SURXONDARYOGA NEGA XITOYDAN CHIGIT KELTIRILMOQDA?

Date:

Bu yil viloyatimiz paxtakorlari 62 850 gektar maydonga chigit ekishni rejalashtirmoqda. Jumladan, viloyatimizning Denov, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Uzun, Sho‘rchi, Sherobod, Muzrabot, Sariosiyo va Termiz tumanlarida jami 16 ming gektar maydonga Xitoy davlatidan keltirilgan “Xin Lu Zao-78” hamda “Xin Lu Zao-52” g‘o‘za navlari chigiti ekiladi. Ushbu g‘o‘za navlari Xitoy davlatining Shinjon avtonom hududida yaratilgan va Chin davlati yerlarining katta qismida o‘stirilib, yuqori hosil olinmoqda. Vohamiz dehqonlari ushbu navlar chigitini ekishga puxta hozirlik ko‘ryapti: yetarlicha urug‘lik chigit keltirilgan va ushbu navlar chigitini ekish uchun maxsus seyalkalar olib kelindi.
Xo‘sh, Surxondaryoda voha iqlimiga mos, hosildorligi ancha baland, tajribada sinalgan g‘o‘za navlari chigiti yetarli bo‘lishiga qaramay, nega aynan Xitoy davlatidan yangi g‘o‘za navlari chigiti keltirilyapti va bu navlar chigitini ekish uchun katta maydon, ya’ni 16 ming gektar yer ajratilmoqda, degan savol tug‘iladi. Sabab shuki, bu navlar paxtasining tolasi ingichka, uzun va pishiq, sifati yuqori bo‘lishi bilan jahon bozorida boshqa davlatlarda yetishtirilayotgan paxtaning bahosiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Jumladan, jahon bozorida Markaziy Osiyo respublikalarida yetishtirilgan paxta xomashyosiga ehtiyoj birmuncha pasaygan. Eng muhim jihati shundaki, Xitoy davlati yerlarida yetishtirilayotgan paxtalar tolasini ma’lum bir sharoitda bir necha yil saqlash mumkin bo‘lib, sifatini sira yo‘qotmaydi. Xitoy paxtasi tolasi sifati pishiqligi bois kuch bilan tortganda ham uzilmaydi, kasallik va hasharotlarga chidamli, mashinada terishga mo‘ljallangan, jahon standartlari talabiga mos. Shu afzalliklari inobatga olinib, viloyatimizga Xitoy davlatida yetishtirilgan serhosil g‘o‘za navlari chigiti keltirildi va katta maydonda ekiladi.
Dehqonlarimizga ushbu maqolamizda Xitoy davlatidan olib kelingan “Xin Lu Zao-78” va “Xin Lu Zao-52” g‘o‘za navlarining qimmatli xo‘jalik belgilari va parvarishlash agrotexnologiyalar bo‘yicha o‘zimizning tavsiyalarimizni berib o‘tamiz: ushbu navlar g‘o‘zasi balandligi 85-110 santimetrdan oshmaydi, o‘suv, ya’ni parvarishlash davri 115-120 kunni tashkil qiladi. Ko‘saklari cho‘zinchoq shaklda, har bir chanoqdagi paxtasi og‘irligi 5,5-7 gramdan iborat bo‘lib, tola chiqishi 42 foizdan ziyod, agrotexnika talablariga qat’iy amal qilinib parvarish qilinsa, har gektar maydondan o‘rtacha 75 sentnergacha hosil olish mumkin.
Chigitini ekish uchun optimal muddat — aprelning 5-15-kunlari. Tuproqda harorat 14 darajaga yetganda 10 santimetr chuqurlikda, sho‘r maydonlarda tuproq harorati 17 darajaga yetganda chigitini ekish mumkin. Chigitini asosan qo‘shqatorlab 76 santimetr qo‘shqator (66+10), (60×30), (76×14) sxema kenglikda ekish tavsiya qilinadi. Chigit qo‘shqatorda ekilib, plyonka ostida parvarishlanganda, to‘liq tup son olinadi. Yosh nihollar 3-4 kun erta unib chiqadi, hosili 5-7 kun erta pishib yetiladi.
Yaganalash davrida har gektar maydonga o‘rtacha 180-200 ming tup ko‘chat qoldirish kifoya. Bu nav g‘o‘zalar sho‘r tuproqlarda ham yaxshi rivojlanadi, fuzarioz, vertitsellioz va vilt kasalliklariga bardoshli, garmsel hamda qurg‘oqchilikka chidamli. Ushbu navlar g‘o‘zasi genida ko‘sak qurtiga qarshi tura olish xususiyati bor, tanasi va bargi orqasi mayda tuklar bilan qoplangani uchun shira hamda o‘rgimchak kana kamroq ziyon yetkazadi. Vilt sarg‘ayishi va qurishi kasalliklariga bardoshli.
G‘o‘zadan yuqori hosil yetishtirish uchun vegetatsiya davrida NPK:250, 175, 125 kilogramdan uch marta oziqlantiriladi. O‘g‘itni suvdan ikki-uch kun oldin, egatning ichiga emas, balki g‘o‘zaning yon tomoniga berish tavsiya qilinadi. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib o‘suv davrida 5-6 marta, suv kam hududlarda uch marta sug‘oriladi. Sug‘orish jarayonida egat zaxlamasligi va ko‘llamasligi kerak. G‘o‘za qator orasi 90 santimetr kenglikda bo‘lsa, har egatga, agar qator orasi 60 yoki 76 santimetr kenglikda bo‘lsa, egat oralab sug‘orish tavsiya qilinadi.
Hosil zararkunandalari — trips, beda qandalasi, shiraga qarshi abamektin+imidakloprid, abamektin+xlorpirifos va abamektin+atsetamiprid tarkibli preparatlarni qo‘llash talab etiladi. G‘o‘za oq pashshasi katta populyatsiyaga ega, juda tez ko‘payadi, qanoti borligi tufayli dori berilgan paytuchib ketib, dori ta’siri pasayganda, yana qaytib keladi. Shuning uchun unga qarshi sulfonikamid+pimetrozin preparatini kechqurun shtangali purkagich bilan sepiladi. Ushbu g‘o‘zalar parvarishi jarayonida “Sajen” preparati 6-8 martagacha ishlatiladi. Qisqasi, dehqonlarimiz yuqorida tavsiya qilingan agrotexnik tadbirlarga to‘liq amal qilsalar, Xitoy davlatidan keltirilgan g‘o‘za navlaridan mo‘l va sifatli hosil olishga erishadilar.

O.ALIMARDONOV,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xo‘jalik fanlari doktori
M.TOJIYEV,
shu institut laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun