Oliygohni tamomladim-u, gazetada ishlashga ahd qildim. Diplomim bilan tahririyatga kelib, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari bosh muharriri Gulbahor Tangirovaning qabuliga kirdim. Kompyuter qarshisida ishga sho‘ng‘ib o‘tirgan ayol ko‘zoynagini yechdi-da, meni o‘rindiqqa taklif etib, o‘zi ham qarshimda o‘tirdi. Tabassum ila boqayotgan bu chehrada qat’iyat, qandaydir viqor sezilib turardi. Biroz suhbatdan so‘ng ishga qabul qilindim.
Ertasi kunidan ish kunim boshlandi. Gazeta arxivlarini o‘qiyman, yangi sonlarni kuzatib boraman. Gazeta chiqish jarayonida ishtirok etaman. Xabar va maqolalarim e’lon qilinadi. Xato va kamchiliklarimni kuzatib, kelgusida takrorlamaslik uchun harakat qilaman. Jamoa bilan qisqa fursatda bir oiladek bo‘lib ketdik. Ra’no opa Pardayeva mehribon va samimiy, ziyrak ayol ekan. Yozganlarimni oqqa chiqarib berayotib, ba’zi xatolarimni ham tuzatib ketaveradilar.
Samijon Jiyanov esa gazeta chiqadigan kunlari tamakisini burqsitadi-da, uning dizayni ustida jiddiy ishlashga kirishadi. Uning erkaliklari, injiqliklarini butun jamoa e’tibor bermay ko‘taradi. Bosh muharrir o‘rinbosari Safar Omonqulov ham, mas’ul muharrir Usmonali Normatov ham lom-mim demaydi. Keyin bilsam, bu muqaddas dargohda oqibat, mehr shunchalik kuchli ekanki, qanaqadir ikir-chikirlar, kayfiyat bilan bog‘liq xiraliklar qorabotir bo‘lib, o‘rtaga tushmas ekan.
Har safar rahbar ayolga duch kelsam, ularning salobati bosibmi, erkinsirab nimadir deya olmay, quruq salom-alik bilan yo‘l berib to‘xtayman. Aslida suhbatlashgim, taklif va g‘oyalarim bilan o‘rtoqlashgim keladi. Afsuski ichimda nimadir yo‘l bermaydi. Opa ham vaqti tig‘izdek doimo shoshilgan, yo‘lakda ham ming o‘ylov bilan ketayotganga o‘xshagani uchunmi, ochilib gaplasha olmayman.
Gulbahor Tangirova talabchan, qattiqqo‘l ayol. Qat’iyati, mehnatkashligi bilan aslida jurnalist qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yayotgandek tuyilardi. Hech yodimdan chiqmaydi. Ertalabdan ishga kelardilar-da, hamma o‘z joyida ekanini bilgach, jurnalistlarni xonada diqqinafas bo‘lib o‘tirmasdan, ma’lumot olishga, qaysidir sohani o‘rganish yoki surishtiruv olib borishga undardi. Bekorchilikni, jamiyatdan uzilib qolishimizni istamasdi. Albatta, bu izlanishlarimiz, tinib-tinchimay qilgan harakatlarimiz yillar davomida bizni charxlagan, qalamimizni sayqallagan ekan.
Ha, jurnalistni qalami va oyog‘i boqadi. Buni Gulbahor Tangirova biz jurnalist ahliga tushuntirganday, amalda isbotlab berganday bo‘lardi. Hech qachon yozganlarim haqida munosabatini eshitmaganim uchun ham men va ijodim haqidagi fikrini bilmasdim. Ammo, bir konferensiya sabab bir necha kunimiz birgalikda o‘tganida hamkasblarimiz oldida, ijod ahli jam bo‘lgan davrada men haqimda iliq fikrlar bildirgani men uchun kutilmagan xol, istedodli va tajribali ustoz jurnalistning jurnalistika sohasidagi oq yo‘lidek tuyilgan edi.
Bir kuni xonalariga chaqirtirib, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlashimni, doimiy yozishdan to‘xtamasligim haqida so’zlab, respublika nashrlaridan biriga meni jamoatchi muxbir sifatida tavsiya qilganlarini aytib qoldilar. Shundan so‘ng, o‘sha gazeta uchun ham materiallar tayyorlashni boshladim. Albatta, bildirilgan ishonch meni bir tomondan xursand qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan uddasidan chiqa olishimni isbotlash uchun bir imkon ham edi.
