Moziygoh emas, mazzagoh bo‘lsin!

Date:

Oxirgi marta qachon muzeyga bordingiz? Bolaligingizda avtobusda nafasingiz qaytib birrovga kirib chiqqan muzeyingiz haqida gap ketmayapti. Yoki muzey hovlisida o‘tirib, pista chaqib, g‘iybatni qarsillatganingiz ham muzeyga borishni ifodalay olmaydi. Sizdan farqli o‘laroq, bolalarim bilan moziygohga tashrif buyurdik… Agar yaqin kunlarda Siz ham borgan bo‘lsangiz, hozir aytadiganlarimga siz ham qo‘shilishingiz tabiiy…
Bolalar uchun tekin!!!
Termiz arxeologiya muzeyiga borgan kunimiz farzandlarim uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Chunki ular bu muhtasham binoni Xorazm deb yurarkan. Muzeyga kirishimiz bilan xushmuomala xodima tabassum bilan qarshi oldi va bolalarimga zavqli tomosha tiladi. Ta’kidlash o‘rinliki, haftaning belgilangan kunlari farzandlariga hamrohlik qilgan ota-onalar uchun ham kirish bepul ekan… Zal bo‘ylab aylanar ekanmiz, eksponatlar qiymatini bolalarimga tushuntirguncha aqlim ketdi. Nimaga siniq narsalar terib qo‘yilganini-yu darz ketgan idishni ham ishlatib bo‘lmasligini bot-bot takrorlagan juftimning ham tushuntirishga gapi qolmadi. Asliyam, bunday savollarga nima deb javob berish mumkin… Juda ajoyib sayohat, ko‘ngil to‘q, taassurotlar esa olam-olam. Muzeydan chiqishda sotib olingan xushpullakni chinqirtirib chalgancha, tinimsiz savol bergan bolalar bilan uyga kelguncha bo‘larimiz bo‘ldi. Lekin yurak yutib, yana muzeyga borishga qaror qildik. Bu safar Viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga sayohat uyushtirdik. Bu yerdagi sayohatimiz yakshanba kuniga to‘gri kelganligi uchunmi, nimagadir zerikarli kechdi. Bolalarning ham qiziqishi unchalik oshib-toshgani yo‘q. Miltiqlarni ko‘rgan o‘glimning hayrati-yu ilk neandertal oilaning maketini ko‘rgan qizimning qo‘rquvini aytmasak, esda qolarli voqea ham bo‘lmadi…

O‘n ming so‘m — qadrsizlik narximi?


Muzeyga kirish narxini kattalar uchun 10 ming so‘m ekanligini aytgan eshikog‘asining uyquchan qiyofasidan tushunish mumkinki, muzeyda zavq yo‘q… Shundan buyon dunyo muzeylarini kuzatishga kirishdim. Ishonasizmi, jahonning shunday muzeylari bor ekanki, odamlar faqatgina o‘sha muzeylar uchungina shu shaharga, ehtimol mamlakatga tashrif buyuradi. Har ikki muzeyda ham soatga yetar-yetmas sayohatimiz davomida bor-yo‘g‘i ikki nafar oilaga guvoh bo‘ldik. Demakki, muzeylarimiz gavjum emas…
Qolaversa, dunyoning top muzeylariga to‘lov muzeydan chiqishda to‘lanadi. Eksponatlarga qancha vaqt mahliyo bo‘lgan bo‘lsangiz, shunga qarab narx to‘laysiz… bizda-chi?! Uytib-shuytib, muzeylarimiz ehtimol tarixni namoyish etib-da tarixga aylanib qoldimikan deb o‘yga toldim. “Muzeydagi tun” filmini ko‘rganimdan so‘ng, uydagilarim meni ham muzeyga olib borishsa edi, uzoq kutganman. Pul yig‘ib muzeyga boraman deb adashib qolganim ham esimda. Lekin muzeylar shunga arziyaptimi?! Qiymat jihatdan dunyo muzeylari bilan raqobatlasha oladi, ammo tashrif borasida yuz qizarishi tayin.


Muzeylarda nima kam, nima ortiq


Muzeylarni yanada qiziqarli, jonli va tashrif buyuruvchilar uchun esda qolarli qilish uchun nimalar kerakligi haqida qilingan uzo-oq muhokamadan so‘ng, tashkilotchilarga yoqsa-yoqmasa, bir necha amaliy va kreativ takliflarga to‘xtaldik. Sizlarga ham ilindimki, aniq bu fikrlar sizning ham xayolingizni band etgan.

