Huquqlarimiz teng bo‘lsa-da, jismonan turlichamiz. To‘rt muchasi sog‘lom insonlar bilan birgalikda jismonan cheklangan, qandaydir nogironligi borlar ham afsuski bor. Statistic ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, dunyo aholisining 15 foizi, ya’ni kamida bir milliard odam tug‘ilganidanoq yoki hayoti davomida orttirilgan nogironlik bilan yashashga majbur. O‘zbekistonda nogironligi bor bolalarning deyarli 77 foizi esa oiladan tashqarida, maktab internatlarida tahsil oladi. Xolbuki, oila mehri, e’tibori va g‘amxo‘rligi hammadan ham ko‘proq ular uchun zarurat. Bu qarorlari bilan ota-onalar farzandlari uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qildim deb o‘ylaydi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Yana shunday ota-onalar borki, ularning qarori sabab 9700 nafar nogironligi bor bola umuman maktabga bormagan. Tizimdan tashqarida, xat-savodsiz, tashqi olamdan uzilib qolgan. Bunday qarorlar bolalarning huquqlarini poymol qilmayaptimi? Nega ular bilan hisoblashishmaydi? Ularning qiziqishlari, nimani istashlari haqida so‘roqlashishmaydi? Bu kabi ota-onalarning fikrini o‘zgartirish, nogironligi bor farzandlarning-da huquqlarini tiklash, hisoblashish shart ekanini tushuntirish, uqtirish zarurat.
Nogironlik insonning zaif tomonidir. U o‘z nuqsoni bilan jamiyatga qo‘shilishga uyalishi, tortinishi mumkin. Ayniqsa, bundan nogironligi bor bolalar qattiq aziyat chekadi. Bunga esa atrofdagilarning munosabati ham ta’sir etmay qolmaydi. Ular ajratib qo‘yilgan bolalardir. Chunki bizning munosabatimiz shunday. Ularni tushunishni, qabul qilishni istamaymiz. Haqiqiy muammo esa shu joydan boshlanadi. Aslida huquqiy tenglik hukmron jamiyatda yashaymiz-u, nogironligi bor bolalar va insonlarni ajratib qo‘yamiz, bu bilan ular qo‘shilib keta olmayaptimi, demak ularning bu huquqlariga putur yetkazilyapti.

Nogironligi bor bolalar ham barcha qatori ilm olishi, jamiyatda ishtirok etishi kerak. Bola huquqlari to‘g‘risidagi va nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalar har bir bola inklyuziv dunyoda yashash huquqiga ega ekanini ta’kidlaydi. Ushbu konvensiyani O‘zbekiston ham ratifikatsiya qilgan. Nogironligi bo‘lgan insonlar-u bolalarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.

Tan olish kerakki, nogironligi bor insonlarga nisbatan tamg‘a, kamsitish kabi turli to‘siqlar bor. Ularni qabul qilish, ular bilan bir jamiyat hosil qilish, ularga munosabatimizni o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikan? Qolaversa, maktablarda, o‘quv muassasalarida, tibbiyot maskanlari-yu, umuman aholi foydalanadigan barcha xizmatlarda ularga yetarlicha shart-sharoit yaratish lozim.
BMT konvensiyalarining ratifikatsiya qilinishi va UNICEF tomonidan yurtimizda xayrli va e’tirof etish kerak bo‘lgan ishlar amalga oshirilayotir. Ơz faoliyati orqali UNICEF har bir bolaning huquq va farovonligi ta’minlanishiga erishishga harakat qiladi. Ushbu majburiyatni amaliy harakatlarga aylantirish maqsadida dunyoning 190 mamlakati va hududlarida ish olib boradi. UNICEF barcha bolalarning, xususan, ijtimoiy jihatdan yakkalab qơyilgan, alohida e’tibor va yordamga muhtoj bolalarning manfaatlari yơlida harakat qiladi.
Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida UNICEF va “Zamin” fondi bilan “To‘siqlar” axborot kompaniyasi bir yildirki, o‘z faoliyatini olib borib, Toshkentda nogironligi sabab to‘siqqa uchragan bolalarni qabul qilish, jamiyatga qo‘shish borasida o‘zlarining targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishdi. Birgina poytaxtda amalga oshirilgan ishlar bilan respublikada natijaga erishib bo‘lmasligini tushungan mutaxassislar o‘z targ‘ibotlarini huquqlar kesimida davom ettirishni maqsad qildi. Bu ummummilliy harakatga aylansagina maqsadga erishish mumkin. Ilk qadam esa Surxondaryodan boshlandi.
Hamkorlar bilan birgalikda Sogʻliqni saqlash vazirligi va UNICEF aholining barcha qatlamlariga sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishda teng imkoniyatlarni taʼminlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarga tayyor turish uchun hamkorlik qilmoqda. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun UNICEF tomonidan Surxondaryo viloyatiga 6 ta tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berdi.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli markaziga Ruminiya hukumati tomonidan taqdim etilgan tibbiy jihozlar topshirildi. Ushbu jihozlar yangi tug’ilgan chaqaloqlar va yosh bolalarga shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatish uchun mo’ljallangan.
Termiz shahridagi Qizil yarim oy jamiyatining viloyat tashkilotida To‘siqlar kompaniyasi inklyuziya bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun seminar-brifing tashkil etdi.
Brifingda yuqorida ko‘ndalang qo‘yilgan muammolarga munosib yechim topish, nogironligi bor bolalar, ularning huquqlari, jamiyat hayotimizga qabul qilish borasida OAV kuchini, ta’sirini kuchaytirish lozimligi haqida so‘z bordi.

Nogironligi bor insonlar va bolalar haqida unda-bunda, qandaydir bayramlar sabab ular xolidan xabar olinishi, xayriya ishlari haqida yozmaslik kerak. Bu bilan muammo yechim topib qolmaydi. Ularni qabul qilish, rahm-shafqat, ehson ko‘rsatib emas, siz-u biz kabi nogironligi bor shaxslar ham oddiy inson ekanini qabul qilishni, mavzuni yorishda huquqiy nuqtai nazaridan ham qarash lozim. Ular orasida ham iste’dodlar, sog‘lom odamlar qila olmaydigan ishni eplaydiganlar bor. Ularni izlash, topish, oramizdagi qahramon sifatida ibrat va namuna qilib ko‘rsatish kerak. Ularning yutuqlarini, imkoniyatsizlik ichidan imkon topganini, o‘z qobig‘ini yorib chiqishganini yozish kerak. Ularga imkoniyati cheklangan, nogiron, hech narsaga qodir bo‘lmagan inson sifatida qarash yaramaydi. Sog‘lom odamlarga ko‘zi ojiz o‘qituvchi saboq berishi, kasb-hunar o‘rgatishi mumkin. Qaysidir xizmat ko‘rsatish nuqtasida xizmat ko‘rsatishi mumkin. Qo‘llari yo‘q iste’dod oyoqlari bilan rasm chiqishi, san’at asarlarini yaratishi mumkin. U yura olmas, ammo qo‘llari gul bo‘lishi, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishi, tikish-bichish qilishi mumkin. IT sohasida yutuqlarga erishgan bo‘lishi mumkin. Mumkin emas, aniq shunday, atrofimizda, bizni o‘rab turgan jamiyatda shunday insonlar, shunday qahramonlar bor. Ayni ular bizdek to‘rt muchasi sog‘larga haqiqiy motivatsiya berayotir. OAVning kuchi esa mavzuga to‘g‘ri yondashmoq, Ularga va bizga kerakli yordam va yo‘lni ko‘rsatmoqdir.
Sayyora ALLAYEVA