Bir necha oydan keyin poytaxtdan qo‘ng‘iroq bo‘lyapti. Ular e’lon qilgan maqolamda statistik raqamlar xato ketganini, respublika bo‘yicha ham bunday natija qayd etilmaganini aytib, vahima qilishdi. Endigina o‘qishni tamomlab kelgan qiz uchun bu jiddiy zarba edi. Sababi, ma’lumot bergan boshqarma ham bu xatolarni tasdiqlamadi. Shunda Gulbahor Tangirova masalaga bosiqlik bilan yondashib, o‘zi tahririyatga qo‘ng‘iroq qilgani, tushkunlikka tushishimni istamay aytgan so‘zlari menga kuch bergan edi. Keyinchalik faoliyatim davomida ko‘rdimki, bunday insonlar, bunday rahbarlar kam bo‘larkan. Ba’zi rahbarlar xodimi qiyin vaziyatga tushsa, tashlab qo‘yadiganlarni, yuz o‘girgan holatlarni ham ko‘rdim.
Esimda, hukm asosida “Jinoyat va jazo” rukni ostida material tayyorlashim kerak. Sud ishini ko‘rib chiqib, jabrdiyda tomon ham begunoh ko‘rinmadi. Qarsak ikki qo‘l bilan chiqishiga urg‘u berib tayyorlagan maqolam gazetaga chiqishi bilan jabrdiyda ayol tahririyatga kelib, janjal ko‘tardi. Raddiya berishimizni so‘rab, muallif men ekanimni ko‘rib kunda, kunora kelib, janjal qiladigan bo‘ldi. Gulbahor opa vaziyatdan xabardor bo‘lgach, hammasi tamom deb o‘ylagan paytimda rahbarimizning: “Sudga bering, siz bilan sudda gaplashamiz”, deya, menga bir og‘iz ham so‘z demasligimni tayinlaganlarida ham bu ayolning bu qadar bag‘rikengligiga, xodimini himoya qilib, qo‘llab-quvvatlaganida ortimda tog‘dek tayanchim borligidan quvonganman. Albatta, sudda aybdor sifatida ishtirok etish men uchun dahshatli voqea bo‘lishi aniq edi. Yaxshiyamki, ish sudgacha bormadi. Ammo, men uchun saboq bo‘ldi. Ta’na eshitgandirman, xato va tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ygandirman, inson uchun bu hayot yo‘li ibrat bo‘larkan. Sinashta qilib, o‘z chig‘iriqlaridan o‘tkazar ekan. Bu yo‘lda jiddiy, qattiqqo‘l, ammo samimiy do‘st bo‘lib turguvchi rahbarning bosh bo‘lgani meni omadim bo‘lsa kerak.
Gulbahor Tangirova jurnalistikasi ham, o‘ziga xos yondashuvi ham takrorlanmas. O‘z yo‘li, o‘z uslubi, tafti issiq so‘zlari, uyg‘oq fikrlarini o‘qigan gazetxon borki, uyg‘onishi, hayotgan teran nigohlar bilan boqa boshlashi aniq. U o‘zidagi xislatlarni o‘zgalarga-da ijodi orqali, so‘z kuchi bilan yuqtira oladi. Kayfiyat, motivatsiya bera oladi. Demak, Gulbahor Tangirovadan ayol sifatida ham, jurnalist va inson sifatida ham o‘rganadiganlarimiz hali ko‘p. bu ayol kerakli bo‘lish, sevimli bo‘lish, ko‘ngildan joy olish sirini, formulasini biladiki, hayotda, ishda bundan risoladagidek foydalanib kelayotir.
Opa hayot yo‘lining qaysi bosqichida bo‘lmasin o‘rganishga bo‘lgan chanqoqlik bilan shoshib ketayotganga o‘xshaydi. Afsuski, Gulbahor opa bilan ko‘p ishlamadik, u kishi Toshkentga “Народное слово” gazetasiga ishga o‘tib ketdilar. Bu ayolning men payqamagan, men kashf etmagan jihatlari ko‘p ekanini bilardim. Ammo, anglaganlarim, o‘zim uchun kashf etganlarim aslida jurnalist qanday bo‘lishini, ayol dunyosining go‘zalligini ko‘rsatgandek, menga havas va hayrat tuyg‘ularini uyg‘ota olgan edi. Gulbahor opani ko‘rgan ilk kunim hali-hamon esimda. O‘sha nigohlarga ko‘zim tushishi bilan bu yuz, bu ko‘zlarda onam nigohlarini ko‘rgandim. Inson ham shunchalik o‘xshashi mumkinmi? O‘shanda inson Odam ato va Momo havvodan tug‘ilganiga iymon keltirganman. Onamga o‘xshagani uchun ham ko‘nglimga yaqin olgandirman, o‘zgacha ixlos qo‘ygandirman. Anig‘ini bilmayman, ammo bilganim shuki, ko‘nglimdagilarni ochiqlamagan bo‘lsam-da, bir ona qiziga bo‘lgan munosabatdan kamini qilmaganlarini qalban his etganim baxtimdir…
Sayyora ALLAYEVA