Ruminiya beminnat yordam ko‘rsatdi

Date:

Yaratganning eng ulug‘ ne’mati – farzandning dunyoga kelishi barchaga olam-olam shodlik ulashadi. Ona vujudida bir jonni shakllantirib, dunyoga keltirarkan unga o‘zining orzular qanotini bag‘ishlagandek bo‘ladi, go‘yo. Iltijolarida farzandini sog‘-omon qo‘liga olishini so‘raydi. Shu narsa ham ahamiyatliki, yosh avlodning sog‘lom dunyoga kelishini faqatgina bir shaxs intizor bo‘lib kutmaydi…

Shukrki, bolalar g‘amxo‘rligi yolg‘iz ota-onaning zimmasidagi mas’uliyat emas. Uning sog‘lom o‘sishi, huquq va erkinliklari, farovonligi ta’minlanishi uchun nafaqat millat, balki bashariyat birdek javobgar.
Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli markaziga Ruminiya hukumati tomonidan tibbiyot jihozlarining taqdim etilishi buning isboti bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ushbu yangi, qolaversa, zamonaviy uskunalar muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlarga hamda yosh bolalarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Tibbiy uskunalarni bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga topshirish uchun uyushtirilgan tadbir Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolovning nutqi bilan boshlandi.
— Hurmatli Prezidentimiz tomonidan barcha sohalardagi islohotlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda turizm, ta’lim madaniyati, tibbiyot sohasini rivojlantirishda boshqa davlatlarning ko‘maklariga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xususan, UNICEFning alohida o‘rni bor, desak xato qilmagan bo‘lamiz, — deydi viloyati hokimi T. Bobolov.

Bola kasal bo‘lib qolganda, uni qo‘ltiqlab turib, poytaxtga chopish, shifoxonama-shifoxona yurish ortiqcha pul sarflashga va vaqtni boy berishga olib keladi. Buning ustiga bir qancha noqulayliklarni ham tug‘diradi. Ruminiya elchixonasining moliyaviy ko‘magi bilan UNICEF tibbiy asbob-uskunalarni sotib olib, yetkazib berishi faqatgina tibbiy yordam sifatini oshirishga xizmat qilibgina qolmay, endilikda aholiga respublika va boshqa mintaqaviy muassasalarga murojaat qilmasdan, joylarda malakali yordam olish uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.

— Shifoxonamizga UNICEF va Ruminiya hukumati hamkorligida beg‘araz tarzda 6 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 2 ta chaqaloqlarning haroratini bir xilda ushlab turuvchi qurilma, UZI apparati, EKG topshirildi, — deydi shifoxona urologi Tojimurod Ibragimov.

Sog‘lini saqlash vazirligi va UNICEF, shu bilan birga chet el hamkorlarining ham maqsadi bitta – aholining barcha qatlamlariga sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishda teng imkoniyatlarni ta’minlash.
— Ruminiya hukumati O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaganidan, qolaversa, Surxondaryodagi bolalar viloyat shifoxonasini tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlaganimizdan mamnunmiz, — dedi Ruminiyaning O‘zbekiston Respublikasidgi elchisi Daniel Kristian Chobanu. — Umid qilamizki, bu hissa ushbu hududdagi bolalarga o‘rinli va sifatli xizmat ko‘rsatishga hissa qo‘shadi.
O‘ylaymizki, ushbu tibbiyot anjomlari bolalarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam berishda yaqindan ko‘makchi bo‘ladi.

D.Otaqulova,
N.Muhibulloyev,
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Futbolchi qizlar kashf etiladi

Sherobod tumanida o‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab...

Qulay va xavfsiz muhit yaratilmoqda

Qumqo‘rg‘on tumanida hayot sifatini yaxshilash va shaharning infratuzilmasini zamonaviy...

Shaffoflik ta’minlanadi

Sherobod tumanida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash...

Denovda Ramazon barakasi

Ramazon oyi — mehr-oqibat, xayru saxovat va hamjihatlik oyi....
KunTun
KunTun