Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmalari tomonidan Sherobod tumanida korrupsiyaning oldini olish, halollik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Suhbat jarayonida Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasining Surxondaryo viloyati boshqarmalari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurash ustuvor vazifa etib belgilanganligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi eng xavfli illatlardan biri bo‘lib, unga qarshi kurashish ishlari 2026-yilda yanada kuchaytiriladi. Davlat idoralarida komplayens va ichki nazorat tizimini kuchaytirish, shuningdek, har bir mansabdor shaxsning shaxsiy javobgarligini oshirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Shuningdek, profilaktik suhbat davomida manfaatlar to‘qnashuvi, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish, vositachilik va uchinchi shaxslar aralashuvi kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolar bilan ochiq va shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali tizimda ishonchli muhitni shakllantirish muhimligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar qonuniy tartibda o‘rganilib, ularga tegishli tushuntirishlar berildi hamda murojaatlarning ijobiy hal etilishi ta’minlandi.
Suhbat yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid PF–270-son Farmon talablarini so‘zsiz bajarish, barcha xodimlarning halol va vijdonan xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

