Tez tibbiy yordam xizmatlariga bir bora bo‘lsa-da ishimiz tushgani aniq. Ammo “tez yordam” mashinalari har doim ham vaqtida yetib kelavermaydi. Shunday holatlar ham bo‘lganki, tez tibbiy yordam yetib kelgunicha bemor hayotdan ko‘z yumgan. Bordiyu ana shunday bemorlarga vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilganida, “ravon” yo‘llardan, “yap-yangi” avtomobillar shifokorlarni o‘z vaqtida yetkazib kelganida edi. Bu kabi holatlar, tez tibbiy yordamdan shikoyatlar, ulardan noroziliklar kelib chiqmagan bo‘lardi. Biroq ushbu masala ham hukumat rahbarining e’tiboridan chetda emas. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, “tez yordam”ning “ko‘kragi”ga ham shamol tegadigan bo‘ldi.
2022-2025-yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Xususan, 2022-yilda 890 ta, 2023-yildan boshlab har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi. Bu haqda Prezidentimiz rahbarligida shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash hamda uni aholiga yanada yaqinlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, barcha “tez yordam” transportlari navigatsiya tizimiga ulanadi. Kelgusi 3 yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi. Bu esa chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqarishini anglatadi.
Tez tibbiy yordam bilan bog‘liq muammo va masalalar ham ushbu videoselektorda ro‘yirost aytildi.
Jumladan, bugungi kunda tez tibbiy yordam brigadalarining 500 dan ortig‘ida vrach yetishmaydi. Shuningdek, 6 mingdan ortiq shifokor o‘rindoshlik asosida ishlayotgani qayd etildi.
Ushbu sohaga ham innovatsion yondashuv va xorijiy tajribani qo‘llash vaqti keldi, nazarimda. Vaholanki, xalqaro tajribada barcha chaqiruvlar uchun ham vrachlar bo‘lishi shart emas. Shu munosabat bilan chaqiruvlarning murakkabligi, dolzarbligi va turiga ko‘ra saralash tizimi joriy etiladi. Yangi tashkil etiladigan Koll-markaz dispetcherlari shunga qarab, vrach yoki feldsherdan iborat tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.
Xorijiy tajribada tez yordam feldsheri bir vaqtning o‘zida haydovchi hisoblanadi. Shu bois, yangi o‘quv yilidan tibbiyot texnikumlari va kollejlarida feldsherlikka o‘qiyotgan yoshlar bir vaqtning o‘zida haydovchilikka ham o‘rgatiladi.
Endilikda bemorlarning tez tibbiy yordamga beradigan bahosi, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatdan qoniqishi, bemorlarning xolis baholashi orqali tez tibbiy yordam xodimlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, har chorak yakunida faoliyati bemorlar tomonidan yaxshi baholangan brigadalar xodimlari oylik ish haqining 50 foizi miqdorida mukofotlanadi.
O‘ylaymizki, ham sohadagi islohotlar, ham bemorga ko‘rsatiladigan sifatli tibbiy xizmatning rag‘batga eltuvi soha xodimlari faoliyatini yanada jonlantiradi. “Tez yordam”lar tez yordam berish usuliga o‘tishadi. Shundagina bemorlar dardi zo‘rayib emas, aksincha, sog‘ayib ketadi.
Haqgo‘y