Yuz ayolning biri bo‘lish mashaqqati…

Date:

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar e’tiborimni tortdi:

“BBC 2024-yilgi dunyoning eng ruhlantiruvchi va katta ta’sirga ega 100 ayoli ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida Nobel sovrindori, zo‘ravonlikka qarshi faol, aktrisa, olimpiadachilar qatori denovlik tikuvchi, tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva ham bor”.

Nobel mukofotini olgan ayollar, albatta, o‘z ishlari, muvaffaqiyatlari bilan kishini ruhlantiradi. Qandaydir faollik ko‘rsatgan, sportda, ijodda o‘zini namoyon qilgan iqtidorlar ham keng auditoriyaga ta’sir eta oladi. Ammo oddiy tikuvchi ayolchi? U nima karomat ko‘rsatdiki, dunyoning ruhlantiruvchi 100 nafar ayolining biriga aylandi. Bu savol kishini unchalik ham qiynab ulgurmay, o‘sha ayol qahramonimizning hayoti gavdalantirilgan suhbat boshlanib ketadi…

Taqdir zarba berganida…

Odamlar nogironligidan istihola qiladi, uyaladi. Shuning uchun o‘zlarini yolg‘izlikka mahkum etib, hayotlarini ham ana shunday tuman ostiga qoldirishadi. Holbuki, hayot davom etadi. Tirgak bo‘ladigan ota-onadan keyin nogiron bola nima qilishi mumkin? Nega, bu tomonlarini o‘ylamaymiz. Dilorom Yo‘ldosheva esa tug‘ma nogiron emas. Baxtsiz voqea sabab qo‘ltiq tayoqqa mixlanib qolgan. Bu gaplar oddiy so‘zlar bilan yozilayotirki, ammo bunga sabab bo‘lgan o‘sha mudhish voqea eshitgan odamning yuragini zirqiratib yuboradi, ko‘ziga yosh keltiradi.

Yurtimizda nogironlarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga rahm-shafqat qilish, saxovat ko‘rsatish ezgu fazilat sanaladi. “O‘ng qo‘l berganini chap qo‘l bermasin” degan aqidalar eskirgan shekilli, beradigan taomimizni, yordamimizni elga ovoza qilib topshirishni “moda” qilganmiz. Bu yordamni oladigan odamning istiholasi, hijolat chekishi esa bizni hech ham o‘ylantirmaydi, qiziqtirmaydi ham. Ayni holatda Dilorom Yo‘ldosheva ham o‘zini qanday tutishni biladi. Bemalol rasm tushib beraveradi. Agar bu maqsadda kelmagan bo‘lsangiz, Dilorom opa bilan suhbat qurmoqchi bo‘lsangiz, u sizga dilkash suhbatdosh bo‘la oladi. Suhbat boshlanishi bilan mavzu o‘sha mudhish voqeaga borib taqaladi. Buni eshitishni istarsiz, nima bo‘lganini bilgingiz kelar, ammo ayolga o‘sha kunni eslash o‘sha og‘riqlarni qaytarish, o‘sha dahshatni takror va takror his ettirishga majbur qilishdek gap. Bu voqeani ko‘p bor aytaverganidan o‘zini qo‘lga olgan ayol esa ko‘zida yoshlarini to‘xtata olmay, so‘zlab beradi:

— O‘sha kuni ishim ko‘p edi. Dalaga yordamga chiqishim kerak. Shunga qaramay, ertalab turib, xamir qordim, tandirni qizdirib, nonni yopgunimcha ovsinim kelib qoldi. Nonni ovsinimga tashlab, dalaga chopdim. Tushlikni hasharchilarga berib, o‘zim esa shuncha mehnatimizni uvol bo‘lmasin deb kombaynning yonidan chiqqan somonlarni tashlab turaman deb dalaga tushdim. Issiqda uzun xalat kiyganim pand berdimi, ehtiyotsizlik qildimmi, somonni kombayn tishlariga tashlab ortimga tisarilsam, xalatimning uchi kombaynga ilinib qolgani uchun meni o‘ziga tortaverdi. Tugmalarini yechayapman-u ulgurolmayapman, hammasi shu qadar tez sodir bo‘ldiki, kombayn oyoqlarimni tortib ola boshladi. Jon og‘rig‘ida baqirganimni ham bilmayman, shu payt kombayn to‘xtadi-yu meni bir necha metr uzoqlikka uloqtirdi. Shu paytda oyog‘imning biri zo‘rg‘a ilinib turganini ko‘rdim. U yog‘ini bilmayman…

