Bor gapki, bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan islohotlar jadal tus olgan. Bunda Xalq qabulxonalari xalqimizning dard-u tashvishlarini ochiq ifoda etadigan ishonchli minbar sifatida ko‘zga tashlanadi. Vazirlik, barcha bo‘g‘indagi hokimlar va idoralar, prokuratura, sud-huquq va ichki ishlar organlari rahbarlari, deputat va senatorlar bevosita joylarga chiqib, o‘z faoliyati bo‘yicha xalq oldida hisobot bermoqda.
Bu esa xalq hokimiyatchiligini izchil rivojlantirish orqali odamlarni o‘ylantira-yotgan masalalarni mahallama-mahalla, uyma-uy yurib o‘rganish, ularni qonuniy asosda hal qilishga yo‘l ochib bermoqda. Xalq hayotini yaxshilash, farovonligini oshirish, fuqarolarning ertaga emas, balki bugunidan rozi bo‘lishiga erishish amaldagi islohotlarning bosh maqsadiga aylangan.
MUROJAATLARNING 82 FOIZI QANOATLANTIRILGAN
2024-yilda virtual va Xalq qabulxonalariga Surxondaryo viloyatidan kelib tushgan jami 129 417 ta murojaat-ning 126 169 tasi yoki 97,5 foizi ko‘rib chiqilgan hamda 3 248 tasi yoki 2,5 foizi ko‘rib chiqish jarayonida. Jami ko‘rib chiqilgan 126 169 ta murojaatning 103 270 tasi yoki 82 foizi qanoatlantirilgan. Ijobiy hal etish darajasi 40,9 foiz. Asosan, 18 yoshgacha bolalar nafaqasi bo‘yicha 11 114 ta, aliment undirish so‘rovi bo‘yicha 7 540 ta, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam bo‘yicha 3 278 ta, davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam bo‘yicha 2 765 ta, mahalla ichki yo‘llarini qurish, ta’mirlash, shag‘allashtirish, asfaltlash bo‘yicha 2 531 ta, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha 2 500 ta, elektr tarmoqlari obektlarini (simyog‘och, transformator punkti va boshqalar) qurish, ta’mirlash, o‘zgartirish bo‘yicha
2 481 ta, yashash sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni ta’mirlash va qurish uchun yordam bo‘yicha 2 040 ta, gaz ballonni suyultirilgan gaz bilan to‘ldirishdagi muammolar bo‘yicha 1 966 ta, uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha 1 875 ta, oilaviy nizolar bo‘yicha 1 684 ta, qarz undirish ijro hujjatlari bo‘yicha bo‘yicha 1 626 ta murojaatlar kelib tushgan.
“QIZIL”DAN “YASHIL”GA…
Prezidentimiz topshirig‘i asosida o‘tgan yilda mamlakatimizning barcha hududlaridagi og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldagi, “qizil” toifadagi mahallalarda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari mas’ul xodimlari, viloyat sektor rahbarlari hamda hududiy hokimliklar bilan birga olib borilgan ishlar natijasida yillar davomida yig‘ilib qolgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topildi. Mahalladagi muammolarni hal etish uchun viloyat hokimi tashabbusi
bilan viloyat Xalq qabulxonasi rahbarligida viloyatdagi tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda viloyat ishchi guruhi tuzilib, bir oy davomida viloyatda 75 ta mahalladagi 25 mingdan ziyod xonadonlarda o‘rganish o‘tkazilib, ularda 6 540 ta muammo aniqlandi hamda xatlov natijalari asosida ushbu mahallalarda “Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
“Obod xonadon” mezonlari asosida uy-joyi ta’mirga muhtoj va o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarning
9 mingga yaqin turar joylari ta’mirlab berilgan bo‘lsa, “Obod ko‘cha” mezonlari bo‘yicha 604 ta ko‘chada 64 kilometr asfaltlash, 653 kilometr shag‘allashtirish va betonlash ishlari amalga oshirildi.
2 ming m2 piyodalar yo‘lagi (trotuar) barpo etildi. 82 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlandi. 19 ta yangi ichimlik suvi inshooti o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Jami 149 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortildi, 68 ta yangi transformator o‘rnatildi. Muddati o‘tgan 2 mingdan ziyod simyog‘och beton ustunlarga almashtirilib, yangi qo‘shimcha beton ustunlar o‘rnatildi. 9,5 kilometr gaz tarmog‘i ta’mirlandi, olis chekka hududlardagi aholi uchun 642 ta suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. 57 ta yangi ijtimoiy obektlar foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 65 tasi ta’mirlandi.
Foydalanilmayotgan 23 minga yaqin tomorqalarga ekin ekilib, aholi daromad olishiga sharoit yaratildi. 2 ming tonnadan ortiq chiqindilar olib chiqilib, 655 kilometr ariqlar qazildi. 126 ming dona manzarali va mevali daraxtlar ekildi. 5 ta ko‘prik qurildi. 3 minga yaqin xonadon internet tarmog‘iga ulandi.
Shuningdek, mahalliy budjet va homiylik mablag‘lari evaziga 175 kilometr ichimlik suv tarmoqlari qurilib, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 110 ta mahalladagi 1 600 ta xonadonda yashovchi 8 500 nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Natijada, 110 ta mahalladagi 33 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 34 ta mahalladagi 17 ming aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
“MUROJAATDAN — DAROMADGA”
Mahallada ayollar bandligini ta’minlash va daromad topishiga sharoit yaratish maqsadida Xalq qabulxonalarining tashabbusi bilan “Murojaatdan — daromadga” loyihasi asosida Uzun, Sariosiyo va Oltinsoy tumanlariga 100 tadan, Sho‘rchi tumaniga 105 ta, Denov tumaniga 268 ta jami 673 nafar xotin-qizga 3 milliard 357 million so‘mlik tikuv mashinkasi, motokultivator, pishiriq pechlari, sartaroshlik uskunalari kabi qator mehnat jihozlari berilib, daromad olishiga sharoit yaratildi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati, tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan 2024-yilda 4 800 marotaba o‘tkazilgan sayyor qabullarda 34 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Ushbu murojaatlar asosida ichki yo‘llarda tosh-shag‘al va asfalt qoplamalarini yotqizish uchun 10 milliard 154 million so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.
Sayfiddin QURBONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo
viloyatidagi Xalq qabulxonasi
yetakchi mutaxassisi