Oila totuvligi, farzandlar quvonchi va ularning beg‘ubor kulgisi inson hayotiga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi. Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari, ayniqsa, ularning farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ham muhim qadriyatlardan biridir.
Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va farzandlari uchun bayramona tadbir tashkil etildi.
Yorug‘ va shinam bolalar xonasida o‘tgan tadbirda jajji ishtirokchilar ota-onalari bilan birga turli qiziqarli o‘yinlar, topishmoqlar va harakatli mashg‘ulotlarda qatnashdi. Stakan terish musobaqalari, ona va opa-singillar ishtirokidagi quvnoq bellashuvlar bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bunday tadbirlar harbiy xizmatchilar oilalarida mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, farzandlarning mazmunli hordiq chiqarishiga imkon yaratish bilan birga, harbiy xizmatchilarga ham ruhiy dalda bo‘ladi. Zero, yurt osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani ado etayotgan insonlar uchun oilasi va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi katta kuchdir.
Islomjon Muxamadaliyev,
harbiy xizmatchi

