Statistik raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilda 1 911 nafar, 2024-yilda 2 214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. O‘tgan yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar
1 238 ta, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan. Bu hali katta hayot ostonasiga qadam qo‘ymay turib, yoshlarga sudlanganlik tamg‘asini qo‘yib, yorqin kelajaklariga to‘siq bo‘lishi aniq edi. Ayni jihatlarni hisobga olgan holda keyingi yillarda mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning manfaatlarini himoya qilishga, ularning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni sudlanmagan deb hisoblashning alohida tartibini belgilash zaruriyati yuzaga kelgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 23-oktyabrdagi “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikning yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu
Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi. Ya’ni Jinoyat kodeksining 77-moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan hisoblanishi belgilandi. Bundan o‘ta og‘ir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno etib belgilandi.
Akmal Babayarov,
Denov tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i

