Termiz shahridagi matbuot uyida Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida universitet o‘tgan yilning o‘zida ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni moddiy rag‘batlantirish uchun qariyb 2 milliard 688 million so‘m mablag‘ sarf etgani haqida ma’lum qilindi. Bu esa turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kechalar, tanov va sport musobaqalari orqali talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.

– Har bir o‘quv yilimiz talabalar uchun qiziqarli tadbirlarga, yutuqlarga boy bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, ehtiyojmand talabalarni qo‘llab-quvvatlash va faol, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirishga yildan-yilga eʼtibor kuchaymoqda, – deydi yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar bo‘yicha birinchi prorektor O.Shofiyev. – O‘tgan yili may oyida universitetda ilk marta “Talabalar bahori” talaba-yoshlar festivalini tashkil etgan bo‘lsak, may va noyabr oylarida “Rektor kubogi” sport musobaqalari va turli tanlovlar o‘tkazildi. Shuningdek, kitobxonlik, insholar, rasmlar, videoroliklar, intellektual o‘yinlar, sheʼrxonlik kabi tanlovlarda iqtidorli, isteʼdodli talabalarimiz o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini namoyish etdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirildi.
Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham universitet rahbariyatining yodidan ko‘tarilgan emas. Ijara huquqi asosida yashovchi talabalarning 2 milliard 263 million 710 ming so‘m miqdoridagi ijara to‘lovlari qoplab berilgan. Talabalar turar-joylarida yashovchi 137 nafar imkoniyati cheklangan, 25 nafar chin yetim va boquvchisini yo‘qotgan, 30 nafar “Temir daftar” va “Ayollar daftari” da turuvchi talabalar turar-joy to‘lovlaridan ozod qilingan.
Matbuot anjumanida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, sport, adabiyot, madaniyat va sanʼat kabi sohalarda erishilgan yutuqlar, mamlakatimiz bo‘ylab talabalar uchun tashkil etilgan sayohatlar, mahallalar bilan hamkorlik aloqalari yo‘nalishlarida qo‘lga kiritilgan natijalar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
D.Qo‘zimurodova,
N.Muhibulloyev