Haydovchi haqmi yoki yo‘lovchi?
Xalqimizda azaldan “yo‘l azobi go‘r azobi” degan hikmat bor. Biroq yo‘l azobiga yo‘l haqining qimmatlashishi qo‘shilsa, odamlarni qiynayotgan muammo ikki hissaga ortishi tabiiy. Shu kunlarda voha bo‘ylab harakatlanayotgan avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan yo‘l haqining sun’iy ravishda oshirilishi yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Vaholangki, holat jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini taqozo etish bilan bir qatorda, vaziyatni obdon o‘rganishga undadi. Aholining haqli e’tirozlari esa mutasaddilar hamda jurnalist, blogerlarni ham sergaklikka chorladi.
Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan Transport boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalist va blogerlar hamda jamoatchilik faollari uchun Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yo‘lovchi tashish xizmatining holati, taksilar faoliyati bilan yaqindan tanishish, vaziyatni chuqurroq o‘rganish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Mazkur press-turning dastlabki “nishoni” Denov shohbekati bo‘ldi. Denov shohbekatida Termiz shahriga qatnaydigan yo‘nalishli avtomobillar faoliyati, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishi bilan bog‘liq holat o‘rganildi. Haydovchilar va bekat nazoratchisi aholi vakillari bilan suhbat qilinib, mavjud vaziyat xolisona tahlil qilindi.
O‘rganish davomida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan va masalaning mohiyatini anglashga qaratilgan yagona savol “Adolat kim tomonda” degan haqli savol bo‘ldi. Xo‘sh, aslida yo‘l haqi narxlarining oshishiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda? Nega odamlar avtomobilda harakatlangani uchun odatdagi narxdan ikki-uch baravar pul to‘lashga majbur bo‘layotir?
“Denov-Termiz” yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan avtotransport vositalari haydovchilari bilan suhbatda, vaziyatni xolisona kuzatish maqsadida, yo‘lovchiga aylandik.
Haydovchilardan Termizga borish narxini so‘raganimizda, “bir kishiga 70 ming so‘mdan bersalaringiz, manzilingizgacha eltib qo‘yamiz” degan qat’iy javobni oldik. 10-15 chog‘li haydovchilarning hammasi kelishib olganday bir ovozdan “70 mingdan kam bo‘lmaydi, ketsang shu, ketmasang ana katta ko‘cha” deb turibdi. Biroq hamkasblarimiz vaziyatni kamera obyektiviga muxrlash maqsadida mikrafon, diktafonu qo‘lidagi videokameralari bilan kelib qoldi-da, haydovchilarni yana savolga tutishdi. Hali oradan ikki daqiqa ham o‘tmagan bo‘lsa-da, haydovchilar birdaniga fikridan qaytib qolishdi yoki gap-so‘zlari, xatti-harakati kameraga tushib qolishdan qo‘rqishdimi, “Termiz shahriga 50 ming so‘mdan qatnaymiz, bizda har doim narxlar bir xil bo‘ladi” mazmunidagi javoblarni bera boshladi. Biz esa ikki daqiqa oldingi holatni aytganimizda ba’zi bir haydovchilar aytgan gapidan tongan bo‘lsa, ba’zi birlari o‘zlarining muammolarini aytib ketishdi.
Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz, benzin narxining oshishi, ustiga ustak, shoxobchalarda gaz ma’lum bir vaqtda berilib, qolgan vaqtlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopilib qolishi natijasida ba’zi haydovchilar avtomobiliga yoqilg‘i to‘ldirishga ham ulgurmasdan, benzindan harakatlanayotgani, avtomobillarning ehtiyot qismlari narxi ko‘tarilishi, yo‘llarda radarlarning ko‘pligi kabi turli xil sabablar keltirayotgan haydovchilar ham o‘zicha haq. Qolaversa, Termiz shahriga ish bilan borayotgan avtoulov haydovchilari ham uyushmaga hech qanday to‘lov to‘lamasdan yo‘l-yo‘lakay odam tashish bilan shug‘ullanishi natijasida haydovchilarga “non” qolmayotganidan norozi ekanliklarini ochiq-oydin jurnalist va blogerlarga bayon qilishdi.
Haydovchilar tomonidan guruch, go‘sht va boshqa turdagi mahsulotlarning narxi oshib ketishi, ishlay desa, ishning yo‘qligi kabi bir qator ijtimoiy muammolar ham ko‘tarildi.
“To‘rt nafar farzandim bor, ayolim ishlamaydi. O‘zim yaqindagina Rossiyadan keldim, endigina shoxbekatga kelib odam mindiraman deb turgan paytim edi, bizni ham to‘g‘ri tushuninglar, 50-60 ming so‘mga hozir nima beradi. Ishlashni istaymiz, biroq ishning o‘zi yo‘q nima qilaylik, ro‘zg‘or boqishimiz kerakmi, agar arzongarovga yo‘lovchi tashiyversak, bola-chaqani kim boqadi. Hozir hamma narsaning narxi oshib yotibdi” deya dardi hol qilayotgan haydovchilarni ham ayblab bo‘lmaydi, albatta.
