Mulksiz jamiyatni, davlatni tasavvur etib bo‘lmaydi. Mol-mulk daxlsizligini ta’minlash, uning muqaddasligini e’tirof etish orqaligina jamiyat va davlat taraqqiyotiga hamda xalq farovonligiga erishish mumkin. Shu asosda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining (BMT Bosh Assambleyasining Rezolyutsiya 217 A (III) bilan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan (O‘zbekiston ushbu hujjatni 1991-yil 30-sentyabrda ratifikatsiya qilgan)) 17-moddasida “Har bir inson yakka holda shuningdek, boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik qilish huquqiga ega. Hech kim zo‘ravonlik bilan o‘z mulkidan mahrum etilishi mumkin emas” deb belgilangan.
Mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab mamlakatimizning kelajagini, davlatimiz va jamiyatimizning siyosiy-ijtimoiy qurilishini belgilashda, birinchi navbatda, Konstitutsiyani ishlab chiqish va tasdiqlashda mulk hamda mulkiy munosabatlar haqidagi prinsipial masala doim davlatimiz siyosatining e’tibor markazida bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz Konstitutsiyasida xususiy mulk daxlsizligi kafolati mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 53-moddasida “Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin” deb belgilandi.
Biroq, ushbu norma umumiy xususiyatga ega bo‘lib, mulk daxlsizligini to‘laqonli ta’minlay olganicha yo‘q. Mazkur normani tahlil qiladigan bo‘lsak, uning birinchi qismida “Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi” deb belgilanmoqda. Bu yerda e’tibor beradigan bo‘lsak, davlat barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi, deb ta’kidlanmoqda. Ushbu normaning ikkinchi qismida esa xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida deb belgilash orqali yuqoridagi qoidani mazmunan takrorlamoqda. Bundan tashqari, xususiy mulkning alohida ta’kidlanishi uning himoyasi alohida kategoriya sifatida belgilanganligini ko‘rsatmoqda. Fikrimizcha, barcha mulk shakllari, xususan, ommaviy, xususiy va shaxsiy mulk bir xilda himoya qilinishi, ularning daxlsizligi birday ta’minlanishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasini quyidagi tahrirda berish maqsadga muvofiq: “O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Mulk daxlsiz va mulk huquqi muqaddas hisoblanib, hech kim undan mahrum etilishi mumkin emas. Faqat qonunda belgilangan hamda adolatli va oldindan kompensatsiya qilingan holda ijtimoiy zarurat uchun sud qarori asosida mulk huquqidan mahrum qilish mumkin”.
Normaning ushbu mazmunda berilishi nafaqat xususiy mulkni, balki mulkning barcha shakllari daxlsizligining aniq va mukammal ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Murod Choriyev,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi boshlig‘i yu.f.d., prof.
Abdug‘affor Tolipov,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi boshlig‘i f.f.b.f.d., dots.