Yildan yilga ko‘ngillar torayib borayotgan esa-da yo‘llarimiz ravonlashib, kengayib bormoqda. Eni 10, 20, 30, hattoki 40 metr va undan kengroq bo‘lgan, eng so‘nggi standartlar asosida ta’mirlangan tekis yo‘llarda ham kezi kelsa, yo sig‘maymiz, yoki bizga torlik qilayotgandek tuyuladi. Shuning uchun ham yo‘llarda bir-biriga urilib, turtinadiganlar bor. Katta va ravon yo‘llarda ham to‘g‘ri yura olmayotganlarning aksariyatiga sabab ko‘ngli torligi, ruhiy muvozanatni saqlay bilmaganidir.
Irodasi mustahkam, ruhiy muvozanatini saqlay olgan, falon metr tugul atigi 5 yoki 12 millimetr yo‘ldan ham og‘ishmasdan manziliga yetganlarni, qolaversa, tor yo‘lda ham o‘z vazifasini hech bir oqsashlarsiz ado etganlarni ko‘rdik. Bu yer uzra yoyilgan katta yo‘llar emas, osmon uzra muallaq turgan arqon yo‘llar. Yerdan qaraganda misoli kiprikdek ko‘rinadigan dor ustida yurib, yugurib, velosiped haydab, akrobatik mashqlarni bajarib, o‘z san’atini elga namoyish etib kelayotgan usta-dorboz Alisher Qodirovni vohada tanimagan yoinki san’atidan bahramand bo‘lmagan kishi bo‘lmasa kerak.
Asli tojikistonlik dorboz Alisher Qodirov 15 yoshida O‘zbekistondagi pedagogika texnikumiga o‘qishga kirib, shu yerning tuprog‘i, tabiati, odamlari, qolaversa, san’ati yoqib, Surxon vohasida yashab, ijod qilib qoldi.
O‘qituvchi oilasida tug‘ilib voyaga yetgan qahramonimizning maqsadi ham avvaliga ustoz-murabbiy bo‘lish edi. Biroq usta-dorboz, polvonlar Jo‘raxo‘ja va Ergashxo‘ja Norxo‘jayevlarning Tojikistonga qilgan gastrol safarida ko‘rsatgan tomoshalarida ularning katta-katta toshlarni, tuya-yu otlarni dast ko‘tarib, mahorat bilan tomosha ko‘rsatayotgani, farzandlarining dor ustidagi o‘yinlari tomoshasida ishtirok etdi-yu, yuragiga bir o‘chmas alanga kirdi. Dorbozlarga shogird tushib, san’ati sirlaridan bahramand bo‘ldi. Ham o‘qituvchilik, ham dorbozlik qila boshladi. Jismoniy tarbiyadan saboq bergani esa dorbozlik o‘yinlarida qo‘l keldi. Chapdastlik, chayirlik kasbiga xos edi-da. Ayni vaqtda qahramonimiz Termiz shahar 1-sonli madaniyat markazida ham faoliyat yuritadi.
— Ilk bor ustozlarimning tomoshalarini ko‘rganimda ushbu san’atga juda qiziqib qoldim, ular shunchalik mahorat bilan mashqlar bajarishar ediki, osmon va yer o‘rtasida kichik arqon ustida turib bu darajada muvozanatni saqlash, tomosha ko‘rsatish ishtiyoqi menga hech tinchlik bermadi, — deydi “Surxon dorbozlari” oilaviy jamoasi rahbari va asoschisi Alisher Qodirov. — Tinimsiz mashqlar, ustozlarimning bergan ta’limi, pand-nasihatlari va ishonch bildirib tilagan oq fotihasi sabab bugun el orasida yuzi yorug‘ dorboz bo‘lib yuribman, buning uchun ustozlarimdan benihoya minnatdorman. Bir narsani angladimki, kishi biror sohaga astoydil qiziqsa, eng avvalo, ustoz kerak ekan. Ustozning tajribasi, bilimi, doimiy nazorat qilib, sohasi sirlarini o‘rgatishida gap katta ekan. 30 yildan oshibdiki, dorbozlik qilib kelaman. San’atimni ikki o‘g‘limga ham ilinib, ularga ham dorbozlikni o‘rgatdim. Alibek va Farruxlar bugun sayillarda, to‘y-u tomoshalarda, tanlovlarda ishtirok etib, xalqimizni o‘z mahoratlari bilan xushnud etib kelishmoqda. Dor o‘yinlari bilan cheklanib qolmasdan, dor tagida sirk tomoshalari, ilon o‘ynatish, shisha ustida yurish, tosh ko‘tarish, illyuziya, ya’ni fokus ko‘rsatish, shuningdek, avtomobil bilan tryuklar ko‘rsatish, dor ustida ko‘zni bog‘lagan holda yurish kabilar repertuarimizdan o‘rin olgan.
