Mo‘l-ko‘l, arzon va qadrsiz narsalarga nisbatan oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deb nisbat beramiz. Biroq bugungi kunda hatto tuganmasdek ko‘ringan suv arzon ham, mo‘l-ko‘l ham emasligi tobora oydinlashayotir. Zamonga va vaziyatga moslashtirayotganimiz oldingdan oqqan suvning qadri bo‘lsin, degan mazmundagi da’vatlaru murojaat va chaqiriqlarni tez-tez eshitayotganimizning boisi ham shunda. Xuddi suvdek, elektr energiyasi taqchilligi ham dunyo hamjamiyatining diqqat markazidagi masala. Suv va elektr energiyasisiz esa taraqqiyot jadal kechmaydi, tiriklikka ziyon yetadi.
Demak, har ikki ne’matni sarflashda va muqobilidan foydalanishda har birimiz sergak tortishimiz kerak.
Yildan yilga kuchayib borayotgan suv taqchilligini yumshatish uchun suv tejovchi texnologiyalarning eng samaralisi, tomchilatib sug‘orish bo‘lsa, muqobil energiya manbalarining sarasi sifatida quyosh panellariga yuzlanamiz. Bu usuldan, ayniqsa, suv resurslari hamda asosiy elektr tarmoqlaridan uzoqda, tog‘li va tog‘ oldi hududlarda joylashgan poliz ekinlarini hamda bog‘ va tokzorlarda foydalanish tejamkorlik barobarida yuqori hosil olish imkonini beradi. Ushbu hududlarda tomchilatib sug‘orish tizimiga suv uzatuvchi nasos qurilmalarini elektroenergiya bilan ta’minlashda esa quyosh energiyasidan foydalanish mumkin.
Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy qilish 600 ming gektargacha yetkazish belgilab berilgan. Buning uchun, suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq qiluvchi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni turli xil imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun xalqaro banklarning mablag‘larini jalb qilish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish, shu jumladan, quyosh batareyalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, qolaversa, muqobil energiya manbalaridan foydalanish sohasida tadqiqotlar va namoyish maydonchalarini yaratish ko‘rsatib o‘tilgan.
Prezidentimiz tomonidan o‘tgan yilning 29-noyabrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi belgilanganligi esa masalaning nihoyatda dolzarbligidan darak. Yig‘ilishda muhim vazifalar qilib, kanal va ariqlarni betonlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish borasida aniq takliflar ilgari surilgani viloyatimizda ham bu boradagi ishlarning jadallik bilan boshlab yuborilishiga yo‘l ochdi.
O‘z navbatida bu holat tadqiqotchilar va olimlarimizdan ham sohada innovatsion texnologiyalardan foydalanishda ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo etayotir.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti milliy tadqiqot universiteti katta ilmiy xodimi Tohir Majidov rahbarligidagi ilmiy jamoa tomonidan Dunyo bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orishning avtomatlashtirilgan tizimi” nomli grant loyihasi esa hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga “labbay” deb javob berishning bir ko‘rinishi, desak adashmagan bo‘lamiz. Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bir qatorda to‘rtta hududda, jumladan, viloyatimizning Sariosiyo tumanidagi “Mindal agro” fermer xo‘jaligida ham hayotga tatbiq etilayotir.
Tumanning “Niholzor” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Mindal agro” 33,4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, asosan, bog‘dorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Ayni vaqtda 23 gektar maydonda olma, gilos, olcha, yong‘oq daraxtlari ekilgan. Olma daraxtlari esa allaqachon hosilga kirib xaridorlarini quvontirayotir. Yosh nihollar qatorlari orasiga esa chisnok, bug‘doy, beda kabi ekinlar ekilib, qator oralaridan ham unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
Grantning asosiy maqsadi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda avtomatlashtirilgan kompleks tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish orqali, suv va energetik resurslarni tejash, qishloq xo‘jalik ekinlarini o‘z vaqtida samarali suv bilan ta’minlash, qo‘shimcha qishloq xo‘jalik yerlarini o‘zlashtirish, hosildorlikni oshirish, mehnat xarajatlarini kamaytirish, aholining daromadlarini oshirish, qashshoqlikni kamaytirish hamda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu fermer xo‘jaligi maydonlarini tomchilatib sug‘orish va suv nasoslarini elektr energiya bilan ta’minlashda maqsadida Tohir Majidov tomonidan amalga oshirilayotgan grant loyiha asosida ko‘chib yuruvchi quyosh elektrostansiyasi tizimini o‘rnatish va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini xo‘jalikda joriy qilish boshlab yuborilgan. Ushbu tizim tomchilatib sug‘orish, energiya bilan ta’minlash va avtomatika tizimlaridan iborat. Uning asosiy qismlaridan biri, ko‘chib yuruvchi quyosh elektrostansiyasidir.
Ushbu stansiya 8 dona 500 Vt lik (umumiy quvvati 4,5 kVt) quyosh panellari, invertorlar, akkumulyatorlar, kontrollyorlar va boshqa qismlar hamda bir vaqtning o‘zida 8 gektar bog‘ni sug‘orish uchun yetarli bosim va suv sarfi uzatadigan nasos qurilmasidan iborat.
Ma’lumki, yoz oylarida viloyatimiz hududida havo harorati yuqori ko‘tarilishi mumkin. Issiq haroratda quyosh panellarining foydali ish koeffitsiyenti pasayib ketadi va ba’zi qismlari erib ketishi ham mumkin. Bunday holat sodir bo‘lmasligi uchun quyosh panellari, suv bilan sovutish tizimi bilan ta’minlangan. Quyosh elektorostansiyasidan yil bo‘yi foydalanish uchun uning barcha qismlari, paxta tashuvchi telejkaga joylashtirilgan. Hali to‘lig‘icha ish boshlab ulgurmasidanoq “Mindal agro” fermer xo‘jaligiga o‘rnatilgan ko‘chib yuruvchi quyosh elektrostansiyasi, Sariosiyo hamda qo‘shni tumanlardagi fermer xo‘jaliklari va boshqa korxona rahbarlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Telejkaga o‘rnatilgan ko‘chib yuruvchi quyosh elektrostansiyasi, nasos qurilmasi, suv hovuzi, suv uzatish quvuri, suv sarfini tartibga soluvchi kran, taqsimlovchi quvurlar, tomchilatgichli sug‘orish quvurlari, avtomatika asboblari, shuningdek, boshqaruv pultidan iborat bo‘lib, sug‘orish ishlari amalga oshirilmagan vaqtlarda telejkadagi quyosh panellari xonadonlar yoki dala shiyponi yoniga olib borilib, elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatini beradi, ustiga ustak, ortiqcha mablag‘ sarflanishining ham oldini oladi.
Kelajakda ushbu ko‘chib yuruvchi quyosh elektrostansiya, o‘zi ishlab chiqargan elektroenergiyada harakatlantiruvchi dvigatel bilan harakatlantirilishi rejlashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida, ushbu dvigatel bilan quyosh panellarini, quyosh traektoriyasiga mos holda harakatlantirishga xizmat qiladi. Ushbu loyihaning yana bir afzal tomoni borki, fermer xo‘jaliklaridan tashqari, kichik sarfli nasos qurilmalari bilan suv ko‘tarishda, sug‘orishga suv yetkazib berishda, xonadonlarni yoritish, isitish va sovutishda, kichik quvvatli elektr asboblarini ishlatishda ham foydalanish mumkin.
Adolat Mo‘minova