Surxondaryo — O‘zbekiston janubidagi eng muhim daryolardan biri bo‘lib, viloyatimizning nomi ham aynan shu daryodan olingan. Daryo Amudaryoning oxirgi o‘ng irmog‘i hisoblanadi. Uning yuqori oqimi — Denov shahrigacha bo‘lgan qismi tarixan Qizilsuv nomi bilan yuritilgan. Surxondaryo o‘z manbasini Hisor tog‘larining baland qismlaridan oladi va Qorovultepa qishlog‘i yaqinida To‘polondaryo bilan Qoratog‘daryoning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Boysun va Bobotog‘ tizmalari oralig‘idan janubi-g‘arbga tomon oqib, Termiz shahri yaqinida Amudaryoga qo‘shiladi. Uning umumiy uzunligi 175 kilometr bo‘lib, agar To‘polondaryoning boshlanish qismidan hisoblanganida 297 kilometrga yetadi. Daryo havzasi shimolda Hisor tizmasi, g‘arb va janubi-g‘arbda Boysun tog‘lari, sharqda Bobotog‘ bilan chegaralangan bo‘lib, janubida Amudaryo vodiysi bilan tutashadi. Surxondaryoning eng yirik irmoqlari To‘polondaryo, Qoratog‘daryo, Sangardak-daryo (Qizilsuv) va Xo‘jaipok-daryolardan iborat. Bundan tashqari, yoz faslida deyarli qurib qoladigan, ammo bahor oqimda sernam bo‘lib turadigan bir qancha soy va jilg‘alar ham mavjud. Bu daryo ming yillardan buyon Surxon vohasining tabiatini, iqlimini, dehqonchilik madaniyatini va o‘troq hayot tarzini shakllantirishda beqiyos ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Daryoning tarixi esa juda qadimiy bo‘lib, o‘rta asr tarixiy manbalarida u “Chag‘onrud” nomi bilan qayd etilgan. Buning sababi shundaki, Surxon daryosi qadimgi Chag‘oniyon viloyatining hududidan oqib o‘tgan bo‘lib, “Chag‘on” so‘zi Chag‘oniyon atamasining soddalashgan shaklidir. Fors-tojikcha “rud” esa daryo, soy, suv yo‘li degan ma’noni beradi. Ya’ni “Chag‘onrud” — “Chag‘oniyon daryosi” demakdir. Bugungi “Surxondaryo” nomi ham ikki qismdan iborat bo‘lib, “surxon” va “daryo” so‘zlaridan tarkib topgan. “Surxon” so‘zining kelib chiqishi borasida olimlar turlicha fikrlar bildirgan. E.M.Mirzayev bu so‘zni forscha “surx” — qizil, qizg‘ish degan ma’noga bog‘laydi va daryo atrofi tuproqlari hamda geologik tuzilmalarning qizg‘ish tuslari bilan izohlaydi.
Bugun Surxondaryo o‘zining hayotbaxsh suvlari, tabiiy boyligi va tarixiy qadri bilan Surxon vohasining asosiy timsoli sifatida qadrlanadi.
Mustafo Jumayev,
TerDU o‘qituvchisi

