Yildan-yilga chiroy ochib borayotgan shahrimiz katta qurilishlar maydoniga aylangan. Osmon o‘par binolar mahobati, e’tiborni tortguvchi dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Albatta, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadida qurilish sohasini texnik tartibga solish, qurilish va loyihalashtirish ishlari sifatini oshirish va boshqa shu kabi muhim vazifalar belgilangan. Sifatli turar joylarni barpo etish hamda ijtimoiy infratuzilmani yaratish masalalari esa har doim ham dolzarb.
Birinchi masala esa aholi uchun mustahkam va qulay uy-joylarni qurishdir. Bu bo‘yicha bir qator normativ hujjatlar qabul qilingan. Yangi qurilgan uylarning belgilangan talablarga mosligi, ularning zamonaviy shaharsozlik normalariga uyg‘unligi esa muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun esa uy-joylar va ijtimoiy obyektlar sifati yuzasidan jamoatchilik monitoringini o‘rnatish lozim. Shu munosabat bilan “Yuksalish” umummilliy harakati Konrad Adenauyer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatida qurib foydalanishga topshirilgan yangi obyektlarning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganish maqsadida jamoatchilik monitoringi tashkil etildi.
Nazorat tadbirlari davomida viloyatning Termiz shahri, Jarqo‘rg‘on, Termiz va Angor tumanlarida barpo etilgan 10 dan ortiq ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy muassasalarning bugungi kundagi holati o‘rganildi. Xususan, ko‘p kvartirali uylarning mustahkamligi, belgilangan meʼyorlarga muvofiqligi, atrofda zarur infratuzilma bilan taʼminlanganligi vizual monitoring qilindi hamda yangi uylarga ko‘chib o‘tgan aholining mavjud sharoitlar haqidagi fikri o‘rganildi.
Ushbu tadbirlarga jamoat faollaridan tashqari soha mutaxassislari ham taklif etilgan bo‘lib, monitoring yakunlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi, so‘ng manfaatdor idoralarga taqdim etiladi.
S.Normurodova,
I.Mengliyev
(surat)