Shifoxonaga olib kelingan Diloromning ahvoli og‘ir holatda edi. To‘rt yarim soatlik jarrohlik amaliyotidan so‘ng esa bemor ikkala oyoqlaridan ham ajraganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish dahshatini esa yolg‘iz Diloromning o‘zi his etdi. Bir necha soat oldin chopqillab yurgan ayol endi yura olmaydi…

Ana shunday og‘ir damda ham bu holatni onasiga aytmasliklarini so‘radi. O‘zini emas, onasini o‘yladi. Undan keyinchi, farzandlarini, turmush o‘rtog‘ini o‘yladi. O‘zini tutdi, ularni qo‘rqitmaslikka urindi. Ana shunday og‘ir damda      taqdirning zarbasini yengishida katta ovsini Adiba Pardayeva yordam berdi, joniga ora kirdi. Maktabdagi ishidan bo‘shab, ovsinining qo‘l-oyog‘i bo‘ldi. Ikki ro‘zg‘orni eplab, opalarcha g‘amxo‘rlik qildi.

“Ikkinchi bor oyog‘imdan ayrilgandek bo‘ldim”

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, joningiz sog‘, ammo oddiy yumushlarni ham qila olmaysiz. Doimo tinim bilmagan Dilorom uchun oddiy ishlarni ham qila olmaslik juda og‘ir edi. Ana shunday kunlarning birida kutilmaganda mehmonlar kelib, katta tantanalar bilan nogironlik aravachasi olib kelishdi. Tinimsiz tushirilgan suratlar… Diloromning xursandchiligini ko‘rsangiz edi…

— Xuddi oyog‘imni topgandek quvondim, — deydi Dilorom Yo‘ldosheva. — Ammo bu xursandchiligim uzoqqa bormadi. Aravacha boshqa qishloqda yashaydigan bir momoniki bo‘lib chiqdi. Uni qaytarib olishganda ikkinchi bor oyog‘imdan ayrilgandek bo‘ldim. O‘sha momodan aravachasini vaqtinchaga olib turishgan ekan.

Bunday voqealardan keyin hamma ko‘zbo‘yamachi deyishingiz mumkin. Shukrki, shundan keyin ko‘p o‘tmay, saxovatpesha inson Dilorom Yo‘loshevaga zamonaviy aravacha yubordi. Aravacha yaxshi, ammo insonning o‘z oyoqlarida yurishiga yetmaydi. Shunda protez qo‘ydirish fikriga kelishdi. Protez qimmatligi uchun fikrlaridan qaytishganida esa mahalladoshi Poshsha xola Haj safariga deb yig‘ib yurgan mablag‘ini bermoqchi bo‘lganida Dilorom olmadi, ololmadi. Keyinroq qarindoshlarining yordami bilan protez olishdi.

“tikish-bichish bilan ovundi”

Ko‘zguga boqib, o‘zingizni ko‘rganingizda yuzingizda tabassum uyg‘onadimi? Ha, qachonki baxtli bo‘lsangiz, og‘riqlaringiz, armonlaringiz bo‘lmasa, to‘rt muchangiz sog‘ligida teringiz qatidagi nerv tolalarini kulishga majburlay olasiz va ko‘zguda kulgu zohir bo‘lishi mumkin. Ammo hamma ham tabassum qila olmaydi. Og‘riqlar azobi, taqdirning kutilmagan zarbalari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Kulmoqchi bo‘lasiz-u, ko‘zyoshlar shashqator bo‘lib oqaveradi. Ko‘zguga boqib ayni hislarni boshidan o‘tkazayotgan Diloromning ko‘zlarida dunyo ranglari o‘z tarovatini yo‘qotgan edi. Kula olmasdi. Oyoqsiz ona, oyoqsiz turmush o‘rtoq bo‘lib, ularga o‘zini yuk bo‘ladigandek his etardi. Ichki dard, isyonlar qalbida g‘alayon qilganida tunlari yostiq quchib, bor alamini yig‘lab yengishga urinardi. Ana shunday tunlarning birida uni yupatishga uringan turmush o‘rtog‘iga qat’iy ohangda “uylaning” dedi. Turmush o‘rtog‘i esa unamadi. Buni nomardlik deb bildi. Ko‘nglini ko‘tarishga, sinovlardan o‘tib, yorug‘ kunlar kelishiga ishonishga undadi.

Ha, hayot davom etar, ammo, yonidan bir zum ham ketmagan, yelkadosh bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining bir o‘ziga ro‘zg‘orning yuki og‘irlik qilayotganini ko‘rib turib, nima ham qilsin, o‘zini o‘ylasinmi, diydiyo qilsinmi? Qaytamga yordam berishni o‘yladi. O‘zini qo‘lga olib, yordam bo‘lsin deb, qaynonasidan qolgan eski tikuv mashinasini topdi-yu tikish-bichish bilan ovundi.

