyati davomidagi bir voea ham unga katta saboq bo‘ldi:
— O‘quvchimni urganman, — deydi ustoz vijdoni qiynalib. — Endigina yozishni o‘rganayotgan qizaloqqa uyga berilgan vazifani bajarmagani uchun shafqatsizlik qildim. Keyin esa vijdonim qiynal-di, o‘zimni koyidim, o‘quvchimni yonida o‘zimni aybdordek his etdim… Shundan keyin ortiq bunday qilmaslikka o‘zimga va’da berdim.
Ha, Jumagul Sholdirova o‘shanda endigina ish faoliyatini boshlagan yosh, g‘o‘r pedagog edi. Ammo o‘sha kundan keyin ko‘p narsalarni tushundi, angladi. Va o‘ziga: “mening o‘quvchilarim bundan keyin dars qilmay kelmaydi, chunki ularni shu qadar qiziqtiramanki, ularning bari birdek faol bo‘lishadi”, dedi. Shunday bo‘ldi ham. Buning uchun u bor mahoratini ishga soldi. Izlanishdan, bolalarning ko‘ngliga yo‘l topib, ularni qiziqtirishdan to‘xtamadi. Yillar shunday o‘tdi, tajriba ham shu tariqa ortdi. Mahalla-ko‘y, tuman ahlining tiliga tushdi, tanildi.
Ustozlik shunday, o‘z kasbini sevgan, fidoyi insonni elga tanitadi, obro‘-e’tiborga sazovor qiladi. Maktabda birinchi sinfga qabul bo‘lsa ham, Jumagul ustozning sinfida 30 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, qolgan ikki sinfda 25-27 nafar o‘g‘il-qiz o‘qiydi. Bu ham ustozga berilgan eng yaxshi baho bo‘lsa kerak.
— Bir kuni boshlang‘ichdan uchirma qilgan o‘quvchilarimning sinf rahbari bilan gaplashib qoldim, — deydi J.Sholdirova. — U maktabga yangi kelgan ustozlardan edi, meni ham yaxshi tanimas edi. Shu sabab suhbatimiz davomida: “O‘quvchilarimning sinf rahbari siz bo‘lgan ekansiz-da, siz bilan har doim gaplashaman deb mavridini topa olmagandim, o‘quvchilarimning 25 tasiniyam yozuvi bir xil tekis va chiroyli. Bunga qanday erishgansiz”, deb qoldi.
Jumagul Sholdirova 41 yillik tajribaga ega ustoz. Bugun maktab ostonasidan kirishi bilan
yosh kadrlar ustozdan maslahat so‘rashadi, tavsiya olishadi. Ustoz ham har bir yosh kadrda o‘zini ko‘radimi, kuyunchaklik bilan yordam berishga, ham-kasblarining mushkulini oson qilishga tushib ketadi.
Qahramonimizning farzand-lari onasining sog‘ligidan tashvishlanib, uyda farzand-u nabiralarining duosini qilib, keksalik gashtini surib o‘tirishligini aytishadi. Jamoasi mehri, e’tibori, qolaversa, kasbiga bag‘ishlangan butun umrlik hayot yo‘lini nafaqaga chiqib ham tark etib ketishga ko‘zi qiymaydi. Maktab direktori ham: “ustoz ketmang, yosh kadrlarga siz keraksiz”, deb tajribali pedagogdan voz kechmaydi.
Qahramonimiz uchirma qilgan o‘quvchilar bugun o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishgan. Dunyoning rivojlangan davlatlarida ham faoliyat yuritishayotgani ustozini g‘ururlantiradi. Chunki Jumagul Sholdirova har bir o‘quvchisini o‘z farzandidek ko‘rib, o‘qishga kira olmasa, qandaydir tashvishda qolsa, o‘ylanib, ularning yutuq va muvaffaqiyatlaridan quvonib yuradi. Ustoz nafaqat tajribali ustoz, balki mehribon ona hamdir. Bir o‘g‘il, 3 qizni ulg‘aytirib, o‘qitdi. O‘g‘li maktab direktori bo‘lsa, qizlari ham ta’lim sohasida faoliyat yuritishadi.
Joriy yilda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyat tadbiriga taklif etishganida ham ustoz mamnuniyat bilan bordi. Hammasidan hayajonlisi viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ustozni chorlab, ko‘ksiga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini taqayotganda bayram bilan qutlab, samimiy tilaklar bildirdi. Shu lahzalarda ustozning hayajonini bir tasavvur qiling. Fidoyi insonga boylik, martaba kerak emas, unga qilgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirsangiz, o‘tgan umri bekorga o‘tmaganini his ettirsangiz, unga bundan ortiq boylik ham, martaba ham kerak emas. Jumagul Sholdirova ham o‘tgan 41 yilining beiz ketmaganidan mamnuniyat his etib yashayotgan haqiqiy ustoz, mo‘tabar ayollarimizdan biridir.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

53 nafar fuqaro ishli boʻldi

Sho‘rchi tumanida “Murod shifo” xususiy tibbiy markazining ochilishi aholiga...

Yoshlarimiz sovrindor boʻldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘tkazilgan parayengil atletika bo‘yicha U-20...

Festival yakunlandi

Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali...

“Xotira turniri” — jasorat va matonatni ulug‘ladi

Termiz shahrida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida Sariosiyo voqealaridagi...
KunTun
KunTun