Otaning so‘zi — olmosning yuzi

Date:

      Shaxs kamolotida oila bosh omil ekanligi isbot talab qilinmaydigan tamoyildir. Oilada inson tarbiyasiga asos solinadi.
      Oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta’minlovchi shaxs shakllanadi, milliy madaniyat, urf-odatlar, axloqiy qadriyatlar saqlanadi va rivojlanadi. Oila va oilaviy munosabatlar, ularning jamiyatdagi o‘rni haqida Qur’oni Karim, hadisi shariflarda, “Avesto” kabi muqaddas manbalarda, mutafakkirlarimiz  asarlarida  ibratli hikmatlar keltirilgan, nuqtai-nazarlar bayon etilgan.
    Ma’lumki, o‘zbek milliy davlatchiligining tarixi va madaniyatida ota odatda oila qo‘rg‘oni, Vatan himoyachisi, farzandlar uchun qahramonlik, mardlik namunasi, ibrat maktabi sanalgan. O‘zbek oilalarida an’anaviy tarzda erkak o‘rnining ahamiyatli ekanligi doimo e’tirof etilgan. Quyidagi xalq maqollarida ham otaga berilgan  ta’riflar  buning yaqqol misolidir. “Ota rozi — xudo rozi”, “Otaning so‘zi — olmosning yuzi”, “Ota olqishi oltin”, “Ota so‘zi pichoq”, “Otasi borning unumi bor”, “Otangni ko‘rsang, otdan tush”, “Ota dog‘i kuydirar”, “Yomg‘ir yog‘sa, to‘ning ho‘l bo‘ladi, Otang o‘lsa, uying cho‘l bo‘ladi”. Ota-ona farzand kamoli, iqboli uchun mas’ul bo‘lgan birinchi tarbiyachi, muallim hisoblanadi.