***

Orzulardan kuch olib…

Ayolning joni qirqta desa ishonmasligingiz mumkin. Haqiqatan ham ayolning joni ko‘p, u o‘zini qurbon qilib yashaydi. Qiziqishlarini, orzularini tuproqqa ko‘mishi, boshqalar uchun o‘zligini unutib yashashi mumkin. Axir ayol kimningdir qizi bo‘lib, ruxsat berishmasa, o‘qiy olmaydi. Kelin bo‘lganidachi, qaynota-qaynona xizmati, xotinlik vazifasi, onalik maqomi uchun ham qilgan qurbonlikarini biz aytmaylik, siz esa eshitmang.

Dilorom Yo‘ldoshevaning ham orzulari ko‘p edi. O‘quvchilik yillaridayoq qalbida tikuvchilikka havas uyg‘ondi. Unga “kelajakda kim bo‘lasan” deyishsa bormi, hayajonlarini bosa olmay, nigohlarini sizga qadagancha, chevar bo‘lishini aytib berardi. Ayni mavzudagi maktab inshosida ham buni to‘lqinlanib yozgan Diloromning chindan ham tikuvchi bo‘lishini istab qolardingiz.

Maktab ta’limidan so‘ng, oilasidagilar oliygohga o‘qishga qo‘yishmaganidan keyin tikuvchiga shogird tushib, bichish-tikish sirlarini o‘rgandi. Ammo oila qurib, haqiqiy uyining ostonasidan xatlagan Diloromning sevgan kasbi bilan shug‘ullanishiga vaqti ham, mavridi ham bo‘lmadi. Uy yumushlari, birin-ketin tug‘ilgan ikki o‘g‘il, bir qizni ulg‘aytirish-u daladagi ishlar biroz tin olishga-da qo‘ymasdi. Ammo endi ayni hunari unga ovunchoq bo‘lgandi.

Qo‘ligul chevarning tikkanlari esa qishloqdoshlariga manzur bo‘lib, mijozlarning soni orta bordi. Nima aytishsa, shuni tikib beradigan Dilorom yomon o‘y-xayollardan, tushkunlikka tushishdan chalg‘idi. Tushunib yetdiki, yashashda davom etishi, harakat qilishi lozim. Shunga ham bir yil kerak bo‘ldi.

Denov tumanining chekka qishlog‘ida yashagani bois, buyurtma beradiganlar uzoq masofa yo‘l bosib kelardi. Ko‘ylakni berib yuborishlarini iltimos qilganida chevar ayol o‘g‘lini yollab, mijozlariga ko‘ylaklarini yetkazib beradigan xizmatni ham yo‘lga qo‘ydi.

Qilayotgan ishingiz sizga huzur bag‘ishlasa, o‘zingiz uchun qulaylik yaratishni istaysiz. Dilorom Yo‘ldosheva ham yangi va zamonaviy tikuv mashinasi bo‘lishini istab yurgan paytida o‘zi yashaydigan “Surxondiyor” mahallasi tomonidan xuddi o‘ylaganidek zamonaviy tikuv mashinasi olib beriladi. Ikkinchisini esa o‘zi kreditga oldi. Shundan keyin ishlari yanada yurishib, mavsumga mos kiyim-kechaklarni tikishni boshladi. Kelinlarga sarpo tikish kerakmi, choponmi, ko‘rpa, xullas buyurtmaga qarab tikib, qavib bera boshladi.

Biznesga ilk qadam…

Dilorom Yo‘ldosheva yangilikka o‘ch, shuning uchun bozor boradi, internet orqali kuzatadi. Yangi dizayn, tikish uslublarini o‘rganadi. Mijozlarning esa oyog‘i uzilmaydi, kimdir tikuvchi ayolning mahoratiga qoyil qolib, ko‘ylagidan mamnun bo‘lib rahmatlar aytsa, ba’zilarining o‘zlari ham mana shunday ko‘ylak tikishni istab qoladi. Bu esa Dilorom opani yanada ruhlantiradi. To‘g‘ri-da, qishloqda yashash oson emas. Qishloq ayollari dalada ishlashga mahkum. Bu esa oson emas. Qaniydi shart-sharoit bo‘lsa-yu, qishloq xotin-qizlari ham soya-salqinda, barcha shart-sharoitlari mavjud xonalarda mehnat qilishsa… Ana shunday o‘yda Dilorom Yo‘ldosheva hovlisidagi bir necha yilki, bitmay yotgan imoratga boqib turib, orzu qiladi. O‘sha yerdagi katta xonani ta’mirlatib, jihozlab, tikuv sexi ochsa, qizlarga tikish-bichishni o‘rgatsa, qo‘lidan ish kelganlari bilan birgalikda ishlasa…