O‘zingni band qilsang, o‘rning bo‘ladi
O‘rganish asnosida Transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan haydovchilarning qonuniy jihatdan faoliyat olib borishi borasida huquqiy maslahat, tushuntirishlar ham berildi.
Prezidentimizning 2022-yil 7-iyuldagi “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida 2022-yil 1-sentyabrdan 2024-yil oxirigacha 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi deya aniq-ravshan qilib belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, haydovchi, avvalo, Davlat soliq inspeksiya hududiy bo‘limlariga borib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va belgilangan pul miqdori — BHMning bir baravari, ya’ni 330 ming so‘mnito‘lab, guvohnoma oladi. So‘ngra davlat xizmatlari markaziga borib qo‘lidagi guvohnomaga asosan yo‘lovchi tashish litsenziya varaqasi olish uchun bir yilga 330 ming so‘m davlat boji to‘lab litsenziya varaqasi oladi.
Biroq ayrim haydovchilar bu kabi qulayliklardan foydalanish tugul mutaxassislarning gaplarini ham eshitishni istamashmadi yoki qo‘lida na xat-hujjati, na yo‘lovchi tashishga ruhsati bo‘lmagan ayrim “uddaburon” haydovchilar jarima yozilishidan hadiksirab turli xil bahonalar bilan shoxbekatni tark etishdi.
Bir chekkada qo‘lida yuklari bilan nima qilarini bilmay vaziyatni zimdan kuzatayotgan “har haftada o‘qishga qatnayman, 70 ming borishim, 70 ming qaytishim yo‘l kira qimmatlashishi biz kabi odamlarning “belini chiqaryapti” deya o‘qishga ishga, shifoxonaga otlangan yoxud shaharda yashaydigan nabirasi diydoriga talpinib mashinaga minishini ham, minmasligini ham bilmasdan qimtinib turgan qora ko‘zlar turibdi.
— Ikki farzandim oliy ta’limda o‘qiydi, Termiz shahriga taksichilar kishi boshiga 70 mingdan olib ketadi, bu bizga og‘irlik qilyapti, — deydi denovlik Shohsanam Otamurodova. — Farzandlarim yo‘l haqi qimmatligi uchun uyga tez-tez kela olishmaydi. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechagini taksidan berib yuboraman, desam ham bitta yuborilgan sumka uchun 30 mingdan oladi. O‘zim oddiy ishchiman, bozorda ul-bul sotib kun ko‘ramiz. Bu holatni mutasaddilar nazoratga olishsa, yaxshi bo‘lardi.
Bir guruh jurnalistlar bahonasida 4-5 chog‘li yo‘lovchilar Termiz shahriga 50 ming so‘mdan ketadigan bo‘lishgani esa kishiga vaqtinchalik bo‘lsa-da taskin berganday bo‘ldi. Negaki, ushbu yo‘lovchilarni o‘zini jurnalistlar nazorati, kamera obyektiviga arzon narxda qatnayotgan qilib ko‘rsatishga uringan haydovchilar noilojgina o‘zlari aytgan narxda olib ketishga majbur bo‘lishdi.
— “Denov-Termiz” yo‘nalishida 6 ta avtobus qatnaydi, har yarim soatda bitta avtobus viloyat markaziga jo‘naydi, — deydi Denov shohbekat pattachisi Furqat Doniyorov. — Yo‘l kira narxi ham qulay 25 ming so‘m etib belgilangan, lekin odamlar cho‘ntagi ko‘tarmasa, taksilar qimmat narxda olib ketishidan norozi ekan, nega endi avtobusda qulay narxlarda viloyat markaziga borishni istamaydi. Masalaning bu tomoniga ham e’tibor qaratish kerak. Ba’zi paytlarda 4-5 ta odam bilan ham avtobuslar ketishga majbur bo‘ladi. Avtoshohbekatga kirib odam mindirayotgan taksilarning har biridan kuniga 15 ming so‘mdan chek puli olinadi. Bir kunlik topshiradigan chekimiz atigi 250-280 ming so‘m bo‘ladi. Nega kam deb savol berib ko‘ringchi. Chunki ko‘p avtomobillar noqonuniy tarzda faoliyat yuritib, ustiga ustak, yo‘l-yo‘lakay yo‘lovchi mindirib ketaveradi. Na chek puli, na taksi sifatida ro‘yxatdan o‘tamaganidan keyin ularga biroz arzonroq olib ketsa ham qoplaydi-da. Ko‘pchilik haydovchilar shohbekatga kelib o‘tirmay eski bozor tomondan qatnayveradi. Haydovchilar faqatgina shohbekatdan Termizga qatnashi yo‘lga qo‘yilsa edi, yo‘l haqi ham arzonlashardi. Davlatga to‘lanadigan chek puli ham ko‘payardi. Faqatgina haydovchi yo‘l haqi narxini oshiryapti deb emas, masalaning bu tomonlarini ham chuqurroq o‘rganishi kerak. Ana shundagina ahvol yaxshilanadi.
