Sherobod anorlari yurtimizda mashhur. Mazasi yeganning og‘zida qolguvchi bu anorlarni yana qidirib qolishimiz aniq. Xolbuki, bu meva organizmimiz uchun kon-u foyda. Ayniqsa, o‘tgan yildan buyon Sherobodda o‘tkazib kelinayotgan Anor festivali Sherobod anorlarini yanada mashhur qilib, xaridorgirligini ta’minlab berdi. Shu sababdan bu yil ham Surxondaryo viloyati hamda Sherobod tumani hokimliklari, viloyat Turizm boshqarmasi hamkorligida vohamizda ikkinchi bor anor festivali tashkil etildi. Tumandagi “Sherobod Anor Impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida bo‘lib o‘tgan festival erta tongdan ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
Festivalda joy olgan anorlar, bir-biridan mazali mevalarning marjondek terib qo‘yilgani mehmonlar e’tiborini tortdi. Ayni ko‘rgazma tomoshasi sabab fermer xo‘jaliklari anorzorlarida yetishtirilgan anorlarning, ularning sharbatlarini tatib ko‘rish mumkin bo‘ldi. Ko‘rgazma “Eng mazali anor sharbati – 2023”, “Eng katta anor – 2023” nominatsiyalari bo‘yicha tashkil etilgan tanlovlarga ulanib, g‘oliblar aniqlandi.
“Eng mazali anor sharbati – 2023” nominatsiya bo‘yicha “Sherobod toza bog‘” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi g‘olib deb topilgan bo‘lsa, “Eng katta anor – 2023” nominatsiyasi bo‘yicha Sherobod tumani To‘xtamurod Temirovich bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi g‘olib deb topildi (anor og‘irligi 1350 grammni tashkil etdi).
Festivalda tuman madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan sho‘x taronalar va chiqishlar mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi.
Sherobodda anor festivali
Date: