Matematikani hamma yomon ko‘radi. Hisob-kitoblar, misol-masalalar turgan gapki, boshqotirmadek, boshni qotiradi, deb o‘ylaydiganlar ham bor oramizda. Biroq hayotimizning har jabhasida ko‘pchilikning “dushmani”ga aylangan matematika kerak. Balki gapimga qo‘shilmassiz, biroq bizning qahramonimiz buni sizga faoliyati va erishgan yutuqari bilan isbotlab beradi. Buning uchun esa ushbu maqolani diqqat bilan o‘qish va uqishingiz kerak.
Muzrabotda shunday o‘qituvchi borki, u o‘quvchisiga boshqotirmali savollar, misol va masalalar berib, o‘z faniga qiziqtira oladi. Javoblar esa siz-u biz o‘ylagandek murakkab emasligi oydinlashadi. Shunchaki biroz boshqotirish, kifoya. Uni yechishning uddasidan chiqqan esa navbatdagi savolni o‘qishga tutinadi. Har qalay amaliyotda bu isbotlangan.
Matematikada masalani yechishning bir necha usuli bor. Holbuki, mantiqan yechim topishingiz mumkin. Ustoz Ortiq Yo‘ldoshev esa matematik hisoblash yo‘llarini mohirlik bilan ko‘rsatib, tushuntirib beradiki, bu bilan siz fanga qiziqib qolasiz. Ustozning o‘quvchilarida ham xuddi shunday bo‘lgan. Avvaliga bir necha o‘quvchi bunday boshqotirmali savollarga qiziqqan bo‘lsa, kun sayin ularning safi kengayib bordi.
Albatta, hayotimizning har lahzasida matematikadan foydalanamiz. Qandaydir jumboqli vaziyatlarni yechishga, u yoki bu masalani taqqoslab, xulosa chiqarishga urinamiz. Muammoli vaziyatlardan ham, hayot sinovlaridan ham “besh” baho bilan o‘tishimiz uchun ayni matematika zarur. Bularning bari uchun boshlang‘ich bilimlarni puxta egallagan bo‘lsangiz, bilimlaringiz pand bermaydi. O‘qituvchi-pedagoglardan esa ayni bilimlarni berishlarida mahorat va jonbozlik talab etiladi.
Maktablarda o‘qituvchi-pedagoglar o‘quv dasturidan chetga chiqa olmaydi. Berilgan mavzularni o‘tishga odatlangan. Ammo Ortiq ustoz bu bilan kifoyalanmaydi. O‘g‘il-qizlarning e’tiborini tortish, faniga yanada qiziqtirish maqsadida matematik boshqotirmalar tayyorlab, barchani javobni topishga undaydi. Qarabsizki, o‘quvchilar o‘ylashga, mushohada qilishga diqqat qaratadi. Qog‘oz qoralanadi, hisob-kitoblar boshlanib ketadi. Kalavaning uchi topilganda esa topqir yoshlarning o‘sha lahzalardagi holatini bir ko‘z o‘ngingizga keltiring-a? Bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi, o‘qishga ishtiyoqini ham. Shu sabab, Ortiq ustozning darslarini maroq ila kutadigan o‘quvchilar tanaffusda ham nimalarnidir hisoblayotgan yoki o‘qituvchisi tushuntirayotgan yechimni jon quloqlari bilan tinglayotgan bo‘lishadi.
Ustozning yuzlarida bolalarcha samimiyat mujassam. Bu o‘quvchisini erkin tutishiga, berayotgan bilimlarini emin-erkin o‘zlashtirishlariga zamin hozirlaydi. O‘qituvchi mavzuni tushuntirib, dars jarayonida bergan savollariga ham o‘quvchilar tortinishlarsiz, xato qilishdan qo‘rqmasdan javob bera boshlaydi. Mana shunday erkin va do‘stona muhitda matematikaga qiziquvchi, taqdirini shu sohaga bog‘lovchi yoshlarning safi orta boradi.
Pedagog yoshlarni o‘ziga ergashtirishi uchun, avvalo, o‘z sohasini sevishi kerak. Ortiq ustoz esa matematikasiz hayotini tasavvur qila olmaydi.
Matematikaga qiziqish onamdan o‘tgan bo‘lsa kerak, — deydi Ortiq Yo‘ldoshev. — Ular hisob-kitobga usta edilar. Fikrlari, gap-so‘zlari biyron ayol bo‘lganliklari uchun ham suhbatlaridan hech ham zerikmasdik. Hech esimdan chiqmaydi, ba’zi tunlarda otam bizga savollar berar, qiziqishlarimiz bilan qiziqar edilar. Menga bergan “osmonda uchayotgan bir gala g‘ozlar” haqidagi boshqotirmasining javobini bir zumda topganimda payqaganmanki, boshqa fanlardan ko‘ra matematika boshqacha…
Ha, yosh Ortiq matematika fanini sevib o‘qigan, ustozining har bir darsida faol bo‘lgan. Bu faollik uni shu sohani tanlashiga turtki berdi. Samarqand davlat universitetida tahsil olgach, o‘z sohasi bo‘yicha turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borsa-da, o‘qituvchilik qila boshlagan yillarni ustoz o‘zgacha xotiralar bilan eslaydi:
“Shoir aytganidek, men pedagoglik qilib, bolalarga dars bera boshlaganimda yashay boshlaganimni dildan his qildim. Ungacha nafas olmagandekman. Ammo har bir bosqich meni ta’lim sohasiga yetaklaganga, bu sohaning qadrini yanada oshirganga o‘xshaydi”.
Ta’lim sohasida mehnat qildingizmi, istaysizmi-yo‘qmi, o‘quvchilar bilan ishlaysiz. Ta’lim bilan bir qatorda, tarbiyani ham teng ushlashingiz kerak. Bugungi o‘quvchilar bilan ishlash esa oson emas. Ko‘p hollarda o‘qituvchilar o‘quvchisiga sal tanbeh berganida ota-onalari chopib kelishlaridan shikoyat qilishadi. Oilasini orqa qilgan yoshlar keyingi darslarda o‘zini qanday tutadi? O‘qituvchini mensimaydimi? Bu jarayonni kuzatayotgan sinfdoshlari-chi? Ular qanday yo‘l tutishadi? Birgina holat sabab ziyo maskanida boshboshdoqlik kuchayishi, ta’lim-tarbiyaga e’tibor pasayishi rad etib bo‘lmaydigan holat. Bunda kimni ayblashimizdan qat’iy nazar o‘zbilarmon, bilim olishni keyingi o‘ringa qo‘yib, manfaatini ustun qo‘yadigan avlodni tarbiyalaymiz.
To‘g‘ri, “eti sizga, suyagi bizga” deydigan zamonlar o‘tib ketdi. Bugungi kun talabi zo‘ravonlikni emas, ma’naviyatli bo‘lmoqlikni, ana shunday fikrlab yo‘l tutmoqlikni talab etadi. Demak, davrga ham moslashmoq lozim. Shunday ekan, o‘qituvchilar ham qo‘l ko‘tarish, butun sinfni boshiga ko‘tarib, urushib yoki o‘quvchini sinfdan chiqarib yuborib maqsadga erisha olmaydi. Jaholat bilan emas, ma’rifat ila, pedagogik mahorat bilan auditoriyani jalb eta olishi lozim. Ana shundagina ortiqcha gap-so‘zga hojat qolmaydi. Ustoz Ortiq Yo‘ldoshev esa ana shunday ta’lim-tarbiya sirini yaxshi biladi. Bola bilan ishlash hisob-kitobni-da to‘g‘ri olib, avval boshidan siyosatni, targ‘ibotni olib boradi. O‘quvchilar bilan do‘stlashib, oilasi bilan munosabatlarni mustahkamlab oladi. Axir har bir bolaning taqdiri muhim. Shu bilan birga, dars jarayonida o‘quvchilar bilan birga qiziqarli matematika olamiga sayohat qiladi.
