Tarixi uzoq o‘tmish bilan tutashib ketguvchi shu zaminda tug‘ilib, istiqomat qilayotganimizdan har qancha faxrlansak arziydi. Ne-ne ulug‘ zotlar, qanchadan-qancha buyuk allomalar yashab o‘tgani, ularning faoliyati hali-haligacha butun dunyoni hayratga solib kelayotgani bunga guvohlik berib turibdi. Ko‘ngilga nomini eshitish bilan iliqlik yugurtirib, qaddimizni bir karra rostlab, iftixor tuyg‘usini tuya boshlashga sabab bo‘ladigan shaxslar aslida kamdan-kam dunyoga keladi. Adabiyotshunos, tilshunos, mutafakkir, shoir, faylasuf, davlat hamda jamoat arbobi Alisher Navoiy nomining o‘zigina ana shunday yuksak tuyg‘ularni baxsh eta oladi. Navoiy haqida qancha ko‘p gapirsak, shuncha kamdek, go‘yo. Navoiy nomi ibratga to‘la hayot tarzi, faylasufona ruhda yozilgan asarlari-yu rangin she’riyati bilan ming yilliklar davomida barhayot qolishi shubhasiz.
Ulug‘ bobomiz tavalludini keng nishonlash maqsadida bugun har qadamda, har bir maskanda shodiyona shukuhi. Ushbu sana yaqinlashib boshlashi bilanoq g‘azalxonlik, she’riyat kechalari avj olib ketadi. Erta tongdan Navoiy haykali poyiga, ulug‘ shaxsga hurmat ifodasi sifatida yuzlab insonlar yig‘ilgani ham shundan. Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrining ijrosida esa Alisher Navoiy faoliyatidan bir parcha namoyish qilinmoqda. Sahna ko‘rinishi vositasida Navoiyning har bir so‘zi purma’no ekanligini anglash qiyin emas.
— Ulug‘ shoir ijodining asosini shaxsni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash tashkil etadi, — deydi Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Ilhom Safarov. — Asarlari insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbatni mustahkamlash, do‘stlik rishtalarini bog‘lash, ota-onaga nisbatan hurmatda bo‘lish, Vatanga sadoqatli bo‘lishni o‘rgatuvchi dasturilamal hisoblanadi. Darhaqiqat, Navoiy deganda har birimizning qalbimiz cheksiz iftixorga to‘ladi. Bu mo‘tabar zotning ma’naviy merosi boqiyligi, ijodi makon va zamon tanlamasligi haqida doimo faxranib so‘z yuritamiz. Chunki, insonning qalbini, shodligi-yu g‘amini chuqur mushohada etgan shoir jahon adabiyotida kam topiladi.
Shoir ijodida aks etgan insonparvarlik yo‘lidagi sa’y-harakatlari orqali mangulikka daxldor. Asarlaridagi asosiy g‘oya ham, albatta, insoniylik, komil insonni shakllantirish, shaxs sifatida o‘z-o‘zini tarbiyalay olish. Ha, har bir xalq dunyo tamadduniga o‘zining ma’lum bir hissasini qo‘shadi. Shu hissa orqali butun borliq xalqning mavjudligini taniydi, tan oladi. O‘zbek xalqi, ayniqsa, o‘zbek tili haqida gap ketganda esa eng birinchi navbatda Alisher Navoiy eslanadi.
— Men hammadan ham ko‘ra baxtiyorman, — deydi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi o‘quvchisi Bekmuhammad Muhammadiy. — Sababi, men Navoiy tug‘ilgan yurtda voyaga yetganman, Navoiy tahsil ko‘rgan yurtda men ham ta’lim olyapman. Men bugun faxr va iftixor bilan Alisher Navoiy asarlarini butun dunyo ahli o‘qib o‘rganmoqda deb ayta olaman. Ulug‘ shaxsga nisbatan hurmat bajo keltirilmoqda. Navoiy shaxsiyatini butun dunyo kashf qilib kelmoqda.
Xalqning dardini o‘z dardi sifatida bilgan zotning nomi yuraklardan ketmaydi, uni o‘chirib bo‘lmaydi. Oradan 5 asrlik vaqt o‘tgan bo‘lsa hamki, ulug‘ bobomiz qoldirgan o‘lmas merosi bilan biz uchun ibrat namunasidir. She’riyati ko‘ngilga yaqin. Shu sababdandir balki, qay bir davrada bo‘lmasin Navoiy ijodidan bir parcha keltirilsa, jo‘r bo‘lishdan o‘zimizni to‘xtata olmaymiz. Viloyatimizda Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
D.Otaqulova,
N.Muhibulloyev
(surat)