O‘zbekiston — qadimiy tarix, boy madaniyat va beqiyos me’moriy merosga ega yurt sifatida jahon turizm xaritasida tobora yuksak o‘rinni egallab bormoqda.Mamlakatimizning deyarli har bir hududi o‘ziga xos tarixiy qadamjolari, san’at yodgorliklari va tabiiy manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Shu jihatdan, Surxondaryo viloyati alohida e’tiborga sazovor. Bu zaminda qadim sivilizatsiyalar izlari, buyuk ajdodlar xotirasi, tabiatning betakror go‘zalligi va diniy-ma’naviy ziyorat maskanlari uyg‘unlashgan. Ayniqsa, Surxondaryoning eng yirik va qadimiy arxeologik manzillaridan biri — Dalvarzintepa yodgorligi bugungi kunda nafaqat tarixiy tadqiqotlar, balki turizm sohasining rivojlanishida ham muhim o‘rin tutmoqda.
Mazkur qadimiy shahar xarobalari viloyatning madaniy merosi sifatida ichki va xalqaro sayyohlar uchun bebaho maskanga aylangan. Dalvarzintepa bugun Surxondaryoning nafaqat o‘tmishini, balki zamonaviy turizm salohiyatini ham yoritib beruvchi, xalqimiz sivilizatsion ildizlarini eslatuvchi tirik tarix bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sho‘rchi tumani markazidan uncha uzoq bo‘lmagan, 10 kilometr shimoli-sharqda, qadim tarixning jimjit guvohi — Dalvarzintepa xarobalari joylashgan. Qariyb 47 gektar maydonni egallagan bu qadimiy shahar, o‘z davrida Kushon podsholigining dastlabki poytaxti bo‘lgan, degan fikrni tarixchilar e’tirof etishadi. Dalvarzintepa oddiy manzilgoh emas, u ikki qism-dan — shoh saroyi joylashgan qal’a va shaharning o‘zidan iborat. Qal’aning devorlari o‘n metrgacha qalinlikda bo‘lib, butun shaharni qudratli istehkom bilan o‘rab turgan. Bu yerda o‘z davrining eng ilg‘or kishilari — aslzodalar, savdogarlar, hunarmandlar va ruhoniylar istiqomat qilgan.
Dalvarzintepa nomi tarix faniga XX asrning ikkinchi yarmida kirib keldi. 1962-yilda O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining ekspeditsiyasi bu yerda dastlabki izlanishlar olib borildi.
1989-yildan boshlab O‘zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi va Yaponiyaning Tokiodagi Soka universiteti hamda Kashixara arxeologiya instituti olimlari professor Kyudzo Kato rahbarligida yangi bosqichdagi tadqiqotlar boshlandi.
Bugun bu ilmiy hamkorlik orqali Markaziy Osiyoda buddaviylik tarixi, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, Kushonlar davridagi diniy e’tiqodlar va shaharsozlik madaniyati haqida yanada chuqurroq ma’lumotlar olinmoqda.
Dalvarzintepa o‘zida tarix, san’at va inson tafakkurining uyg‘unligini mujassam etgan. Uning tarixiy, diniy va madaniy qimmati ziyorat turizmini rivojlantirish, ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish va milliy merosni asrash jarayonida beqiyos rol o‘ynaydi. Ushbu qadimiy maskan nafaqat ruhiy poklanish manbayi, balki xalqimizning o‘lmas tarixiy xotirasi va madaniy merosini saqlovchi bebaho obidadir.
Mamasoat Raimov,
TerDU o‘qituvchisi