Bu orada “Ayollar daftari”ga kiritilgan qahramonimiz, tikiv sexi ochish bo‘yicha huquqshunosdan maslahat oldi. Shu tariqa tadbirkorlik uchun birinchi qadamni tashladi. Subsidiya asosida bitmay yotgan xonasini tikuv sexiga mos ta’mirlatdi. O‘zini o‘zi band qilgach, biznes reja tuzib, amaliy sa’y-harakatlarni boshlab yubordi. Bunda “Ayol va zamon” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Gulnora Xodjaniyazova kerakli yordam va tavsiyalarni berib turdi. Qolaversa, ushbu NNT Dilorom opaning tikuv sexini tikuv mashinalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minladi. Natija esa yomon bo‘lmadi. Tikuvchilikka qiziqqan qishloq ayollarining soni ortib, bir necha oyda qo‘llari tikish-bichishga kelishib qoldi.

“Ayol va zamon” NNT huzuridagi o‘quv markazining Denov filialini ochib, unda dars o‘tishni boshlagan Dilorom Yo‘ldosheva kun bo‘yi sevimli ishi bilan band. Peshingacha kursga kelgan qizlarga chevarlik sir-asrorlarini o‘rgatsa, tushlikdan keyin bichish-tikish bilan band bo‘ladi. Shogirdlari ham ancha pishib qolgan — mahalladan, bozordan buyurtma oladi, o‘zini-o‘zi eplaydi. Uyida tinimsiz ishlaydigan mashinkalar ovozi shogird qizlarning gurungi-yu kulgisiga ulanadi. Dilorom opa bu manzarani ko‘rsatib, “oddiy qishloq ayoli o‘ziga ishonsa, harakat qilsa, qiyinchiliklarni yengib o‘ta olishi mumkin”ligini qat’iy ishonch bilan ta’kidlaydi. Hozirda tadbirkor ayolning shogirlari soni 60 dan ortiq. Ularning har biri ustozining mahoratiga, matonatiga tasanno aytishadi, mana shunday bardoshli ayolning etagidan mahkam tutib, qishloq ayollari ham nimalarga qodir ekanini ko‘rsatishga kirishishgan.

Matonati ko‘plarga ibrat

Ikki yil avval hayotida maqsadi va umidi bo‘lmagan ayolning bugun o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham baland. Ko‘zguga ana shunday ishonch bilan boqayotgan qahramonimiz baxtdan, quvonchdan kula oladi. U nafaqat o‘zining, balki qishloqdoshlarining ham hayotini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kunlar ikki yillar avval Dilorom Yo‘ldosheva uchun tush edi. Hozir ham u hayotida sodir bo‘layotganlarini kuzatar ekan, o‘zini tush ko‘rayotgandek his etadi. Uning bunday matonati, qahramonligi esa nafaqat yurtdoshlarimiz, balki yurtboshimizning-da e’tiboriga tushdi va ko‘ksiga “Mardlik” ordeni bo‘lib taqildi.

Bugun Dilorom Yoldoshevaning matonati barchaga ibrat bo‘la oladi. Barchamizni ruhlantirib, ertangi kunimizga bo‘lgan ishonchimizni oshiradi. Hayotga teran nigohlar ila boqsak, aslida ana shunday matonatli insonlar, ayollar juda ko‘p. To‘g‘ri, Dilorom Yo‘ldosheva misolida ularning biri bilan tanishgandirmiz. Ammo qahramonimizning ovsinichi, u ham bir ayol taqdiriga befarq bo‘lmay, o‘z ishidan voz kechgani matonat emasmi, Poshsha xolachi, xola bir umrlik Haj safariga borish orzusidan voz kechib, mahalladoshining joniga ora kirmoqchi bo‘lganichi? Mana shunday matonat timsoli bor ekan, dunyoda ezgulik tantana qilaveradi. Mana shunday matonat timsollari bor ekan, qalblardagi umid chiroqlari o‘chmaydi, yanada alanga olib, yashashga bo‘lgan kuchimizni oshiradi. O‘z oldimizga yangi maqsadlar qo‘yib odimlashga undaydi. Biz esa ana shunday yo‘ldan mag‘rur odimlayveramiz.

Sayyora ALLAYEVA

Oldingi sahifaMukofot muborak!
Keyingi sahifaQarz emas, tirgak aslida

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun