Har yilgidan o‘zgacha…

Date:

Bahorga ta’rif, ayolga berilgan go‘zal tashbeh bilan egizak tushunchadek, bir ma’no kasb etadi. Shu sababdanmi, fasllar kelinchagi bahor munis va dilbar ayollarning, go‘zal qizlarning bayramiga ulanib ketadi. Har yili ana shunday takrorlanish nafaqat nozik xilqat vakilalariga, balki barchaning ko‘ngliga bahoriy kayfiyat, ko‘tarinki ruh olib kirgandek bo‘ladi. Har qanday zamon-u davrda ham hayotimizni ayolsiz, onamiz, opa-singillarimizsiz tasavvur eta olmaymiz. Demak, bayram kayfiyati har birimizning qalbimizdan, xonadonimizdan boshlanib ketar ekan.

Termiz tumanidagi “Marvarid” dam olish maskanida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyatning asosiy bayram tantanalari tashkil etildi-yu, 1 600 nafar xotin-qizni bir yerda jam eta oldi. Ha, bu yilgi bayram tadbiri har yilgidan o‘zgacha va keng qamrovda bo‘lib o‘tdi. Bayram sababchilari ochiq osmon ostida, samimiy yozilgan dasturxon atrofiga taklif etildi.

Bayram tadbirini Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ochib berdi va jamiyatimiz gultojlarini bahorning ilk ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy qutladi. 17 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonining sohibasiga aylangan bo‘lsa, ibratli hayoti va turli sohalardagi fidokorona mehnati uchun bir guruh fidoyi xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Viloyatda istiqomat qilayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, uy-joyga muhtoj ayollar ham e’tibordan chetda qolmadi, ana shunday ayollarning 305 nafariga yangi uy-joylarning sertifikati topshirilgani alohida xursandchilik bo‘ldi.

Shuningdek, 428 nafar mahalla Xotin-qizlar faollariga kompyuter jamlanmalari berildi. Ushbu kompyuter jamlanmalari faol xotin-qizlarimizning kelgusi faoliyatida ishlarini osonlashtirishda beminnat yordamchi bo‘lib xizmat qiladi.

Bayram tadbirida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Mahmud Namozovning ko‘rinish bergani kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

Qolaversa, viloyatimizda ko‘zga ko‘ringan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan diltortar va ajib kuy-qo‘shiqlar barchani davraga — raqsga chorladi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Hudud yanada ko‘rkam

Jarqo‘rg‘on tumanida temir yo‘l atrofidagi hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish...

Yangi energetika loyihalari muhokama qilindi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning “Daqing Deep Aureus...

Ayrim avtomobillarga gaz quyish taqiqlanadi

2026-yil 1-sentyabrdan boshlab gaz ballonlari bo‘yicha hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagan,...

Yoshlar va rahbarlar ochiq muloqotda uchrashdi

Yoshlarning muammo va takliflarini eshitish, ularning kasbiy hamda ijtimoiy...
KunTun
KunTun