Tahsinga sazovor tanlov

Date:

Bolani tarbiyalashda, iqtidorini ro‘yobga chiqarishda san’atning ahamiyati beqiyos. San’atning qay turi bo‘lmasin, iste’dod, layoqat muhim. Iqtidori sayqal topmagan yoshning vaqtida kashf etilmagan iste’dodi, albatta, iste’dodi o‘z o‘rnini topa olmaydi. Ammo hechdan ko‘ra kech deganlaridek, bunday e’tiborsizlikni endigina yetishib kelayotgan yoshlar taqdirida takrorlamaslik lozim. Shu sababdan ham sport va san’atda, ilm-fanda — umuman barcha jabhalarda sohasining egalarini kashf etish maqsadida tanlovlar, tadbirlar, to‘garaklar tashkil etilgan.

“Turon” maktab teatri tanlovining tashkil etilgani ham ayni sa’y-harakatlarning davomi deyish mumkin. Tanlov tashkil etilganiga bir yildan oshiq vaqt o‘tganida qaramay, bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Tanlov bahonasida maktablarda, sinflarda aktyorlik mahorati bor yoshlar saralandi, teatr jamoalari tashkil etildi. O‘tgan muddat ichida g‘olibmi, mag‘lubmi, yoshlarning shashti-ishtiyoqi so‘nmadi. Ular o‘zligini topgan ayni yo‘nalishda ijodiy ishlarni boshlab yuborishdi. Natija esa o‘ylanganidek. Teatr jamoalarining repertuarida allaqachon bir nechta ijodiy namoyishlar tayyorlandi. Hatto yoshlar o‘z senariylari asosda spektakllar sahnalashtirishga muvaffaq bo‘lgani ham aslida bir yutuq.

Tanlovning maktab, shahar va tuman bosqichlarida iqtidorli jamoalar saralangan edi. Shahar va tumanlarning eng sara, eng iqtidorlilari esa “Turon” maktab teatri” tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etish uchun qizg‘in va puxta tayyorgarlik ko‘rishgani ham bor gap.

Erta tongdan Termiz shahridagi San’at saroyida jam bo‘lgan san’atsevar yoshlar o‘z iqtidor va mahoratlarini namoyish uchun jam bo‘ldilar. Tanlovning viloyat bosqichi ko‘tarinki ruhda va tantanavor tarzda boshlandi. San’at saroyi foyesida tashkil etilgan ko‘rgazmadan bilish mumkinki, tanlovga puxta hozirlik ko‘rilgan. Hakam sifatida poytaxtdan tashrif buyurgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Shohida Ismoilova  va Valijon Shamsiyevlar ishtirokchi jamoalarning chiqishlardagi mahoratlarini baholab bordilar.

O‘quvchilar tanishtiruv shartida ta’lim muassasasi faoliyatini keng yoritishdi.  Savol-javoblarda teatr borasidagi bilimlar sinovdan o‘tkazildi. Jamoalar savollarning barchasiga to‘la-to‘kis javob bera olmagan esa-da, ahillik, hozirjavoblik, topqirlik bilan javob qaytarishdi.

Kunning ikkinchi yarmida jamoalar o‘z sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi. Aytish kerakki, hakamlar hay’ati bilan bir qatorda, yosh tomoshabinlarning ham olqishiga, e’tiboriga, e’tirofiga sazovor bo‘lish oson emas. Bunday jihatlarga sazovor bo‘lish uchun sahnada yaxshigina ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Oltinsoy va Jarqo‘rg‘on tumanidan tashrif buyurgan o‘quvchilarning ishtiroki tahsinga sazovor. Boysunlik maktab teatr jamoasi esa yaqqol ustunlik qilishayotganini tomoshabinlarning hayqirig‘-u olqishlari isbotlab turdi.

—  Bugun sahnaga chiqqan yoshlarni kuzata turib, to‘g‘risi, qoyil qoldim, — deydi G.Ashurova. — Holbuki, ular aktyorlik sabog‘ini olmagan.  Ammo iqtidorlari shu qadar ochilganki, tanlagan mavzusini to‘la yoritib bera olgan. Ushbu tashabbus sabab ko‘plab iqtidorlar charxlanmoqda, yarq etib yuzaga chiqmoqda. Albatta, bu mehnatning, qiziqishning samarasi, mevasidir.

Sahna ko‘rinishlarida milliy xalq qahramonlari, Alpomish, Barchinoylar, Jaloliddin Manguberdi kabi tarixiy obrazlar jonlandi. Har bir chiqishda sahna madaniyati, eskizlarga jiddiy ahamiyat berilganki, xullas, ishga professional darajada yondashilgan.

—  O‘tgan yili tanlovda ishtirokchi sifatida ishtirok etib, nominatsiya g‘olibi bo‘lgan edik, — deydi Termiz shahridagi 13-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Javohir Teshayev. — Bu safar esa tomoshabin sifatida ishtirok etib, to‘g‘risi, tengdoshlarimni havas bilan kuzatdim. Shuni aytishim kerakki, ushbu tanlov bahonasida maktablarda teatr jamoalarining tashkil etilishi kelajagimda tub burilish yasadi. Kelajakda qaysi kasbni tanlashni so‘rashganda ikkilanib, bir qarorga kela olmasdim. Endi esa san’at sohasida o‘qishni, aktyor bo‘lishni maqsad qildim va ayni yo‘nalishda ijodiy izlanishdaman.

Sahna ko‘rinishi sharti jamoalarning mahoratini, mehnati-yu tayyorgarliklarini yuzaga chiqardi. Tanlangan mavzular rang-barang, muhim, dolzarb ahamiyatga ega. Yondashuv, ijro esa alohida bir mavzu. E’tiborlisi, ijro etayotgan har bir yosh sahnada yashab, o‘z obrazini his eta olgan. Tomoshabinlar esa o‘tkazgan vaqtiga sira achinishmagani aniq.

Albatta, mana shunday mahoratlar, iqtidorlar sinovida g‘olibni aniqlash oson emas. Jarqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab jamoasi ana shunday mashaqqat va sinovlardan o‘tib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun