Har yurakda Vatan mujassam!

Date:

Vatanparvarlik, vatan himoyachilari haqida gap ketganda, eng avvalo, shubhasiz harbiylar yodga tushadi. To‘g‘ri-da, tunlari mijja qoqmay, chegarada sobitlik bilan, issiqni issiq, sovuqni sovuq demasdan, sharoit yoinki imkoniyat tanlamasdan, Vatan sarhadlarida ogoh va sergak turgan, kezi kelsa, shirin jonini vataniga fido qilishga tayyor, chinakam mard va jasur o‘g‘lonlarni qancha sharaflasak, ularni ardoqlab, ko‘kka ko‘tarsak, shuncha ozdek. Ular bilan shukrki, vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, tunlarimiz osuda, kunlarimiz esa nurafshon.


Biroq nafaqat harbiy xizmatchilar, balki har bir o‘g‘lon, yosh-u keksa, qaysiki sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar aslida har bir inson vatanparvardir. Har kim vatanni turlicha, o‘z tili, o‘z yo‘rig‘icha sevadi va vatanga xizmat qiladi. Kimdir issiqqina non yopib, elga xizmati ila, yana kimdir, tanga shifo ulashib, tag‘in boshqa birov farzandini vatan taqdiriga munosib tarbiyalashi bilan ham aslida vatanparvar sanalsa, ne ajab.
Shundan bo‘lsa kerak, har yili 14-yanvar vatan himoyachilari kuni yurtimizda keng nishonlanib, vatanga xizmat qilayotgan, el koriga yarayotgan soha vakillari samimiy muborakbod etiladi. Davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ibratli faoliyati uchun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini qutlash an’anaga aylangani ham soha vakillariga tom ma’noda qanot bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni viloyatimizda ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Bayram tantanalari Termiz shahridagi Xotira maydoniga viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi. Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz yod etildi.


Tantanali tadbir o‘tkazilib, Surxondaryo viloyati hokimi — Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, barchani O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.
Viloyat rahbari o‘z so‘zida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, harbiy xizmatga har tomonlama yetuk, Vatanparvar yoshlarni jalb etish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurgani haqida alohida ta’kidladi. Harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgan 2018-yildan buyon viloyatimiz mudofaa tizimi uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilib, kuch tuzilmalari sharoitlarini yaxshilash va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilayotgani ham ayni sohada xizmat qilayotgan xizmatchilar uchun munosib rag‘bat va e’tirof desak, adashmagan bo‘lamiz.


Hurmatli Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamiz nufuzi xalqaro maydonda kun sayin yuksalib borayotgani har bir O‘zbekiston fuqarosining qalbiga ulkan g‘urur bag‘ishlaydi. Yana bir narsani alohida ta’kidlash joizki, bu yil har yilgidan o‘zgacha shukuh va shodiyona kasb etayotgan ushbu bayram har dilga quvonch va shukronalik indirayotir. O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni oldidan Termiz shahrida tantanali tadbirlar tashkil etildi. Tadbir doirasida viloyat kuch tuzilmalari tomonidan orkestr sadolari ostida shahar markaziy ko‘chasi bo‘ylab harbiylar marsh yurishlari tashkil qilindi. Shuningdek, “Iceberg” ko‘ngilochar maskani yonida Faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan difele namoyishlari ijro etildi.
Mazkur tadbirlar Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va jangovar shayligini namoyon etish, yosh avlodni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazildi.
Osoyishta Vatanimizda buyuk ne’mat – tinchlik-xotirjamlik mangu barqaror bo‘lsin. Yurtimizda har bir inson, har bir oila orzu-umidlariga erishib, farzandlarining rohat-farog‘atini ko‘rib yurishi, yurt koriga kamarbasta har bir dilga quvonch va shukronalik olib kelsin, vatanparvarlik dillarda mangu marhayot bo‘lsin!

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ehson

— Alo, Assalomu alaykum, bu ehsonchi akani telefonlarimi?— Vaaleykum...

Giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi

Giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlariga afsuski, duch kelmoqdamiz....

MTTda o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda

Bog‘cha bolajonlarning sevimli maskani. Do‘stlari bilan vaqtini mazmunli o‘tkazadigan,...

“Turon yoʻlbarslari” bellashishdi

Surxondaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab...
KunTun
KunTun