Prezidentimizning 2023-yil 13-mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo tajribasi sifatida haftaning har shanba kunlarida “Otalar yig‘ilishi” va yakshanba kunlarida “Otalar qabuli kuni”ni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Shu ko‘rsatmaga asosan har shanba kuni maktablarda “Otalar yigilishi” o‘tkazib kelinmoqda. Maqsad bitta — farzand tarbiyasida otalar mas’ulligini oshirish, ota-onalar, mahalla, ta’lim muassasasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ota va farzand o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, otalar faolligini oshirish, ta’lim tizimidagi yutuqlar va islohotlar haqida otalarning keng ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash, farzand dard-u tashvishini tinglash, ularni birgalikda bataraf etishdan iboratdir.
Nega aynan ”Otalar yig‘ilishi” o‘tkazishga ko‘rsatma berilyapti? Nega aynan maktabga otalar kelishiga ehtiyoj sezilyapti? Bugun otalar qancha vaqtini farzand tarbiyasiga ajratyapti (ajratayaptimi)? Farzand tarbiyasiga faqat onalar mas’ulmi? Oilada erkak burchini, oilaning iqtisodiy muammolarini hal etish asta-sekin ayolning, onaning zimmasiga yuklanayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Otalar doimo ro‘zg‘or “g‘ami”, tashvishida. Ayrim ota-onalarni farzandining kelajagi emas, balki “kim o‘zar”ga qilinadigan dabdabali to‘ylar, keraksiz hashamat, ahamiyatsiz sarpo-suruqlar yig‘ish qiziqtiradi. Bu “orzu-havas”ni ro‘yobga chiqarish uchun begona yurtlarda, qiyin sharoitlarda ishlaydi. Bu dabdabalar hayotning mazmunimi? Kim bu “udum”larni “kashf” qilgan? Hech kim! O‘zimiz. Mol-u dunyoga o‘chligimiz. Xorijda maqsadsiz tadbirlar, to‘y-u hashamlar uchun ishlayotgan otalar o‘rnini kim bosadi? Onalarnichi? Otadek maslahatni kim bera oladi, kim otadek o‘rgata oladi? Kim bugungi globallashgan davrda hayotni endi tushuna, bila boshlagan bolaga, o‘smirga murakkab dunyoning murakkabligini hijjalab tushuntiradi? Ota bo‘lish oson, ammo otalik qilish qiyin.
2020-yil 3-sentyabrda qabul qilingan Ta’lim to‘g‘risidagi Qonunning 51-moddasida voyaga yetmagan ta’lim oluvchilar ota-onasining hamda boshqa qonuniy vakillarining huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’ulligi belgilangan bo‘lsa-da, ota-onalar befarq bo‘lmoqda. To‘ylarga, tug‘ilgan kunlarga, turli maishiy tadbirlarga vaqt topgan, ammo maktabga kelib, farzand ta’lim-tarbiyasidan xabar olmagan, kelajagiga befarq bo‘lgan, taqdiri uchun qayg‘urmagan otalar keyin kech bo‘lishini nahot anglamasa? Oiladagi tarbiya jarayonida har bir daqiqa va fursatni boy berish orqali ota-onalar keyinchalik ko‘pgina qiyinchiliklarga duch keladilar. Oiladagi nazoratsizlikdan umri xazon bo‘lgan yoshlar kammi? Ayrim bolalar ta’lim-tarbiyasidagi salbiy o‘zgarishlar, o‘zaro nizoga borish, ziddiyatlar kuchayishining boisi nimada? Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, jinoyatlar shundan emasmi? Yusuf Xos Hojibning: “Agar bolaning xulqi yomon bo‘lsa, bunda bolaning aybi yo‘q, hamma ayb otasida” yoxud Alisher Navoiyning “Tarbiya ulug‘ ish, odob urug‘ini ekkan odamning hosili javohir bo‘ladi” degan hikmatlari bejizgamasdir.
Bir kuni dars o‘tayotib, o‘quvchilarga: “Samarqand shahriga kiraverishda bir yozuv bor. Shu yozuvga havasim keladi. Qani endi bizning viloyat, shahar kiraverishida ham shu yozuv yozilsa”, dedim. O‘quvchilar: “ustoz ,nima deb yozilgan ekan?” deyishdi. Men kulib: “Savolning javobi dushanba kunigacha qabul qilinadi” dedim. Dushanba kuni shu sinfda darsim bor edi. Darsni boshlashimdan avval o‘quvchi xonaga yugurib kirib: “Ustoz, savolingizning javobini topdim. Otam bilan topdik! Otam ham bilmas ekanlar. Yakshanba kuni Samarqandga borib keldik. “Amir Temur ordenli Samarqand shahriga xush kelibsiz!” deb yozilgan ekan”, dedi. O‘quvchi rag‘batlantirildi. Otasiga qo‘ng‘iroq qilib, savolga javob topish uchun shuncha yo‘l bosib kelganiga, befarq bo‘lmaganiga tashakkur bildirdim. Hech qancha vaqt o‘tmay, yaxshi niyatimiz amalga oshib, Termiz shahriga ham Amir Temur ordeni berildi. To‘g‘ri, namunali, o‘rnak bo‘ladigan, ibrat oladigan, havas qiladigan otalar, oilalar ko‘p. Ammo shu ta’rifga noloyiqlar ham yo‘q emas.
O‘tkan shanba kuni “otalar yig‘ilishi”ni o‘tkazdik. Yig‘ilish so‘nggida qiziqarli o‘yin o‘tkazildi. O‘yin sharti farzand tomonidan yozilgan tilakni yozuviga qarab topib o‘qish edi. Yozuvini tanimagan ota uchun fazarzandining tilagini o‘qish “armon” bo‘lib qoladi. O‘yin boshlandi. Farzandining husnixatini tanib, tilagini hayrat, zavq-shavq, ko‘z yosh bilan o‘qiganlar, farzandining yozuvini tanimay, topolmay, tilagini o‘qiyolmay mulzam bo‘lib qolgan otalar ham bo‘ldi. Bu holat otalar uchun katta hayotiy dars, saboq bo‘ldi. Xulosa qilindi.
Turmush tajribalaridan shu narsa ma’lumki, ota-onaning obro‘si davlat va oila a’zolari oldida javobgarlikni his qilishdan boshlanadi. Oilada qat’iy intizom va kun tartibining bo‘lishi bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi. Sog‘lom avlodni tarbiyalash har bir insonning insoniy burchidir. Prezidentimiz aytganlaridek: “Najot faqat ta’limda, tarbiyada! Zero, sog‘lom oila muhitida tarbiyalangan farzandlar el-u yurtning umidi, ishonchi, suyanadigan tog‘i hisoblanadi.

Gulchehra ASHUROVA,
Termiz shahridagi 13-maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun