Tilimizning boy imkoniyatlarini, go‘zalligini hech bir ilm ahli Navoiy bobomizchalik ochib bera olgan emas. Mana oradan necha-necha asrlar o‘tdiki, tilimiz yanada sayqal topdi. Ilmiy izlanishlar, boy adabiy merosimizni o‘qib o‘rganish davomida bu imkoniyatlarni o‘zimiz ham angladik, amin bo‘ldik. 1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani esa o‘zbek xalqi uchun haqiqiy bayram, xursandchilik, o‘zlikka qaytish kuni bo‘ldi. Shu sababdan ham ushbu kun yurtimizda o‘ziga xos bayram sifatida nishonlanadi.
Bu yil ham 21-oktyabr kuni ziyolilar taklifi va keng jamoatchilikning istagi bilan savdo nuqtalarida tovar va mahsulotlar 5 foizlik chegirmalar bilan sotiladi. Joylarda o‘zbek tilimizni ulug‘lovchi tadbirlar, kechalar, uchrashuvlar tashkil etiladi. O‘zbekman deganning kayfiyatini ko‘targuvchi bayram dasturlari esa ushbu kunning ahamiyatini ochib beradi. Termiz davlat universitetida bo‘lib o‘tadigan til bayrami ana shunday ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilishi reja qilingan va oliygoh mas’ullari hamda talabalari bayramga puxta hozirlik ko‘rishayotir.
Bayram oldidan universitetda kitoblar taqdimotining o‘tkazilgani esa tilshunoslik bilan shug‘ullanivchi ilm ahlini, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning e’tiborini tortdi. To‘g‘ri-da, faoliyatimiz davomida qaysidir so‘zning qanday yozilishi haqida ikkilanib qolamiz. Bu ikkilanishni aritishning eng to‘g‘ri yo‘li esa izohli lug‘atga ko‘z yugurtirishdir. Shundan keyin bu so‘zning yozilishi hech ham yodimizdan ko‘tarilmaydi. Har bir xonadonda, tashkilot va idorada ana shunday izohli va imlo lug‘atlari bo‘lishi shart va zarur. Tadbir davomida filologiya fanlari doktori, professor N.Mahmudov tahriri ostida nashrdan chiqqan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 90 mingga yaqin so‘zni o‘z ichiga olgan ushbu kitob har birimiz uchun eng kerakli qo‘llanma bo‘lishi mumkinligi e’tirof etildi.
Istaymizmi yo‘qmi, o‘zbek tili sheva va lahjalar hisobiga boyigan, eng maqbul, omma uchun tushunarli variant adabiy tilda me’yor sifatida tanlab olingan. Ammo, badiiy adabiyotlar mutolaasiga kirishganimizda shevaga xos so‘zlarga duch kelamiz. Bu so‘zlar dialoglarda mahorat bilan qo‘llanilganki, o‘qiganingizda zavq olasiz. Muallifning so‘z qo‘llashiga tahsin o‘qiysiz. Xolbuki, janubiy vohaning chekka hududlarida mehmon bo‘lsak, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar suhbatida bo‘lib qolganimizda ham ayni asarlarimizdagi dialoglarga hayotda duch kelamiz. Suhbatdoshimizning ba’zi jumlalarini tushunib-tushunmay ham qolamiz. Shu o‘rinda “O‘zbek xalq so‘zlari” kitobi yordamga keladi. Ushbu kitobning taqdimoti davomida shevaga xos so‘zlar va iboralarning qiymati, qimmati haqida bilib olish mumkin bo‘ldi. F.Musayeva tahriri ostida chiqqan kitob 2 qismdan iborat bo‘lib, taqdimot davomida kitobdan o‘rin olgan so‘zlar va ularning tahlili barchada qiziqish uyg‘otdi.
Nutqimiz jozibasi va ta’sirchanligini oshiradigan, omma e’tiboriga qoladigan jihat bu frazeologiyadan foydalanishdir. Biz bilgan va bilmagan frazeologik atamalar esa “O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati”da jam.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda axborot texnologiyalari ham kirib keldiki, bu tilimizda yangi so‘z va atamalarning o‘zlashishiga sabab bo‘ldi. Hamma ham sohaga oid so‘zlarning ma’nosini bilavermaydi. Uni ommalashtirish, keng ommaga tushuntirish uchun esa “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”ning nashr etilishiga zarurat tug‘dirdi. Mazkur lug‘atning taqdimotidan bildikki, kitob 10 mingga yaqin atamani o‘z ichiga olgan va har bir atamaning ta’riflari, ingliz va rus tilidagi muqobili ham o‘rin olgan.
Ushbu lug‘atlar taqdimoti bahonasida tilshunoslarimizning izlanishlari, tinimsiz mehnatidan voqif bo‘ldik. Bu izlanishlarning mevasi esa g‘oyatda qimmatli bo‘lib, bundan xalqimiz ahli, qolaversa, kelgusi avlodlar ham bahramand bo‘lishi kishini quvontiradi.
Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)