DAVRIMIZDA TERMIZIYLAR TADQIQI

Date:

Mustaqillik – qadriyatlarimiz tantanasi sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan ajdodlarimiz merosiga bog‘lanish va o‘zligimizni anglash hamohang tushunchalardir. Buning uchun esa ilmiy-tadqiqot ishlari lozim bo‘lib, olimlarning o‘zaro fikr almashinuvi ushbu yo‘nalishning muhim asosi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2024-yil 15-avgustdagi PQ-292-son qaroriga ko‘ra 2024-yil 12-sentyabrda Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Termiz davlat universiteti va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, konferensiyada respublikamizdan 60 ga yaqin taniqli diniy ulamolar, yetuk islomshunos olim va mutaxassislar ishtirok etdi.
Ushbu konferensiya doirasida Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning (824-892) shoh asari bo‘lgan “Sunan” kitobiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, ushbu asarning hadisshunoslik ilmi taraqqiyotida tutgan o‘rni yuksak bo‘lib, u Islom olamidagi eng mashhur olti hadis to‘plamining biridir. Konferensiyada ushbu asarning umumbashariy ahamiyati, hadis to‘plamlari orasidagi o‘ziga xos o‘rni haqida so‘z yuritildi. Imom Termiziy va Imom Buxoriy ustoz-shogirdlik an’analarining “Sunan” asarida aks etishi, bu ikki olim o‘z asarini bitishdi tutgan uslublar va ularning o‘ziga xosliklari shular jumlasidandir. Olimning “ash-Shamoil al-Muhammadiyya” (Payg‘ambarlik sifatlari) nomli muhim asari ham bo‘lib, u go‘zal odob-axloqning yuksak namunalari jamlangan noyob manbadir. Tadqiqotchi olimlar ushbu asarning sharhlari va Islom dunyosidagi ahamiyati haqida ham batafsil so‘z yuritishdi.
Anjumanda Islom olamidagi eng mashhur mutafakkir allomalardan biri bo‘lgan Muhammad Hakim Termiziy (taxm. 820-932) faoliyatiga ham keng o‘rin berildi. Allomaning oilaviy muhiti, “Navoidr al-usul” (Hadislarni anglashning nodir usullari), “al-Amsol minal-Kitabi vas-Sunna” (Kitob va Sunnada kelgan zarbulmasallar), “Buduvvu sha’n Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy” (Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy hayot yo‘li) kabi muhim asarlari xususida ma’ruzalar qilindi.
Albatta, anjumanda Surxon diyorida yashagan yoki ushbu zamindan yetishib chiqqan Abu Bakr Varroq Termiziy, So‘fi Olloyor, Roziyuddin Chag‘oniy kabi olimlarning hayoti va ijodiga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Xulosa qilib aytganda, Imom Termiziy ilmiy merosining o‘ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati respublika ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari uchun ilmiy va amaliy platforma bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, Islom dini ravnaqi hamda Islom sivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qo‘shgan Termiziy allomalarining olamshumul ahamiyatga molik ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan bugungi tadqiqotlar natijalarini umumlashtirish hamda ularning navbatdagi bosqichida dolzarblik kasb etayotgan vazifalarni belgilab olish, ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida navbatdagi muhim qadam qo‘yildi.

Sarvar Saidov,
Imom Termiziy axlqaro ilmiy-tadqiq markazi Ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Vatanparvarlik vujudimizda

Vatanni sevish — inson tug‘ilganidan onasini yaxshi ko‘rish, o‘z...

“QALQON” HARBIY QISMDA

Termiz davlat universiteti volontyor talabalaridan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhi...

Talablar o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida Umra tadbirlarini tashkil etish va...

Statistika agentligi ISO 9001 xalqaro sertifikatini oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-114-son qarorida belgilangan vazifalardan...
KunTun
KunTun