KOMIL  VA  KAMTAR  INSON  EDI

Date:

Ro‘zimurod Avazov bilan men Sherobod rayon partiya komiteti tashkiliy ishlar bo‘limi mudirligiga o‘tgandan so‘ng yaqinroq tanishishga to‘g‘ri keldi. Uni avval sirtdan tanir, o‘ziga yarasha hamma qatori rahbar bo‘lsa kerak deb yurardim. Rayon partiya komiteti byuro va plenum yig‘ilishlari, rayon soveti sessiyalaridagi uchrashuvlarda o‘zaro suhbatlar, yig‘ilishlardagi nutqlari va xalqni qabul qilishdagi ishbilarmonliklari fikrlarimni

o‘zgartirib yubordi.So‘zga chiqar ekan, har bir so‘zni mantiqli, faktlar asosida yig‘ilish qatnashchilarining miyasiga quyib qo‘yardi. Rayijrokom raisi birinchi muovini sifatida tumanning qurilish, transport, kommunal xizmat, sanoat singari sohalarini boshqarib borardi.

Ish yuzasidan ko‘p marotaba uchrashib, muammolarni birgalikda hal qilganmiz. Dastlabki uchrashuvlarimizdan 40 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bir hayotiy voqea hozirgacha esimdan chiqmaydi. Sho‘rolar davrining oxirgi yillari edi. Noyob mollarning hammasi Rayijrokom raisi ixtiyorida. R.Avazov bilan ikkalamizga rais videomagnitofon ajratibdi. Uni Termizdagi do‘kondan olish kerak ekan.

— Aka, uni ololmayman. Mablag‘im yetarli emas. Maoshimni ro‘zg‘orimning kamchiliklaridan orttirolmayapman, — dedi Avazov.

— Ro‘zimurod, bu ishgacha tuman kolxozlararo qurilish boshqarmasi, Sherobod Broyler parrandachilik fabrikasi, 7-Pik tashkilotlarida rahbar bo‘lib ishladingiz, besh-to‘rt so‘m orttira olmadingizmi… — dedim.

— To‘g‘ri, orttirgan maoshimga uy qurdim, boshqa xarajatlar to‘g‘ri keldi.

Shungachayam odamlardan eshitib yurardim. To‘g‘ri yurib, to‘g‘ri turadigan inson, kamtar, birovning haqiga ko‘z olaytirmaydi, yashashi ham oddiy deyishardi. Bu gaplarga shu kuni to‘liq amin bo‘ldim.

Oradan ko‘p o‘tmay, Sho‘rolar davri tugab, mamlakatimizning mustaqillik davri boshlandi. Ro‘zimurod Sherobod shahar hokimligiga ishga o‘tdi. Men tumandagi Sherobod badiiy keramika buyumlari zavodi direktorligiga tayinlandim.

Bir kuni viloyat hokimi Hakim Berdiyev ikkalamizni Termizga chaqirib, shunday dedi:

— Eshtemir, sen direktorlikka o‘tayotganingda, esingda bo‘lsa, qurilish tashkilotlari va boshqa mijozlar uchun qoplamali plita ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yasan deb shart qo‘ygandim.

— Esimda shu sexning binosi qurilishini yaqinda tugalladim.

— Xabarim bor, shu binoga R.Avazov bilan Toshkentga borib jihoz gaplashib kelasizlar. Mablag‘ini men topib beraman.

R.Avazovni qo‘shayotganim, u qurilish bo‘yicha mutaxassis.

Shu alfozda Toshkentga ketdik. Toshkentdan Angrenga bordik. Plita ishlab chiqaradigan zavodlar mutaxassislari bilan fikr almashdik. Ma’lum bo‘lishicha, plita ishlab chiqaradigan jihozlar hajmi uzun bo‘lib, binodan 50 metr tashqariga chiqib qolar ekan.

— Eshtemir aka plitamiz bo‘lmadi. Endi shu binoga chinni sexini joylashtiramiz. Aytdingiz-ku Vandob qishlog‘ida chinni xomashyosi kaolin bor ekan deb, dedi Avazov.

Aytishlaricha, urushdan oldin Vandob qishlog‘i hududidan geologlar kaolin konini topgan ekan.

Toshkentdan kelib “Zil” yuk mashinasida, ekskavator va ishchilarni olib borib xalq tilida chinnitosh, fan tilida kaolin xomashyosini  olib kelib, Sherobod chinnisini Toshkentda chiqarib keldik. Sababi bizning asbob-uskunalarimiz chinni ishlab chiqarishga moslashmagan edi. Bu ishlarda bizning zavodda bosh injener texnolog vazifasida ishlayotgan Keramika bo‘yicha yagona mutaxassis R.Avazovning turmush o‘rtog‘i Flora Jo‘rayeva rahbar va madadkor bo‘lib turdi.

Oradan yillar o‘tdi.

Ro‘zimurod Avazov mustaqillik yillarida Xalq deputatlari qishloq kengashi raisi, 18-sovxoz, N.Murodov nomli 8-sovxozlar direktori, Muzrabot tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, 2003 yildan 2017 yilgacha 14 yil Sherobod tumani hokimi vazifalarida ishladi.

Ro‘zimurod Avazov hokimlik vazifasida ish boshlaganda uni katta va murakkab ishlar kutib turgan edi. Mustaqillikning dastlabki yillarida kolxoz-savxozlar tugatilib, ommaviy fermerlikka o‘tkazish boshlandi. Yer yerni tushunganga ham, tushunmaganga ham, ma’lumotli va ma’lumotsizga ham ommaviy bo‘lib berildi. Natijada ko‘pchilik yangi fermerlar dehqonchilikni tushunmay, paxta, g‘alla hosilini barbod qildilar. R.Avazov ishni fermerlarni tartibga tushirishdan boshladi. Avval tumanda ishlab ko‘pchilikni shaxsan taniganligi uchun qoloq fermerlarni tajribali dehqonlarga, ko‘p yil qish-loq xo‘jaligida ishlagan mutaxassislarga berdi. Ikki yilda buning natijasi ko‘rinib, reja oshirib bajariladigan bo‘ldi.

Hokimning oldida ijtimoiy sohadagi muammolar, xalqning talabiga javob berish muammosi ham ko‘ndalang turardi. Shuning uchun haftalik qabuldan tashqari, murojaatchilarni ishxonasida ham ertalab va kechqurun, hokimlik hovlisida va ko‘cha-ko‘yda ham qabul qilib, xalqning arzini tinglay boshladi. Imkon topib arzchilarning muammolarini hal qilib berar, imkoni yo‘qlarni ochiq-oydin hal qilolmaslik sabablarini tushuntirardi. O‘sha yillari o‘n to‘rt yil davomida birorta kishining hokimdan norozi bo‘lganini eshitmaganman.

U kishi sodda va kamtar bo‘libgina qolmay, xalq bilan samimiy gaplashardi. Og‘ir sharoitga qaramay, hokim ham, o‘rinbosarlari ham tumanning barcha masalalarini mashaqqat bilan bo‘lsa ham hal etardilar. Shu o‘rinda bir misolni keltirmoqchiman. Bir yili respublika rahbarlaridan biri kelib, Sherobod tumanida kam ta’minlangan oilalarning farzandlariga sunnat to‘yi o‘tkazib berdi. Shunda u kishi Sherobod tumani hokimi Ro‘zimurod Avazovning shaxsiy avtomashinasida yurganini ko‘rib xizmat mashinasini so‘radi.

Shunda Avazov:

— Eskirib tugab qoldi, yangisini so‘ragim kelmayapti. O‘zimniki ham yarab turibdi.

So‘ngra boyagi respublikadan kelgan rahbar: “Bunday bo‘lmaydi. Qishloq yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir. Ayniqsa, tumanda tog‘ qishloqlari ko‘p ekan”, deya Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, tuman hokimligi uchun xizmat avtomashinasi ajratishlarini so‘radi.

Savol tug‘iladi hokim o‘z mashinasida yurar ekan,  uning o‘rinbosarlari qanday ish olib bordi ekan… 

Hokimning obodonchilik, turarjoy qurish, yirik obyektlarni ishga tushirish ham diqqat markazida edi. Masalan,       20 yillar oldin qurilishi boshlanib tugallanmay, muzlatib qo‘yilgan tuman markaziy shifoxonasi hokimning respublika tashkilotlariga yelib-yugurishi tufayli qurib bitkazildi. Uning davrida tumandagi respublika miqyosidagi sement zavodi, barcha qulayliklarga ega basseyn va 10 ming  tomoshabinga mo‘ljallangan stadioni bor sport majmuasi, aholi uchun turarjoylar qurib bitkazildi.

Shahar va qishloq ko‘chalarini asfaltlash, yangi yo‘llar qurish, shahar o‘rtasidan oqib o‘tadigan Sherobod magistral kanaliga panjara to‘siqlar o‘rnatish singarilar shular jumlasidandir.

Qisqa qilib aytganda, tumanda qishloq xo‘jaligining paxta, g‘alla va boshqa ekinlar yetishtirish 2 baravarga ko‘paydi. Aholining turmush darajasi tobora yuksalib bordi.

R.Avazov hayotining so‘nggi yillarida ham tuman va viloyat ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qildi. Tumandagi Imom Termiziy majmuasiga  rahbarlik qilib, uning tashkilotchiligida majmua atrofi obodonlashtirildi. Bu yerga keladigan mahalliy va chet elliklarga sayohat uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, arab dunyosidan kelayotgan turistlarning soni ortdi. Ular Imom Buxoriy va Imom Termiziy bobomiz qadamjolarini ikkinchi haj ziyorati deb bilar ekanlar. Majmuadan so‘ng viloyat mahalla jamg‘armasi raisi vazifasida o‘z faoliyatini davom ettirdi.

2020 yilda mamlakatimizga kirib kelgan koronavirus ofati ko‘p kishilarning umriga zomin bo‘ldi. Shu kasallik tufayli Ro‘zimurod Avazov ham bu olamni tark etdilar. Bugun xotira kuni arafasida komil va kamtar inson, tuman va viloyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan Ro‘zimurod Avazovni xotirlar ekanmiz, u uni bilgan do‘stlari va barcha viloyat, tuman ahli qalbida abadiy qolishiga shubha yo‘q.

Eshtemir NURQOBILOV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

Sherobod tumani

Oldingi sahifaO‘zini yenggan ustoz
Keyingi sahifaQoraxat

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

53 nafar fuqaro ishli boʻldi

Sho‘rchi tumanida “Murod shifo” xususiy tibbiy markazining ochilishi aholiga...

Yoshlarimiz sovrindor boʻldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘tkazilgan parayengil atletika bo‘yicha U-20...

Festival yakunlandi

Boysun tumanida o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali...

“Xotira turniri” — jasorat va matonatni ulug‘ladi

Termiz shahrida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida Sariosiyo voqealaridagi...
KunTun
KunTun