Jurnalist xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik, amalga oshirilayotgan islohotlar, sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni xolis nutai nazar bilan yetkazib beruvchi kasb sohibidir. Bugun ularning o‘rni, nuqtai nazari juda muhim. Mamlakatdagi ochiqlik, oshkoralik siyosatini, so‘z erkinligi mas’uliyatini ayni soha vakillari ko‘rsatib beradi. Surxondaryo viloyatida 37 ta gazeta – jurnal, 2 ta telekanal, 1 ta radiokanal, 4 ta veb-sayt, markaziy ommaviy axborot vositalarining 13 nafar muxbiri, 4 ta xususiy nashriyot, 2 ta bosmaxona, 58 ta matbaa korxonasi hamda davlat boshqaruv organlarining 54 ta axborot xizmati faoliyat yuritib, 350 dan ortiq xodim mehnat qilmoqda. Ayni ularning mehnatlari, izlanishlari samarasi o‘laroq viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar va sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar keng jamoatchilikka yetkazib berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi va voha jurnalistikasi, soha xodimlarining faoliyati, ularga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tanishuvning ilk manzili viloyat teleradiokompaniyasi bo‘ldi. U yerda jonli efir va telestudiyalarda ko‘rsatuvlarning yozib olinishini kuzatdi. So‘ng, “Ishonch” nodavlat teleradiokompaniyasi faoliyati, telestudiyalardagi sharoitlar, mavjud imkoniyatlar, ko‘rsatuv va lavhalarni tayyorlash hamda efir jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Aytish kerakki, “Surxon tongi” gazetasi viloyatning otaxon nashri sanaladi. O‘z tarixiga ega gazetaning jonkuyar jamoasini esa yosh va shijoatli kadrlar tashkil etadi. Bugun ular jamiayat bilan hamnafas, hamqadam faoliyat yuritayotganini voha ahli yaxshi biladi. Agentlik direktori Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda viloyat hokimligi muassisligidagi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyatidagi qizg‘in ish jarayoni bilan qiziqdi. Gazetalarning chiqarilgan sonlari, chop etilayotgan xabar va materiallarning mazmun-mohiyati haqida tahririyat xodimlari bilan suhbatlashdi.
Bu yerda barpo etilgan yangi bosmaxonada esa gazetalarning chop etilish jarayonini bevosita kuzatdi. Aytish kerakki, tahririyatda xodimlarning mazmunli ishlashi, o‘zlarini o‘z uyidagidek his etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mo‘jazgina issiqxonada qishin-yozin limon, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot va sitrus mevalar yetishtirilsa, o‘zbek va jahon adabiyotining, vohaning qalami o‘tkir publitsist va shoir, yozuvchilarining qimmatli asarlari bilan tahririyat kutubxonasi boyitilgan. Xodimlar bo‘sh vaqt topdi deguncha, yo kutubxonada mutolaadan zavq olishsa, ko‘ngillilar sport anjomlari bilan jihozlangan sport zalida sport bilan mashg‘ul bo‘lishlari mumkin…
Ezgu niyat bilan kelgan mehmon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyatida daraxt ko‘chati o‘tqazdi.
Asosiysi, ommaviy axborot vositalari xodimlari yaratilgan mana shunday sharoitlardan samarali foydalanishlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirib, axborot va yangiliklarni jamoatchilikka xolis, tezkor yetkazishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ana shunday tanishuvdan so‘ng, Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyatidagi ommaviy axborot vositalari rahbar va xodimlari, davlat boshqaruvi idoralari matbuot kotiblari hamda blogerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar xususida so‘z yuritildi. Prezidentimizning joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishish uchun viloyatlarga tashrifi chog‘ida hududlarda ishga tushirilayotgan yangi loyihalar va hududlarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari belgilab berilayotganining ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Bu jarayonda mamlakatimizda shakllangan ochiqlik, oshkoralik siyosatining, so‘z erkinligining masʼuliyati va o‘rni to‘g‘risida fikr almashildi.
–Bor narsani xalqimizga to‘g‘ri yetkazish kerak,–dedi A. Xodjayev.– Mamlakatimizda muloqotning yangi formatiga o‘tish uchun barcha sharoit yaratildi. Endi o‘rtada konstruktiv muloqot bo‘lishi zarur. Yuz berayotgan voqea, hodisalarni, yangiliklarni ommaviy axborot vositalari orqali ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham ochiq yoritish lozim. Jamiyatimizni rivojlantirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun konstruktiv, xolis takliflar berish kerak. Lekin, biz bu ishlarni qay darajada uddalayapmiz? Yoki vazifamizni bajarishda qanday muammolarga duch kelayapmiz? Bugun shu haqdagi fikr-mulohazalaringizni bemalol aytishingiz, takliflaringizni bildirishingiz mumkin. Balki, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sodir bo‘layotgan olamshumul o‘zgarishlarni xalqqa tezkor, to‘g‘ri yetkazish uchun press-turlar tashkil etish, matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazishga ehtiyoj bordir.
Ochiq muloqot chog‘ida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Sohani yanada rivojlantirish, davlat va xalq o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)