Maktabda o‘qib yurgan kezlarimizni esga olsak, shirin xotiralar, unutilmas, unutib bo‘lmas voqealar yodga tushadi. Beixtiyor o‘sha kunlarga qaytamiz. O‘shanda kimdir sho‘x-shodon, kimdir jiddiy, kimdir aqlli, qaysi birlarimizdir o‘qituvchilar nazdida o‘qimas, o‘yinqaroq, bezori edik. Ammo borimizcha bir-birimizni qabul qilgan, yutuqlarimizdan quvonib, mavzuni so‘zlab bera olmagan, savollarga javobini bilmaydiganlarimizga sekin pichirlab yordam beradigan darajada samimiy edik. Ha, qalbimizda havasimiz bilan birga hasadimiz ham bor edi. Shu bilan birga shijoatimiz jo‘sh ursa, biroz dangasalik qiladiganlarimiz ham yo‘q emas edi. O‘spirinlikning ana shunday tushunib bo‘lmas pallasida maktab direktorining (ha aytgancha, men Termiz shahridagi 13-maktabda tahsil olganman) odatdagidek o‘quvchilarni yig‘ib qiladigan yig‘ilishlaridan birida sportchi qiz haqida to‘lqinlanib so‘zlaganlari, bizga ibrat qilganlarini bilaman. Hatto o‘sha qizni hammani ko‘z o‘ngida yonlariga chaqirib, munosib taqdirlanganlari, qo‘llaridan siqib, muvaffaqiyatlar tilab, katta ishonch bildirganlari qalbimizni mavjlantirib yuborgandi. O‘sha qiz Sitora Salomova edi.
Shundan keyin Sitorani tez-tez ko‘rib qolardim. Goh maktab kutubxonasida, goh sport zalda, goh maktabimizda tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etardi. Sport yo‘nalishidan ketganni ijod qilishi, ijodkorning esa tabiatiga qarama-qarshi yo‘nalishda ham o‘zini sinab ko‘rishi mumkinligini ko‘p ham eshitmaganmiz. Ammo Sitora xayolimda barcha jabhada faol edi. Bu faollik barchani qiziqtirar, xuddi u kabi bo‘lishga urinishlar ham kuzatilardi. Yodimda, maktabimizda bo‘lib o‘tgan sport musobaqalarida ana shunday havasmandlarning soni oshib ketardi. To‘g‘ri, bu hammaning ham g‘olib bo‘lishiga sabab bo‘lmagandir, ammo har qalay chiniqishiga, vaqtini behuda o‘tmasligiga hissa qo‘shgani haqiqat.
Bir kuni Sitora bilan rasmlar tanlovida yonma-yon o‘tirib qoldik. Bizlar raqibalar bo‘lsak-da, o‘ta samimiy munosabatda bo‘lar, atrofdagilarga yordam berib, chizgilariga tuzatishlar ham kiritardi. Bu esa yosh rassom qizga ixlosimni yanada oshirgan edi. Keyin esa u bilan salom-alik qiladigan, suhbatlashadigan bo‘ldik. Sitora karate bo‘yicha shahar, viloyat birinchiliklarini qo‘lga kiritib, respublika bosqichlarida ham g‘olib bo‘lgan, maktabda anchayin taniqli bo‘lgan esa-da, oddiylikni, samimiyatini yo‘qotmagan edi. U yulduz edi, ammo o‘zini bunday sanamasdi. Doimo tabassim ila boqib turishi esa o‘ziga juda yarashardi.
U o‘zini nimagadir sinab ko‘rishdan cho‘chimasdi. Urinishlari esa besamar ketmasdi. Bu kaminaning hasadini emas, ishoning, havasini keltirardi. Nimagadir erishsa, “ota-onamni yuzini yorug‘ qilishim kerak, ular men bilan faxrlanishlari lozim” derdi. Ota-onasiga yuksak ehtirom ko‘rsatadigan yoshgina o‘smir qizga faqat va faqat havas qilish mumkin edi.
O‘qigan asarlarimiz haqidagi suhbatlarimiz esa qizg‘in munozaraga aylanib ketardi. Yoshiga nisbatan anchayin ulg‘ayib qolgan qizning orzularini tinglab turib, uni chempion sifatida, o‘ziga o‘xshagan yoshlarga bilim va tajribalarini o‘rgatayotgan yanglig‘ tasavvur qilardim. O‘zimizga ishonchimiz baland edi. Har bir harakatimizda shasht bor edi. Barcha yo‘nalishda boshqa maktablardagi tengdoshlarimizdan ko‘ra iste’dodli edik. Buni g‘oliblar safida bo‘lib isbotlardik. Bilmayman, bu ishonch bizda qachon uyg‘ongan. Balki ustozlarimiz ana shunday ta’lim-tarbiya berishgandir. O‘z imkoniyatlarimizdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishgandir. Kelajagimizga daxldorlik hissi ila uyg‘otgandir. Bilaman, ular biz bilan birga orzu qilishardi, o‘z osmonimizda bizni ko‘klarga ko‘tarishardi. O‘sha paytdagi maktabimiz direktori, ustozimiz Raimqul To‘rayev (rahmatli) esa biz yoshlarning har birimizni rahbardek ko‘rar, har birimizga quloq tutar, fikrlarimizni inobatga olardilar. Bu bizga kuch berardi, rag‘bat bo‘lardi, o‘zimizni kattalardek his qilardik, shundanmi natijalarimiz ham katta-katta edi. Ana shunday ishtiyoq bilan ulg‘aydik, ana shunday shijoat bilan jonajon maktabimizdan uchirma bo‘ldik. Har birimizning o‘z tanlagan yo‘limiz bor edi…
Yillar o‘tdi. Men ham o‘z qiziqqan yo‘nalishimda tahsil olib, ona shahrimga jurnalist bo‘lib qaytdim. Ana shunday ishlab yurgan kezlarimda maktab davrlarim yodimga tushdi, Sitora ham. U hozir o‘zi orzu qilganidek, sportchi bo‘lgandir. Balki o‘zimiz o‘qiyotgan maktabda dars berar, yana bilmadim. Yoki poytaxtda qoldimikan? Ana shunday javobsiz savollar ila gazetadagi bir xabarga ko‘zim tushdi: “Termiz shahridagi 13-maktabda Sitora Salomova xotirasiga bag‘ishlangan turnir…” uyog‘ini o‘qiy olmadim. Ko‘zlarimga ishonmasdim. Nahotki, tengdoshlarini ruhlantirgan o‘sha samimiy qiz… ota-onasi undan faxrlanishini istagan Sitora… bir-bir xayolimdan o‘tayotgan fikrlardan esankirab qolgandim. Ammo amin bo‘ldimki, u hatto o‘zi haqidagi xotirasi bilan ham yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan, sportga qiziqishini oshirayotgan ekan. Ayni qiziqish bilan esa yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan chempionlar yetishib chiqsa, ajab emas. Endi aytingchi, bunday qiz bilan qaysi ota-ona faxrlanmaydi. Nainki, ota-onasi, biz do‘stlari, ustozlari, el-u xalq faxrlanadi, minnatdor bo‘ladi…
Demak, u hali-hamon hayot, Sitora Salomova qalbimizda mangu yashaydi.
Sayyora ALLAYEVA