Hech o‘tayotgan kuningizni tahlil qilganmisiz? Nima qilyapman, farzandlarimizni munosib tarbiyalayapmanmi, ishim bilan jamiyatga naf keltira olyapmanmi? Savollarga beradigan javobimiz esa bizni sergaklantirishi aniq. Xolbuki, har tongimiz sugur kuni kabi takrorlanadi: uyg‘oniboq ishga shoshamiz, kun oxirlab uyga kelgach esa xorg‘in kayfiyatda uy yumushlari ila timirskilanib, ertangi kunning taraddudini ko‘rgandek bo‘lamiz. Ertasi ham yana shu holat takrorlanadi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Hayotimizga nimadir yetishmayotgandek emasmi, yo shunchalik moddiyatga berilganimizdan o‘zimizni-da so‘roqlashni unutdikmi?
Hamma qatori kamina ham erta tongdan uy yumushlariga bazo‘r ulgurib, so‘ng ishga shoshdim. Shahardan chekkaroqda yashaganim uchun, yo‘l bo‘yi xayollar surish, kunlik ishlarimni rejalashtirishga-da ulguraman. Ha, shaharga kirishim bilanoq atrofning shovqin-suroni boshlanadi, avtomobillarning tinmay ovozli tovush chalishlari-yu, odamlarning o‘qish va ishga shoshib, bir-birlarini quvgannamo o‘tishlari, meni sergaklantirib qo‘yadi. Shunday bo‘lsa-da, atrofdagilarga salom berishni unutmayman. Nima qilay, bolalikdan odatlanganim tarbiya bo‘lib kirganni unutish qiyin. Afsuski, hamma ham salom berishni unutgani yetmaganidek, salomingizga alik olishmaydi. Men-ku mayliku-ya, boshqalar ham o‘zaro bir-birlari bilan salom-alik qilmay qo‘yishgan.
Salomlashishni unutgan olomonga, sovuq nigohlarga bir-bir qararkanman, dahshatga tushaman, ulardan xafa bo‘laman. Bu nigohlar oqibatni, insoniylik tuyg‘ularini unutgandek, erta tongdan xuddi manfaat ilinjida otlangan-u boshqa jihatlarni manqurt misoli unutgandek. Aslida salomlashish odobi islom dinida ham sunnat ekanligi hammamizga ma’lum. Salomlashish dinimiz shiorlaridandir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot alayhissalom shunday deganlar: “Jannatga kirolmaysiz toki iymon keltirmaguningizgacha, (komil) mo‘min bo‘la olmaysiz toki o‘zaro muhabbatli bo‘lmaguningizgacha. Sizlarga bir narsani o‘rgataymi, agar shuni qilsangiz, o‘zaro muhabbatli bo‘lasiz, oralaringizda salomni yoying!” (Muslim rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, salomlashish musulmonning hayotida o‘ta muhim amal bo‘lib, kishi iymonining komil bo‘lishiga va odamlarning muhabbatiga sabab bo‘lar ekan.
Salomni “Assalomu alaykum” deb to‘liq va chiroyli shaklda berish lozim. “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh”, deb aytilsa, yanada yaxshiroqdir. Ayniqsa, yoshlarimiz orasida odat tusiga kirgan “Salom”, “privet” kabi so‘zlar bilan salom berish salomlashish odobiga ziddir.
Salom beruvchi doimo avval salom berishga intilishi kerak. Zero, bu borada Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yuksak namuna bo‘lganlar. U zot yo‘liqqan har bir kishiga doimo avval salom berganlar.
Salom berish sunnat bo‘lsa, salomga alik olish vojib amal hisoblanadi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda “Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan yaxshiroq alik oling yoki xuddi o‘zidek javob bering” deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadan alik oluvchiga tegishli quyidagi odoblar kelib chiqadi:
Salom berilsa, unga, albatta, javob qaytarish, berilgan salomdan chiroyliroq shaklda javob qaytarish, hech bo‘lmaganda, berilgan salomning o‘zini qaytarish shart. Ko‘pchilikka salom berilganda ko‘pchilik nomidan bir kishi alik olsa, kifoya.
