Suv – bu hayot. U inson tanasining 70 foizini, Yer sayyorasining esa uchdan ikki qismini tashkil etadi. Ammo bu ulkan boylikni asrash, uni toza, xavfsiz va barqaror holatda saqlab qolish – insoniyat zimmasidagi eng katta mas’uliyatdir. Ayniqsa, Surxondaryo kabi issiq iqlimli, tabiiy resurslar zaxirasi cheklangan hududda suv ta’minoti tizimining to‘g‘ri ishlashi hayot sifatining o‘lchoviga aylanadi.
Bugungi kunda viloyatda suv resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish va tarmoqlar barqarorligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan keng ko‘lamli nazorat va tahliliy ishlar olib borilmoqda.
Nazorat – ishonch garovi
2026-yilning yanvar oyida o‘tkazilgan tizimli tekshiruvlar davomida viloyat miqyosida ichimlik va oqova suv tarmoqlarida texnik xizmat sifati, ulanishlarning qonuniyligi va suv ta’minoti holati har tomonlama o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, suv tizimidagi har bir nuqta ustidan qat’iy nazoratning mavjudligi, suv sarfi va hisoblagichlar ishini doimiy tahlil qilib borish – barqaror ta’minotning eng muhim kafolatidir.
Tekshiruvlar davomida 20 ta noqonuniy ulanish holati aniqlanib, bartaraf etildi. 27 ta ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha 96 million so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi. 1 ta holatda noqonuniy ulanish holati oqibatida 164,2 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlanib, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat tartib-intizomni kuchaytirish, balki suvdan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirishda ham muhim omil bo‘ldi.
Texnik barqarorlik – sifat poydevori
Hududdagi suv tarmoqlarida yuzaga kelgan 10 ta avariya holatiga qisqa muddat ichida choralar ko‘rilib, suv ta’minoti tiklandi. Bu – xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning tezkorligi, mas’uliyati va texnik tayyorgarligidan dalolat beradi.
Suv sifatini aniqlash maqsadida 126 ta namuna laboratoriyada tahlil qilindi. Shulardan 1 tasi sanitariya me’yorlariga to‘g‘ri kelmagan bo‘lib, darhol tegishli chora ko‘rildi. Bu kabi tizimli nazoratlar – suv sifati va xavfsizligining doimiy kafolatidir. Har bir laborator tahlil, har bir aniqlangan kamchilik xalq salomatligiga xizmat qiladi.
Xizmat qamrovi kengaymoqda
Surxondaryo viloyatida suv tarmoqlari doirasini kengaytirish ishlari ham izchil davom etmoqda. Hisobot davrida 10 ta yangi iste’molchi bilan shartnomalar tuzildi, 41 nafar fuqaro ichimlik va oqova suv xizmatlariga ulanib, barqaror ta’minotdan bahramand bo‘ldi. Bu esa suv tarmoqlarining yanada kengayib borayotganini, har bir uy, har bir mahalla toza suvga yaqinlashayotganini bildiradi.
Davlat tashkilotlarida ham tejamkorlik ustuvor
Inspeksiya xodimlari 25 ta byudjet va davlat muassasalarida suv sarfi holatini o‘rgandi. Tekshiruvlar davomida 3 turdagi kamchilik aniqlanib, 3 ta holatda 13,6 million so‘mlik ma’muriy choralar belgilandi.
Eng asosiysi, bu tadbirlar natijasida suvdan oqilona foydalanish, tejash, isrofgarchilikning oldini olish madaniyati kuchaydi. Bugun har bir tashkilot suv – bu resurs, suv – bu mas’uliyat ekanini anglamoqda.
Targ‘ibot va tushuntirish – eng samarali qurol
Suv isrofi va noqonuniy ulanishlarning oldini olish maqsadida 42 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Bu tadbirlar maktablar, kollejlar, oliy ta’lim muassasalari, tibbiyot markazlari, mahalla yig‘inlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka yetkazildi. Suvdan tejamkor foydalanish madaniyati endilikda yosh avlod qalbiga singmoqda. Chunki suvni asrash – bu hayotni asrash, kelajakni asrashdir.
Xalq murojaati – e’tiborda
2026-yilning ynvar oyi davomida 12 ta fuqaro murojaati ko‘rib chiqilib, barchasi qonunchilik doirasida ijobiy hal etildi. Har bir murojaat, har bir so‘rov – xalqning ishonchi, tizimning sinovidir. Inspeksiya jamoasi bu ishonchni oqlashni o‘zining eng muhim burchi deb biladi.
Har tomchi — mas’uliyat belgisi
Surxondaryo viloyatida ichimlik va oqova suv tizimlarining sifat va xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Qat’iy nazorat, mas’uliyatli yondashuv va xalq bilan hamkorlik natijasida viloyatda suv ta’minoti tizimi barqarorlashmoqda. Bugungi harakat – ertangi kunning kafolati. Suvni asrash, sifatni nazorat qilish va adolatli boshqaruvni ta’minlash – bu nafaqat davlat vazifasi, balki jamiyatning burchidir. Suvga bo‘lgan mas’uliyat — bu hayotga, inson salomatligiga va kelajak farovonligiga bo‘lgan sadoqatdir.
A.Daminov
Surxondaryo viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi
sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi

