Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha…

Date:

Termiz shahrida “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi va viloyatda iqlim o‘zgarishi muammolarini o‘rganish bo‘yicha ish amalga oshirildi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirish” loyihasi Latviya tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Latviya mahalliy va mintaqaviy boshqaruv organlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.


Qayd etilganidek, global iqlim o‘zgarishi zamonamizning eng jiddiy muammolaridan biri bo‘lib, barqaror rivojlanish yo‘lidagi jiddiy to‘siqqa aylanib bormoqda. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. 1880-yildan boshlab mamlakatda o‘rtacha yillik harorat Selsiy bo‘yicha 1,6 darajaga oshgan (13,2dan 14,8 darajagacha). 2030-2050-yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida havo harorati yana 1,5-3 darajaga ko‘tarilishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Havo haroratining eng ko‘p ko‘tarilishi Orolbo‘yida kutilmoqda, chunki Orol dengizining qurishi tufayli o‘ziga xos mahalliy iqlim o‘zgarishlari ham sodir bo‘lmoqda.


Keskin iqlim o‘zgarishlari suv resurslarining kamayishi, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligining pasayishi kabi jiddiy xavflarni uyg‘otadi, umuman, mintaqamizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bunday oqibatlar, birinchi galda, aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ma’lumki, respublikamiz aholisining uchdan bir qismi tabiiy gidrometeorologik ofatlar (qurg‘oqchilik, sel, toshqinlar, qor ko‘chkilari, muzlashlar, chang bo‘ronlari yuz beradigan) hududlarda istiqomat qiladi. Tabiiyki, bu yerlarda yog‘ingarchiliklar ko‘paysa, anomal sovuq yoki anomal issiq harorat kuzatilsa, vaziyat og‘irlashishi mumkin.


O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yangi, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli Strategiyalar qabul qilinib, hayotga tadbiq etilmoqda. Ular orasida 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish kontsepsiyasi, O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan kontsepsiyasi, 2019-2030 yillar davrida O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2019- 2028-yillar davrida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi bor.
Taqdimot qilingan qo‘shma loyiha mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish va qarorlar qabul qilish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish orqali O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha barqaror siyosatni rejalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun ikkita pilot hudud – Buxoro va Surxondaryo viloyatlari tanlab olindi. Ushbu hududlarda iqlim xavflari darajasini baholash, mahalliy omillarni hisobga olgan holda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, loyiha doirasida qaror qabul qiluvchi tashkilotlar foydalanishi uchun iqlim o‘zgarishini kompleks boshqarish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Naimullo Muhibulloyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomoshadan zavq olib…

Bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va...

Talablar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.06-23 «Shahar ko‘cha-yo‘llari. Piyoda mintaqalari...

Ochiq eshiklar kunida…

Albatta, bolajonlardan kelajakda kim bo‘lishlarini so‘rasangiz, kimdir harbiy, kimdir...

Munosiblar tavsiya etiladi

Imtiyoz so‘zi quloqqa xush yoqadi. Har birimiz qanday bo‘lmasin,...
KunTun
KunTun