Bundan tashqari, salom berish mumkin bo‘lmagan holatlar ham bor. Qur’on, namoz, azon yoki takbir aytayotganga, hammomda yuvinayotganga, hojatxonadagi kishiga, og‘zida taomi bor kishiga, nomahram ayollarga va hojatxonadan chiqqan kishiga to u tahorat olmagunicha, salom berilmaydi. Zero, yuqoridagi holatlarda salom berilsa ham alik olinmaydi.
Salomlashishda qo‘l berib ko‘rishishning ham odoblari bor. Kaft kaftga qo‘yilib, ikki qo‘l bilan ko‘rishiladi. Bir qo‘l bilan ko‘rishish odobsizlikdir, uzrli holat bo‘lsa, bir qo‘l bilan ko‘rishsa bo‘ladi. Uzoq vaqt ko‘rishmaganlar, quchoqlashib ko‘rishishlari joizdir. Bunda avval, o‘ng ko‘krakka, keyin chap ko‘krakka bosiladi. Ammo, hozirgi kunda ba’zi o‘zlarini madaniyatli deb hisoblaydiganlar orasida odatga aylangan erkaklarning o‘pishib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin emas. Shogirdlar ustozining, farzandlar ota-onasining hamda fazilatli kishilarning qo‘lidan o‘pib ko‘rishish mumkin.
Nahotki, atrofimizdagi insonlar bir-birlariga bo‘lgan mehr-oqibat yo‘qolib bormoqda. Bu holat birinchi marotaba emas, har kuni yo‘lda ketayotib ana shunday voqeaning guvohi bo‘laman. Salom berganimda xuddi meni tanishimmisiz yoki biror tanishiga o‘xshatganidek hayratlanib qarashadi. Aksincha, salom berganingizga sizni hijolatga qo‘yishadi.
Odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat yo‘qolib borayotganligi haqida o‘ylab qalbim o‘g‘rib, xayolga sho‘ng‘ib kelayatgan chog‘imda yana bir narsa e’tiborimni tortdi. Yo‘lning narigi tarafiga o‘tishim bilan bir quti ichilgan bo‘sh pivo idishi va sochilib yotgan bir talay salafan-u qog‘ozlarga nazarim tushdi. Eh, bu nima ahvol, madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan shaharning qoq markazi shu ahvolda bo‘lsa-yu, chekka hududlar ahlidan nimani kutasan deya ertalabdan kayfiyatim tushdi. Nimasini aytasiz, salom-alikni unutgan inson atrofdagi chiqindilarga qanday nazar solsin deya ich-etimni kemirdim. Axir, inson salomatligi uchun ekologiyaning tozaligi naqadar muhim bo‘lsa, insoniylik tushunchalari ham ana shunday ahamiyat kasb etishini qachon tushunib yetamiz? Tozalik bor joyda kasallik bo‘lmaydi, o‘zlikni unutmasak, oqibat ko‘tarilmaydi. Darhaqiqat, vatan ostonadan boshlanadi deganlari kabi tarbiya ham o‘z oilamizdan boshlanadi. Tozalik haqida to‘xtalganimizdek, eng avvalo, har birimiz qalbimizni pokiza saqlaylik, mehr-oqibatli bo‘lsak, salomlashish uchun qarindoshlik, birodarlikni da’vo qilish shart emas. Holbuki, barchamiz insonmiz, Odam at ova Momo havoning farzandlarimiz. Tarbiyani oiladan boshlaylik, farzandlarimizga o‘zimiz ko‘zgu bo‘laylik. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deganlaridek, salmlashish odobidan tortib, tozalikkacha o‘g‘il-qizlarimiz ongiga singdiraylikki, kun kelib ular mendek, atrofdagilardn hayratlanmasin, qalbi o‘ksinmasin.
Dinara QO‘ZIMUROTOVA