Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash va hududlarni kompleks rivojlantirish ustuvor vazifaga aylangan. Ayniqsa, chekka hududlarda shahar infratuzilmasini shakllantirish, zamonaviy xizmatlar ulushini oshirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bugungi islohotlarning asosiy yo‘nalishidir. Shu ma’noda, Denov tumanining “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomiga sazovor bo‘lishi hudud hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Davlatimiz rahbarining
2025-yil 8-oktyabrdagi qarori asosida mamlakatimizning 33 ta hududiga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi berilishi belgilandi. Ushbu ro‘yxatda Denovning ham borligi bejiz emas. Janubiy vohaning eng yirik tumanlaridan biri bo‘lgan hududda 98 ta mahallada 440 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu ko‘rsatkichning o‘ziyoq hududni rivojlantirish masalasiga strategik yondashuv zarurligini anglatadi.
Tumanni jadal rivojlantirish uchun ajratilayotgan qo‘shimcha 30 milliard so‘m mablag‘ infratuzilma, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Xususan, tarixiy markaz hisoblangan Bobur mahallasini zamonaviy qiyofaga keltirish uchun sezilarli mablag‘ yo‘naltirilayotgani Denovning turistik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan muhim qadamdir.
Denovning ko‘hna tarixi va boy me’moriy merosi bugungi islohotlar markazida turibdi. “Said Otaliq” madrasasi hamda “Denov qal’asi” oralig‘idagi hududni sharqona ruhdagi zamonaviy turizm ko‘chasiga aylantirish rejalashtirilgan. Ushbu maskanda savdo va maishiy xizmat obyektlari tarixiy arxitektura uslubida barpo etilib, hudud to‘liq obodonlashtiriladi.
Rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan Mustaqillik ko‘chasi esa kelajakda tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan turizm markaziga aylanadi. Bu nafaqat sayyohlar oqimini ko‘paytiradi, balki yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham zamin yaratadi.
Rivojlanish faqat markaz bilan cheklanmaydi. Umumiy qiymati 213 milliard so‘mlik loyihalar doirasida ichimlik suvi, elektr ta’minoti, ichki yo‘llar va sug‘orish tizimlarini yaxshilash ishlari amalga oshiriladi. O‘nlab mahallalarda infratuzilmaning yaxshilanishi aholining kundalik turmush sifatini sezilarli darajada oshiradi.
Biznes infratuzilmasini rivojlantirish hisobiga 1 170 dan
ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi, mavjud minglab korxonalar faoliyatining kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu esa tumanni bosqichma-bosqich ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Denovda mavjud xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish ham ustuvor vazifalardan. Sanoat zonalari quvvatini oshirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kengayadi. Shu bilan birga, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va “yashil” sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalari hududni barqaror rivojlantirish tamoyillariga mos tarzda yangilashni ko‘zda tutadi. Ijtimoiy muassasalardan birini “Nol energiya sarfli binolar” konsepsiyasi asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlanganining o‘ziyoq denovliklar kelajakni o‘ylab harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Energiya tejovchi uskunalarni keng joriy etish, tungi yoritish tizimlarini modernizatsiya qilish va energiya auditini yo‘lga qo‘yish esa uzoq muddatli iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi.
Bugun Denovda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar oddiy qurilish yoki obodonlashtirish ishlari emas. Bu — hududni yangicha iqtisodiy model asosida rivojlantirish, odamlar hayot sifatini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va tarixiy merosni asrab-avaylashga qaratilgan tizimli siyosat natijasidir. “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomi Denov uchun shunchaki nom emas, balki mas’uliyat va imkoniyatdir. Ushbu jarayonlar izchil davom etsa, janubiy vohaning bu yirik hududi yaqin yillarda nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida ham namunali tumanlardan biriga aylanishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi.
Ibrohim YOQUBOV,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