Qahramonimizdan: “Arqon ustida muallaq turish, tomosha ko‘rsatish o‘ziga xos mahoratdan tashqari kishidan ruhiy tetiklik, ichki kuch, ishonch va irodani talab qilsa kerag-a?” deya so‘raganimizda, dor ustida xayolni jamlash, diqqatni bir soniya ham chalg‘itish mumkin emas, birgina xato ham dorboz uchun xavfli bo‘lishi mumkin, iroda mustahkam, ishtiyoq va e’tibor faqat va faqat ichki muvozanatni ushlab turishda ekanligi haqida gapirib o‘tdilar. Qolaversa, tomoshabinlarning olqishi, ajoyib musiqa va xush kayfiyat ham dorbozga motivatsiya manbayi ekanligini usta-dorboz miriqib so‘zlaydi.
Balandligi 5 metr bo‘lsa, kichik dorlar, 12 metr balandlikdagisi katta dor sanaladi. Kichik dorda hech qanday himoya kamarlarisiz, kattasida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida dorbozning bel qismidan maxsus himoya kamarlari taqiladi.
— Shu kungacha dor o‘ynab, biror marta muvaffaqiyatsiz namoyish bo‘lmagani kasbimni nihoyatda sevishim, tinimsiz mashqlar qilib, har bir namoyishga puxta tayyorgarlik ko‘rishimdan, deb bilaman, — deydi qahramonimiz. — Dor ustida yurganda kishidan chaqqonlik talab etiladi, ba’zan arzimagan xatoga yo‘l qo‘yib, rolimdan adashib ketsam ham buni tomoshabinga bildirmaslikka urinaman, tryuklarim bilan xatoyimni shu zahoti to‘g‘rilab ketaman. Chunki sizga qiziqish bildirgan, chiroyli san’atni tomosha qilishga kelgan tomoshabinga xato ijro, nomukammal mashg‘ulotlarni taqdim etish, men uchun qadriyatlarimizga, muxlislarimga hurmatsizlik deb bilaman. Buni farzandlarimga ham doim uqtirib kelaman. Bugun qadriyatlarimizga, milliy san’atimizga alohida ahamiyat qaratilib, biz kabi dorbozlar uchun ham shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa bizga yanada imkoniyat va ishonch bag‘ishlaydi. Tez-tez ota yurtim Tojikistonga ham gastrol safarlariga borib turamiz. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘ni-qo‘shnichilik, qadriyatlar uyg‘unligini ta’minlash borasidagi islohotlarning bizga bergan imkoniyatidir.
Ikki o‘g‘il, bir qizning otasi bo‘lgan dorboz bolalariga ham san’atidan saboq berdi. Qizi 5-6 yoshlarida akrobatik mashqlarni bajarib, tomoshalar ko‘rsatgan bo‘lsa, keyin uning qiz bola ekanligi, kelgusi oilaviy hayotiga to‘g‘ri kelmasligini o‘ylab otasi uni boshqa sohaga yo‘naltirdi. O‘g‘illari Alibek va Farruxlar ham atak-chechak yura boshlaganidan buyon dorbozlikka ishtiyoqmand. Dastlab, endi yurishni boshlagan bolakaylar yerga, gilam ustiga uzun qilib tortilgan arqonlarda yurishni, yugurishni o‘rganishgan. Bu esa arqonda yurish, muvozanatni yo‘qotmaslik borasida dastlabki moslashuv edi. Yillar o‘tib ikki shogird ham otasidek, haqiqiy dorboz, masxaraboz bo‘lib yetishdi. Bugun har qaysisining o‘z yo‘nalishi bor. Alibek besuyak o‘yinlarini qoyillatsa, Farrux ustidan yengil avtomobillarni o‘tkazish, mashinalar bilan tryuklar bajarishga usta.
Usta-dorboz 2014-yilda “Surxon dorbozlari” oilaviy jamoasini tuzdi. Ushbu jamoa — Surxondaryo viloyatining milliy dorbozchilar jamoasi bo‘lib, ular o‘zining noyob tomoshalari bilan mashhurdir. Ushbu jamoa xalqimizning qadimiy urf-odatlarini saqlab qolish va yosh avlodga yetkazishni maqsad qilgan.
2024-yilda “Surxon dorbozlari” jamoasi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida “Eng noyob xalq tomoshasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, milliy dorbozchilar jamoasi “Milliy urf-odatlarning eng yaxshi talqini” nominatsiyasida mukofotlandi. Jamoa o‘zining tomoshalarida dorbozlik san’ati, masxarabozlik, gipnoz va telepatiya kabi elementlarni namoyish etadi. Ular tomoshabinlarni hayratga soladigan spektakllar bilan tanilgan.
Aytish kerakki, milliy dorbozlik juda murakkab. O‘z navbatida, u eng noyob va jozibador san’at yo‘nalishi hamdir. Bugun biz turli bayramlarda, festivallarda o‘zgacha ruh bag‘ishlayotgan dorbozlarimizni qay darajada bilamiz?! Agar dorbozlik va dor o‘yinlarini bir bor ko‘rgan bo‘lsangiz va sizda o‘zgacha taassurot qoldirgan bo‘lsa, hayotiy tashvishlardan bir zum bo‘lsa-da chalg‘itib o‘z san’atiga oshno eta olgan bo‘lsa, dorbozning asl maqsadi va murodi ham shu aslida.
Adolat MO‘MINOVA