Azaldan ma’lumki, har bir faslning o‘z hus-u tarovati va afzalliklari bor. Bahor nafarmon gullari, yoz va kuz larzon mevalari, qish esa muzgaldaklari, oppoq musaffo qorlari bilan tabiatga o‘zgacha chiroy bag‘ishlaydi. Dehqonlarning tili bilan aytganda, fasllar almashinishi arafasida kelgusi yil hosili uchun taraddud ko‘riladi; yerlarni shudgorlash, ekin ekish, ko‘chat o‘tkazish, dala chekkalariga ishlov berish kabi bir qator tadbirlar olib boriladi. Ana shunday mavsumiy tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali tashkil etish uchun ko‘chat ekishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ham bejiz emas. Hozir o‘lkamizda qish fasli bo‘lishiga qaramasdan, butun mamlakat miqyosida ko‘chat ekish mavsumi davom etmoqda.
Kuni kecha viloyat hokimligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi. Press-tur ishtirokchilari “Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz” yo‘nalishidagi M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz, Angor, Muzrabot hamda Sherobod tumanlari hududida amalga oshirilayotgan ko‘chat ekish jarayonlari hamda Surxon davlat qo‘riqxonasida ayni paytda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
— Ushbu loyiha viloyatdagi 79 ta, Angor, Muzrabot va Sherobod tumanlari hududidagi 126 ta korxona va tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Kuz fasli mobaynida ajartilgan yer maydoni begona o‘tlardan tozalanib, yer tayyorlash ishlari amalga oshirildi. Tuproq ishlari uchun har kuni 100 dan ortiq texnika va 200 ga yaqin ishchi kuchi jalb qilinib, 10 ming kub unumdor tuproq olib kelindi. Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, iqlim sharoitiga mos keladigan ko‘chat turlari tanlab olinib, qanday ekish lozimligi berilgan edi. Shundan kelib chiqib, jami 295 ming 200 dona: xila katalpa, eldor qarag‘ayi, yapon tuti va chinor kabi daraxt ko‘chatlari ekish ishlari olib borilmoqda, —deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi viloyat boshqarmasi boshlig‘i B. Urunov.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Jumladan, “Yo‘lloyiha” tashkiloti tomonidan Termiz tumanidagi At-Termiziy ziyoratgohidan Sherobod tumanidagi Iso Termiziygacha bo‘lgan yo‘lning 2 tomonidagi muhofaza hududiga ko‘chatlarni ekish va sug‘orish tizimlarini joylashtirish maqsadida 32 ta suv havzasi qazilib, membrama to‘shalib, nasoslar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, bosqichma-bosqich 132 kilometr uzunlikda poleetilin quvurlari yotqiziladi. Ko‘chatlar yomg‘irlatish usuli orqali sug‘oriladi. Agar ushbu ko‘chatlar o‘z vaqtida parvarishlanib, sug‘orib borilsa, yaqin yillar ichida bu go‘shalar tanib bo‘lmas darajada go‘zal maskanlarga aylanishi hech gap emas.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Surxon davlat qo‘riqxonasidagi biologik xilma-xillikni ta’minlash, hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, “Yashil belbog‘”larni tashkil etish borasidagi ishlar bilan tanishishdi.
Surxon davlat qo‘riqxonasining Shalqon bo‘limi jug‘rofiy jihatdan qoq markazda joylashgan bo‘lib, tog‘lar asosan Zarafshon archazorlari bilan qoplangan va Turkmaniston respublikasi bilan chegaradosh qismida balandligi 1000 metrgacha keladigan tik qoyalar ajoyib ko‘rinish hosil qiladi. Ko‘hitang tog‘ tizmasining sharqiy yon bag‘irlarida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi dengiz sathidan 850 metrdan 3137 metrgacha balandlikdagi hududni o‘z ichiga oladi. Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida 807 tur o‘simlik uchraydi, shundan 47 tasi O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan.
Qo‘riqxonada hozirgacha 26 tur sut emizuvchi, 137 tur qush, 24 tur sudralib yuruvchi, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 5 tur baliq, jami 194 tur hayvonot dunyosi vakillari uchraydi. Shundan 25 tur hayvonot dunyosi vakillari O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan hayvonlardan 18 tur hayvon Xalqaro TMQI “Qizil kitob”iga kiritilgan bo‘lib, mazkur noyob turlardan morxo‘r yoki burama shoxli echki, Buxoro tog‘ qo‘yi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi.
Viloyatimiz bo‘ylab olib borilayotgan xayrli tadbirlar jurnalist va blogerlarda iliq taassurot qoldirdi.
X. TOG‘AYMURODOV