Denov tumanidagi “Namozgoh” mahallasi hududidan o‘tgan davlat ahamiyatidagi 4R108 “Denov aylanma yo‘li” avtomobil yo‘lini xalqaro ahamiyatdagi M41 “Bishkek–Dushanbe–Termiz” avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi temir yo‘l ustidan o‘tgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “2018–2022-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bunyod etilgan yirik yo‘l o‘tkazgich avtomobil yo‘llari qo‘mitasi buyurtmasi asosida qad rostladi. Foydalanishga topshirilgan zamonaviy inshootning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov amalga oshirilayotgan bunday ulug‘vor ishlar yurtimizning chekka hududlarida ham inson qadrini ulug‘lab, aholining munosib turmush kechirishi uchun obod, osuda va farovon hayotni ta’minlashga xizmat qilayotganini qayd etib o‘tdi.
Qiymati 81,5 milliard so‘mlik ko‘prikning uzunligi 300 metr bo‘lib, tirama devor uzunligi 100 metr, ikki tomonlama yo‘l uzunligi 1200 metr, kengligi esa 21 metrni tashkil etadi. Murakkab inshootni qurib, ishga tushurish uchun “Ko‘prikqurilish” aksiyadorlik jamiyati bunyodkorlari 6 ming 240 metr-kub beton, 35 ming metr-kub yer ishlarini amalga oshirdi. 30 dona temir-beton ustun, to‘rt turdagi 156 dona temir-beton to‘sin o‘rnatildi. Zamonaviy ko‘prik mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydi va yo‘ldagi uzoq yillik tirbandlikka chek qo‘yadi. Tantanali marosimda nuroniylar ko‘prikning yurt obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida uzoq yillar xizmat qilishini tilab, duoga qo‘l ochdilar va yaratilgan bu qulaylikdan quvonishdi.