Bugungi kunda dunyo misli ko‘rilmagan darajada tez o‘zgarmoqda. Axborot texnologiyalari, internet va ijtimoiy tarmoqlar insoniyat hayotini tubdan o‘zgartirdi. Bir paytlar uzoq bo‘lgan masofalar hozir bir necha soniyada “yaqinlashdi”. Turli xalqlar o‘rtasidagi aloqalar kuchayib, g‘oyalar va madaniyatlar o‘zaro aralashmoqda. Bu jarayon globallashuv deb ataladi va u zamonaviy hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.
Shu bilan birga, globallashuv faqat imkoniyatlar eshigini ochibgina qolmay, muayyan xavf-xatarlarni ham olib kelmoqda. Eng muhim masalalardan biri — milliy ma’rifatni saqlash va rivojlantirishdir.
Milliy ma’rifat nima o‘zi? Bu — xalqning tarixi, tili, madaniyati, urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan bilimlar tizimi. U insonni tarbiyalaydi, uning dunyoqarashini shakllantiradi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam beradi. Milliy ma’rifat bor joyda o‘zlik bor, o‘zlik bor joyda esa barqarorlik va taraqqiyot mavjud.
Globallashuvning ijobiy jihatlari juda ko‘p. Masalan, bugun yoshlar dunyoning istalgan nuqtasidagi bilim manbalariga erkin kirish imkoniga ega. Onlayn kurslar, elektron kitoblar, xalqaro ta’lim dasturlari — bularning barchasi bilim olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shu orqali inson o‘z salohiyatini rivojlantirishi, yangi kasblarni egallashi va global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi mumkin.
Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Axborot oqimining keskin ortishi inson ongiga turli, ba’zan esa ziddiyatli g‘oyalarning kirib kelishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayniqsa, yoshlar orasida ommaviy madaniyat ta’siri kuchayib, milliy qadriyatlarga nisbatan befarqlik paydo bo‘lishi mumkin. Chet el urf-odatlari va turmush tarziga ortiqcha taqlid qilish holatlari ham uchrab turibdi.
Bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l — globallashuvdan voz kechish emas, balki undan oqilona foydalanishdir. Ya’ni zamonaviy imkoniyat-larni qabul qilgan holda, milliy ma’rifatni asrab-avaylash va uni yanada boyitish zarur.
Bu borada eng muhim vazifalardan biri ta’lim tizimi zimmasiga tushadi. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida nafaqat zamonaviy fanlar, balki milliy tarix, adabiyot va madaniyat ham chuqur o‘rgatilishi kerak. Chunki o‘z ildizini bilgan insongina kelajakni mustahkam qura oladi.
Oila ham bu jarayonda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bolaning dastlabki tarbiyasi aynan oilada shakllanadi. Agar ota-ona farzandiga milliy qadriyatlarni singdirsa, u qanday global muhitda bo‘lmasin, o‘zligini yo‘qotmaydi. Shuningdek, bugungi axborot makonida faol bo‘lish ham muhim. Milliy madaniyat, an’analar va tarixni targ‘ib qiluvchi zamonaviy, qiziqarli va sifatli kontentlar yaratish — davr talabi. Chunki yoshlar aynan internet orqali dunyoqarashini shakllantirmoqda.
Ma’rifat — bu shunchaki bilim emas. U insonning ongliligi, tafakkuri, axloqiy qarashlari va hayotga munosabatini belgilaydigan kuchdir. Ma’rifatli inson axborotni tanlay oladi, uni tahlil qiladi va to‘g‘ri xulosa chiqaradi. Demak, globallashuv sharoitida aynan ma’rifat insonni turli axborot xurujlari va begona g‘oyalardan himoya qiluvchi asosiy “qalqon” vazifasini bajaradi.
Milliy ma’rifat esa bu tushunchani yanada chuqurlashtiradi. U xalqning tarixi, tili, urf-odatlari va madaniyatiga tayanadi. Milliy ma’rifat insonda nafaqat bilim, balki o‘zlikni anglash, vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu bois, globallashuv sharoitida milliy ma’rifatni rivojlantirish — bu faqat madaniy emas, balki strategik vazifadir.
Bugungi axborot asrida eng katta boylik — bu ma’lumot emas, balki uni to‘g‘ri anglash va saralash qobiliyatidir. Aynan shu yerda ma’rifatning o‘rni beqiyos. Chunki bilimsiz inson axborot oqimida yo‘qolib ketishi mumkin, ma’rifatli inson esa undan foyda oladi.
Afsuski, ayrim hollarda yoshlar orasida yengil-yelpi axborotga qiziqish kuchayib, chuqur bilim olishga bo‘lgan intilish susaymoqda. Bu holat jamiyat ma’naviy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hech gap emas. Shuning uchun ma’rifatni ommalashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish va intellektual muhitni rivojlantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda.
Ma’rifatni rivojlantirish, avvalo, ta’lim orqali amalga oshadi. Lekin bu faqat dars bilan cheklanib qolmasligi kerak. Inson doimiy o‘qib-o‘rganishga intilishi, o‘z ustida ishlashi lozim. Kitob, ilmiy manbalar, sifatli ommaviy axborot vositalari — bularning barchasi ma’rifat manbayi hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, globallashuv — bu tabiiy jarayon. Undan chetda qolishning iloji yo‘q. Lekin bu jarayonda o‘zligimizni yo‘qotmaslik o‘z qo‘limizda. Milliy ma’rifatni saqlash va rivojlantirish orqali biz nafaqat o‘tmishni asraymiz, balki kelajakni ham mustahkam poydevor ustida quramiz. Zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashgan jamiyatgina haqiqiy taraqqiyotga erisha oladi.
Abdullaziz ABDUVAXIDOV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

