So‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof-muhit ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘layotir.
Istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib borayotgani oqibatida esa yangidan qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketmoqda. Qolaversa, bugungi kunda madaniy hordiq maskanlari va ular hududlarining huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmagan. Hordiq maskanlari va ular joylashgan yerlarni xususiylashtirish, bunday obyektlar hududida bino-inshoot qurilishini ta’qiqlovchi qat’iy normalar mavjud emas edi.
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlashi mumkin. Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ayni paytda mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi obyektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda.
Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish ta’qiqlanmoqda.
Qonun loyihasi madaniy hordiq maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratish barobarida madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilanishiga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonunlar atrof-muhitni yaxshilashga xizmat qiladimi?
Date: