Yuksaklarga bo‘y cho‘zayotgan shahar

Date:

O‘zbekistonning janubiy darvozasi hisoblangan Termiz shahri so‘nggi yillarda jadal rivojlanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Ayniqsa, bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi infratuzilma loyihalari va investitsiya dasturlari shaharning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Viloyatimiz markazi sifatida Termiz nafaqat hudud, balki butun mamlakat uchun muhim strategik ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda Termiz shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi hammaning diqqat markazida. Bir paytlar “qumlikdan iborat joy yoki “yopiq shahar” deya tan olingan Termiz qiyofasi bugun tamoman boshqacha. Bir hafta kelmagan odam uning yangicha, chiroyli o‘zgarishidan shoshib qoladi, hatto hayronlikdan adashib qolishi ham hech gap emas. Chunki shaharda bir-biridan ko‘rkam binolar nihoyatda rang-barang tusda. Bugun shaharda 2 yoki 3 qavatli uylar o‘rnini 7, 9, hatto 12 ( loyihada 35 qavatli uylar ham rejalashtirilgan) qavatli uy-joylar qurilib, shahar eniga emas, bo‘yiga o‘sib bormoqda. Bugungi kunda Termiz shahrida 59 ta 3 275 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurib bitkazilgan.

Shaharning “Kattabog‘” MFY hududida “Yashil dunyo” markaziy dehqon oziq-ovqat bozori va savdo kompleksi faoliyat yuritadi, birgina shu bozorga tutash hududda 24/7 rejimidagi faoliyat yurituvchi gavjum ko‘cha joylashgan, shuningdek, “Bog‘ishamol” MFY hududidagi “Farovon” va “Movaro” massivlaridagi 60 ga yaqin ko‘p qavatli uylarda 24 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholi soni ortishi, albatta, shaharning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham asos bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida, yangi turar-joy massivlari, keng va zamonaviy yo‘llar, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari barpo etilishi uchun asqotuvchi jihatdir. Bir martasining o‘zida shaharda 20 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarning asfalt qilinishi ham, bir emas 2 ta 24\7 saylgohlarining ishga tushirilishi ham aholi uchun qulay shart-sharoitlarning yaratilishidan dalolat.

Hozir shaharda 35 ta zamonaviy, barcha qulayliklarga ega avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, bu qatnovlar ishga tushgunga qadar shaharda “Aqlli bekat”lar qurilib, ular ham zamon bilan hamnafas tarzda qurilgan edi.

Shuningdek, har bir mahallada bolalar bog‘chalari, maktablar, tibbiyot muassasalari va sport inshootlari qurilishi aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ayni damda shaharda 7 ta oilaviy poliklinika faoliyati ham sifatli tibbiy xizmat uchun doimiy harajkatda. Bu yerda zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari, so‘nggi rusumdagi UZI, rentgen, mamografiya apparatlari kabi jihozlar aholi salomatligini beminnat saqlash uchun xizmatda. Endi bolali ayollar farzandi sog‘ligi uchun poytaxtga emas, markazga borishadi. Bu yerda ularni malakali mutaxassislar og‘rigan jonlarga malham bo‘lishadi.

Yana bir muhim jihat, bu ta’limga e’tibordir. Chunki ta’limga e’tibor — kelajakka e’tibor hisoblanadi. Ta’lim — insonning bilim va tafakkurini boyitadigan, jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydigan eng muhim omildir. Ta’lim orqali inson nafaqat bilim oladi, balki hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlash, fikrlash va jamiyatga foyda keltirishni ham o‘rganadi. Shuning uchun ham har bir davlatning kelajagi avvalo sifatli ta’limga bog‘liq. Shaharda o‘tgan o‘quv yilida 3 116 nafar bitiruvchi umumiy o‘rta ta’lim, ixtisoslashtirilgan va Prezident maktablarini tamomlagan bo‘lsa, shulardan 13 tasi doimiy ish o‘niga ega yoshlar bo‘lsa, 1 244 nafari oliy ta’lim talabalaridir. Demak, bu raqamlar shahardagi maktablarda ta’lim sifatining barqarorligidan darakdir.

Shu bilan birga bugun shaharda kommunal infratuzilmani yangilash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Birgina misol: bugun shaharda uzoq kutilgan To‘polang suv ombori suvi deyarli butun shaharni ta’minlayapti. Toza va sifatli suv iste’molidan fuqarolar xursand.Buyuk mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniy bu shahar haqida shunday yozgan edi: “Surxon zamini, ayniqsa, Termiz qadimdan ilm-fan va madaniyat beshiklaridan biri bo‘lib kelgan”. Darhaqiqat, bugun yana bir muhim jihat, ya’ni turizm va madaniy meros rivoji barqaror o‘sishda.

Termiz qadimiy va boy madaniy merosga ega shahar hisoblanadi. Bu yerda joylashgan Fayoztepa, Qoratepa va Sulton Saodat majmuasi kabi tarixiy yodgorliklar sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. O‘zbekiston xalq qahramoni Abdulla Oripov: “Surxon diyorining yuragi bo‘lgan Termiz mehmondo‘stligi va boy tarixi bilan ajralib turadi”, deya haq gapni aytgan. Shu bois turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxonalar va madaniy markazlar qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hammamizga ma’lumki, qayerda turizm rivojlansa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘ladi. Prezidentimizning shu yilgi tashriflarida shaharning qoq markazida tashkil topgan Etnik shaharchaga tashriflari va bu joy haqida bildirgan iliq fikrlari hamda shu kabi ma’naviyat va tarix o‘chog‘ini tashkil etish haqidagi takliflari ham bejizga emas. Sababi, tarix — haqiqat jarchisi, ma’naviyat, yukasalish yuragidir.

Mana shu kabi keng qamrovli islohotlar bois bugun biz Amir Temur ordenli shahrimiz kelgusida yana ham rivoj topishi uchun istiqbolli rejalar belgilanib olingan. Bular shunday bir yangiliklarki, ularning har biri muhim ahamiyatga ega. Ular orasida zamonaviy turar-joy komplekslariini yanada rivojlantirish, sanoat zonalarini kengaytirish, transport va logistika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ta’lim va tibbiyot muassasalarini ko‘paytirish hamda turizm salohiyatini oshirish kabi vazifalar bor. Bu loyihalar amalga oshirilishi natijasida Termiz nafaqat janubiy hududning markazi, balki mintaqadagi yirik iqtisodiy va madaniy shaharlardan biriga aylanishi aniq.

Amalga oshirilayotgan kompleks rivojlanish dasturlari aholi farovonligini oshirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi. Ushbu islohotlar tufayli Termiz kelajakda yanada obod, qulay va rivojlangan shaharga aylanishi shubhasiz.

Dilbar Normurodova,

Xalq deputatlari Termiz shahar kengashi raisi

Oldingi sahifaMuloqot va hamkorlik
Keyingi sahifaUch avlod uchrashdi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qogʻozsiz bir kun”

Oʻzbekistonda davlat idoralarida qogʻoz sarfini keskin kamaytirish va ish...

Ochiq mavsum va keng imkoniyatlar

Turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Xalqaro bozordagi...

Muhim qaror

Sariosiyolik Abdurashid Xaliqov o‘z hayoti davomida halol mehnati bilan...

Navro‘z – hamjihatlik timsoli

Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Bandixon tumanida keng ko‘lamli...
KunTun
KunTun