— Yoshim yetmishdan oshganda malaka oshiradigan bo‘lib qoldim, — deydi ustoz. — Yosh kadrlarning ichida biroz o‘ng‘aysizlandim, hijolat chekib, kimningdir panasida, kimningdir soyasida ko‘rinmaslikka harakat qildim. Shu payt dars boshlanib, auditoriyaga 80 yoshdan o‘tgan savlatli otaxon dars berish uchun kirib keldilar. Dars boshlandi. Men esa qaddimni g‘oz tutdim. Bilim olishning, malaka oshirishning, yangidan yangi innovatsiyalarni o‘zlashtirishning uyati yo‘q. Balki zamon talabi va zarurati ham shu.
Qaysi yoshda bo‘lmasin, o‘z ustida ishlashdan, o‘rganishdan to‘xtamaydigan inson ko‘p narsalarga erishadi. Ortiq Yo‘ldoshev ham bilim va malakasini oshirib, o‘rganganlarini ta’lim sohasiga tatbiq etdi. Yosh matematiklar safini kengaytirsa, kengaytirdiki, muvaffaqiyatga erishsa, erishdiki, aslo kam bo‘lmadi. Bunday haqiqatlarni anglash, tan olish ham mardlik aslida…
Ustoz ortiga qarasa, shonli bir hayot yo‘lini bosib o‘tgani bilan qalbida g‘urur va iftixor tuyadi. Albatta, ta’lim sohasiga baxshida etilgan 50 yillik umr, hayotiy tajriba o‘z so‘zini aytadi. Qolaversa, qahramonimiz o‘quvchisining o‘quvchisini o‘quvchisi bilan birgalikda mehnat qildi. Bergan bilimlari zanjiri bir-biriga ulanib, mustahkamlanib borayotganini ko‘rish kimni ham mamnun etmaydi deysiz. Ana shunday yuzlab, minglab shogirdlarni yetishtirib, jamiyatga, davlatga nafi tegadigan insonlar qilib yetishtirgani, nafaqaga chiqqaniga 14 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, shu kunga qadar ta’lim sohasida faoliyat yuritib, ustozning tajribasi, bilimiga ehtiyoj sezishgani ustozni g‘ururlantirmasinmi?
Axiyri, yoshlarga, shogirdlariga o‘rnini bo‘shatib, ularga imkoniyat yaratib bergan ustoz uyda ham bekor o‘tirgani yo‘q. Genri E.Dyudenining “520 boshqotirmalar” nomli kitobi eng yaqin yo‘ldoshga aylangan. Bu kitobning rus tilida yozilgani, ustozning ta’bini xira qilardi. Imkon qadar o‘zbekchaga tarjima qilib, o‘quvchilariga yetkazgan bo‘lsa, endi bunday imkoniyatdan yosh-u keksa bahramand bo‘lishini istaydi. Shu sabab, nafaqaga chiqiboq, jiddiy ishga qo‘l urgan. Ayni paytda ustoz “520 boshqotirmalar”ni o‘zbek tiliga tarjima qilayotir. Tarjima ishlari yakunlangach, uni kitob holida nashr etishni diliga tukkan. Kitob taqdimotida balki ustoz bilan suhbatlashib qolsangiz, samarali mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildirish bilan birga “520 boshqotirmalar”ni xarid qilarsiz. O‘zingiz uchun matematikani yangitdan kashf etib, o‘zingiz uchun har qalay Amerikani kashf etmasangiz-da, yangi bilimlarni o‘zlashtirarsiz, fanga mehringiz tushar. Hayot formulasini yechishingizda ana shu hisob-kitoblar sizga yo‘ldosh, hammaslak bo‘lishini anglarsiz balki…
Sayyora ALLAYEVA