Yoshlar bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, ezgu ishlarimiz davomchisidir. Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, ularni vatanparvar, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlovchi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarimizning amalda o‘zini namayon qilishi uchun keng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustuvor vazifalarini maqsadli amalga oshirishga qaratilgan yil oylari alohida nomlangan bo‘lib, Yanvar — “Vatanga sadoqat oyligi” deb belgilangan. Mazkur oylik doirasida O‘zMTDP Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan yosh avlodni jismonan va ruhan sog‘lom etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida Oltinsoy tumanidagi 45-umumta’lim maktabida harbiylar, tumanlardagi maktablarning harbiylashtirilgan sinflari o‘quvchilari ishtirokida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Harbiy vatanparvarlik festivali tashkil qilindi.
Vatanparvar tashkilotining maxsus texnikalari orqali ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Unda, mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi xodimlari hamda O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari ishtirok etib, ular mamlakatimizda yoshlarni vatanparvar, har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalash borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘zladi. Shundan so‘ng, festivalning asosiy qismi boshlandi.
Harbiy arkestr jamoasi tomonidan vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tinglandi. Maktab o‘quvchilari o‘zlarining she’riy va harbiy chiqishlarini ham namoyish etishdi. Ertangi kunimiz egalari hisoblangan yoshlar safda shahdam qadamlar bilan yurish, arqon tortish, yugurish, umuman, sportning bir necha turlari bo‘yicha bellashdilar. Tadbir davomida, sinflarda maktab o‘quvchilari ishtirokida vatanparvarlik soatlari ham o‘tkazildi. Yakunda, harbiy vatanparvarlik festivalida faol ishtirok etgan yoshlarga tadbir tashkilotchilarining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Albatta, bunday harbiy-sport musabaqalarining o‘tkazilishi yoshlarning fuqarolik burchini, shaxsiy mas’uliyat hissini uyg‘otish, shu yurt va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, qat’iy e’tiqodi, kasbiy mahoratini yanada oshirish, eng muhimi, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.