Nega aynan bayram kunlari yoki haftaning dushanba kunlari narxlarni sun’iy ravishda oshirib, 1,5-2 baravarga ko‘taryapsizlar, axir bu holat fuqarolarga qiyinchilik tug‘diryapti, yo‘lovchilar orasida talabalar, imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar ham bor. Yo‘l haqini istalgan paytda istalgancha oshirish mumkinmi? Qaysi qonun yoki qarorda belgilab qo‘yilgan, degan haqli savollar bilan murojaat qilgan jurnalistlarga dag‘dag‘a qilgan, baqir-chaqir qilib o‘zini oqlashga tushib ketgan haydovchilar ham bo‘ldi.
Har kilometrning “bahosi” qancha?
Viloyat Transport boshqarmasi mutasaddilarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, viloyatning umumiy aholi soni 2,822 million nafarni, aholining jamoat transporti bilan ta’minlanganlik darajasi esa 88 ta (har 1000 ta aholiga) tashkil etadi.
Viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan 62 ta avtobus yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, jami 24 ta tashuvchi korxonaning 316 ta avtobuslari harakatlanadi.
Shu bilan birga 4 ta yo‘nalishda jami 20 dona mikroavtobus aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bundan tashqari, taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 94 ta korxona mavjud bo‘lib, 6 709 ta (shundan o‘zini-o‘zi band qilgan taksilar 6 442 ta) yengil taksilar xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“Denov-Termiz” yo‘nalishidagi oraliq masofa esa 146 kilometrni tashkil etadi. Yo‘l haqi narxlari avtobuslar uchun har 1 km ga 170 so‘m va mikroavtobuslar uchun har 1 km ga 220 so‘m etib belgilangan.
Yo‘lovchilarni tashish faoliyati bilan shug‘ullavuvchi yengil avtotransport vositalarining yo‘l haqi narxlari yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Hisob-kitoblarga keladigan bo‘lsak, “Denov-Termiz” yo‘nalishida yo‘l haqi narxi avtobuslarda 24 820 so‘mni tashkil qiladi.
Tarazoning ikki pallasi
Jurnalist xalqi xolis bo‘lishi, tarozining har ikki pallasini birdek tutishi kerak. Ushbu vaziyatda esa tarozining bir pallasida turli xil vaj-karsonlarni keltirib, dodini kimga aytarini bilmay jig‘ibiyroni chiqib yurgan haydovchilar turgan bo‘lsa, quyosh tig‘ida yo‘l kiraning qimmatligidan avtotransportga minib manziliga ketishni ham, ortiga qaytarini ham bilmay turgan yo‘lovchilar tarozining ikkinchi pallasida turibdi. Aholining ham e’tirozlarida jon bor. Haydovchilarning ham keltirayotgan sabablari nojo‘ya emas.
Kim haq, nohaq ekanligi yuzasidan xulosa chiqarishdan oldin mas’ullar yo‘lovchi tashish xizmatini samarali va sifatli tashkil etish, mavjud muammolarga har ikki tomon uchun ham qulay bo‘lgan yechimlarni amalga oshirishi kerak, deb hisoblaymiz.
Denovda avtomobillar harakatlanishi uchun eski bozor hududida yo‘llar doim tirmand va nosozligi ham aholiga, avtomobil haydovchilariga qiyinchilik tug‘dirayotgani ham doimiy muammo bo‘lib kelayotganini gap orasida qistirib ketmasak bo‘lmas. Mazkur holatni tuman mutasaddilari nazoratga olishi, muammoni batafsil o‘rganishi hamda vaziyatni tezda o‘nglashi kerak.
Denov tumanidagi mavjud vaziyat o‘rganib bo‘lingach, jurnalist va blogerlar tomonidan yo‘l-yo‘lakay Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on hamda Jaro‘rg‘on tuman markazlaridagi shohbekatlardagi haydovchilar faoliyati, naxrlarning sun’iy oshirilishi, aholining bu boradagi etirozlari yuzasidan o‘rganish olib borildi. Vaholangki, “hamma joyga bitta xo‘roz qichqirgandek” vaziyat xuddi Denovdagidek bo‘lib chiqdi. Sho‘rchidan Termizga taksilar bir kishi boshiga 70 ming so‘m deb turgan bo‘lsa, qumqo‘rg‘onliklar 40 minggacha chiqishgan, jarqo‘rg‘onliklar ham hech kimdan kam emasmiz, degandek bir kishiga yo‘l haqini 25-30 ming so‘m qilib o‘zlaricha belgilab olishgan.
O‘rganish asnosida ayonlashdiki, yo‘l haqi haqiqatdan ham ayrim “uddaburon” haydovchilar tomonidan oshirilgan, aholi bundan aziyat chekmoqda. Biroq mavjud holatni bartaraf etish uchun faqatgina haydovchilarni ham ayblab bo‘lmaydi. Mutasaddilar tomonidan muntazam ravishda faoliyat olib boriladigan yo‘nalishli marshrutlar yo‘lga qo‘yilsa, yengil avtotransport vositalariga ham qat’iy narx belgilansa, vaziyatni o‘nglash mumkin. Bu kabi vaziyatlarning oldi olinadi.
Adolat MO‘MINOVA