  1. Interfaol zonalar yaratish
    QR-kodli audiogid muzeylarimizda paydo bo‘libdi-yu ammo sensorli ekranlar noyob masala… Eksponatning tarixini 3D ko‘rinishda ko‘rish, detallarni kattalashtirish, voqealarni “jonlantirish” imkoniyati sayohatni esda qolarli qilishi tabiiy. Narxi qimmat bo‘ladi-yu lekin bu zerikishdan qutqaradi. Tasavvur qiling, o‘lkashunoslik muzeyi — hayvonlar tasviri, uning somon to‘ldirilgan, yungi to‘kilgan, qo‘rqinchli qiyofasi emas, tirik va erkin qiyofasi… Menimcha, bundan ortiq zavq bo‘lmasa kerak?!
  2. Fotozonalar va “Instagram-friendly” burchaklar
    Tarixiy liboslar, dekoratsiyalar, maket sahnalar bilan bepul fotosessiya burchaklari.
  3. “O‘tmishga sayohat” tematik dekor bunda ayni muddao. Ayniqsa, Arxeologiya muzeyida namoyish etilayotgan Amir Temur davrida foydalanilgan zirhli kiyim va nayzadan foydalanish, kiyib ko‘rish imkoni — ayni o‘sha eksponat bo‘lishi shart emas (shunga o‘xshatib ishlangan nusxa nazarda tutilmoqda). Yoki tarix va madaniyat muzeyidagi liboslar kolleksiyasidan foydalanish imkoni. Menimcha, chevarlarimiz shu andozada bir emas, o‘nlab libos yarata oladi. Bu, albatta, ommalashadi. Ijtimoiy sahifalardagi bu talqin esa muzeyga tashrif buyuruvchilar sonining oshishiga xizmat qiladi.
  4. Tajriba asosidagi ta’lim (Experimental learning) — bu taklif juda o‘rinli deb bilaman. Muzey eksponatlarida paxta chigillaydigan uskunani ko‘rsatib, bolaligimdagi voqealarni aytsam, hattoki rafiqam ham bu kabi qurilmani ko‘rmaganini aytdi. Bu taklif esa foydalanib ko‘rish zavqini his ettiradi. Paxta chigillash, yungdan ip yigirish, ipni bo‘yash, gilam to‘qish, kashta to‘qish va hokazolar! Bir masterning ishga olinishi va uning o‘rgatishi evaziga yangicha trend yaratiladi. Birorta so‘zana yaratilsa, yanada qiziqroq bo‘ladi. Kimki o‘rganganidan foydalanib, o‘z ismini so‘zanaga tiksa, undan keyingi kishi davom ettirsa… Bu juda qizg‘in jarayon. Kishiga yana muzeyga kelish hissini beradi. Chunki uning so‘zanasi davomida yana kimlar ismini yozadi?! Bu, albatta, qiziq bo‘ladi. Chunki psixologlar odam miyasi ishni tugatishga harakat qilishini ta’kidlashadi. Demakki, so‘zananing yakuni qiziq bo‘ladi…
    Va yoki ustaxona mashg‘ulotlari: minikulolchilik, miniatyura, yog‘och o‘ymakorligi mahorat darslari — o‘zbek hunarmandlari shourumlarida ommalashgan esa-da, muzeylarda bu yangilik bo‘ladi aniq…
  5. Jonli sahna ko‘rinishlari
    “Muzey ichida teatr”: Ma’lum vaqt oralig‘ida aktyorlar tarixiy obrazlarda chiqish qiladi. Tarixiy voqealarni
    5 daqiqalik sahna
    sifatida ko‘rsatish esa yuqorida aytganim “Muzeydagi tun”dan ilhomlanilgan g‘oya. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, o‘smir yillarim Termiz arxeologiya muzeyiga Yangi yil arafasida borganimda muzey xodimlari bayram qahramonlari bo‘lib, bolalar bilan zavqlanishgani esimda. Buni bizning san’atsevarlar uddalashadi aniq…
  6. Bolalar uchun alohida dasturlar
    “Qidiruv o‘yini” dasturini shunchaki taklif qilmoqchiman. Arxeologiya muzeyidagi tanishuvdan so‘ng bola har bir bo‘lim yakunida onlayn test topshiradi — to‘gri javoblar ball hisobida yakunda hisoblanadi. Va yoki muzey bo‘ylab yashiringan belgilarni topish, yakunda kichik sovg‘a. Va yoki rasm chizish burchagi ham bola iqtidorini shakllantirishda, ularni muzeylarga qiziqishini oshirishda foydalidir. Tashrifchining chizgan rasmi muzey devoriga joylashtiriladi. Qanday ajoyib. Har ikki muzeyda ham galereya bor…
  7. AR/VR texnologiyalari — VR ko‘zoynaklar orqali tarixiy shaharni 3D ko‘rish imkoniyatini hech kim rad eta olmaydi. Zotan, Dalvarzintepadagi hayotni maketdan anglash qiyin…
  8. Atmosfera yaratish juda ham muhim. Chunki tuflining taq-tuqi-yu pichir-pichirdan boshqa hech narsa eshitilmaydigan zallarda yangrab turgan fon musiqasi, yorug‘lik dizayni ajoyib kayfiyat ulashadi. Ayniqsa, kechki va tungi ekskursiyalar — “Night at the Museum” stili biz uchun zarur. Chunki ota-onalarning ko‘pchiligi ayni kechki payt bo‘sh bo‘ladi. Deyarli bolalar ham… Yakshanbaga taqab qo‘yilgan uy ishlari ro‘yxatiga esa biror ayol xiyonat qilmaydi — demoqchimanki, yakshanba kunlari muzeyga borishga vaqt topadigan sihli onalar kam…
  9. Maxsus haftalik yoki oylik mavzular rejasi, ijtimoiy tarmoqlarda faollik. “Qadimgi yozuvlar haftaligi”, “Termiz tarixi oyligi”, “Sehrli gilamlar”, “Foytunda sayr”. Foytunga minish ertaklarga oshufta kishilar uchun yana bir motivatsiya — bu uchun muzeyga borish arzirlidir.
  10. Bilmadim, bular amalga oshsa, muzey narxi qimmatlashar, lekin nima bo‘lganda ham, muzeylar kerak. Ayniqsa, davlatning shunday muhtasham binolari ajratilgan ekan, munosabat tubdan qayta ko‘rilishi shart. Mahobat binoda emas, uning ichidagi eksponatlar zavqi va hayratida aks etmog‘i lozim. Shunda bolalarim bilan yana qayta borardim. Ayniqsa, muzeyda tarixiy qahvaxona bo‘lsa, bolalar maydonchasi, bolalar arvachasi bilan aylanish imkoniyati bo‘lsa, ishonavering, muzeydan chiqqingiz kelmay qoladi.

Xurshid KARSHIYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun