Ba’zan qo‘limizdan kelgan, ammo boshini tutish haqida o‘ylamagan ishimiz bizni muvaffaqiyatga boshlaydi. Sherobodlik Nargiza Abduraimova ham tuyachilik bilan shug‘ullanaman deb o‘ylamagandi. Taqdir taqazosi bilan majbur bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i birdan to‘shakka mixlanib qolganida tuya suti davo bo‘ladi deyishdi. Tuya suti esa sigir sutidek qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydan topib bo‘ladigan mahsulot emas. Nargiza Abduraimova esa topa olmaganidan ona-bola tuya sotib ola qoldi. Bobo-bokalonlari tuyachilik bilan shug‘ullangan insonlar emasmi, bu haqida eshitganlari, boqish sir-asrorlarini ozmi-ko‘pmi bilgani foyda berib, tuyasini parvarishlay boshladi.

Ha tuya chidamli jonivor. Axir, bejizga uni sahro kemasi deb atashmagan. Qadimdan yo‘lda ulov vazifasini o‘tagani ham shundan. Botmon-botmon yuklarni ortgancha minglab kilometrlarni jimgina bosib o‘tganidan savdogarlarning eng yaqin hamrohiga aylangan.
Qahramonimiz qarasa, tuyachilik yomon ish emas. Eplasa, foyda olish mumkin. Shundan so‘ng opa tuya boqishga qaror qildi. Tuya suvsizlikka va issiqqa chidamli jonivor emasmi, boqish qiyinchilik tug‘dirmadi. Uni cho‘l va dashtlarga haydasangiz dag‘al o‘t va xashaklar bilan ham, yantog‘-u saksovullar bilan ham oziqlanaveradi. Harajat qilib yem-xashak olishga hojat qolmaydi. Shu sababdan ham Nargiza opa o‘g‘lini iyartgancha har doim erta tongdan kengliklar sari tuyalarini yetaklab ketadi. Jonivorlar tushmagur yayrab oziqlansin deydi-da.
Tuyani go‘shti, juni-yu suti uchun boqishadi. Nargiza Abduraimova kichikkina tikuv sexida tuya junidan joynamoz, belqars, paypog‘-u gilamlar to‘qishni ham yo‘lga qo‘ygan. Tayyor mahsulotlar nafaqat kishi koriga yaraydi, balki sog‘lik uchun foydali ekani bilan ham qimmatli.
Ayniqsa, suti ming dardga davo. Qadimda tabobat olamida ham eng asosiy darmon dori bo‘lgani barchaga ayon. Shundanmi sutidan Nargiza opaning-da turmush o‘rtog‘i ham tezda davo topib, oyoqqa turib ketdi.
—Tuyachilik bilan shug‘ullansam, turmush o‘rtog‘im yanglig‘ ko‘plarning dardiga darmon bo‘lishdek savobli ishni ham qilgan bo‘laman deb o‘yladim, — deydi N. Abduraimova. — Shundan so‘ng tuya sutining foydasi haqida qiziqa boshladim. Turmush o‘rtog‘im shifo topgani uchun ham bu ma’lumotlarga chippa-chin ishondim.
Tuya sutining foydasi uning tarkibidagi noyob moddalar mavjudligida. Ushbu mahsulot tarkibida temir mikroelementi mavjud, u qon tarkibini yaxshilaydi va hujayralardagi metabolik jarayonlarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, u kamqonlikda, suyaklarni mustahkamlashda, qolaversa, asab tizimining faoliyatini normallashtirib, stress, uyqusizlik va charchoqdan qutilishga yordam beradi.
Tuya sutining saraton va oqqon kasalligini davolashda yordam berishi ilmiy jihatdan tasdiqlangan. Bundan tashqari, sil, oshqozon yarasi va oshqozon-ichak trakti bilan bog‘liq boshqa muammolarni davolashda ham tuya suti ishlatiladi. Ushbu mahsulotni oshqozon osti bezi, jigar va ichak muammolari mavjud bo‘lganda qabul qilish tavsiya etiladi.
Tuya sutini qandli diabetdan aziyat chekadigan bemorlar qondagi qand miqdorini saqlab turish uchun iste’mol qilishlari mumkin. Shundanmi tuyakash opamizning sutidan olguvchi qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin va uzoqdan kelguvchilarning tani sog‘ va tetik. Bemorlari esa shifo topib ketgan.
Ayni paytda opaning jonivorlari soni 5 boshga ko‘paygan. Ularni kuniga 3 mahal sog‘adi. Har bosh tuya 3-4 litr sut beradi. O‘z navbatida tuyalar ham egasiga o‘rgangan. Sog‘in payti beozorgina bo‘lib, o‘zini tutib beradi. Tuya sutidan keladigan daromad esa bir oilaning kam-ko‘stiga yetayotganidan Nargiza opa shod. Kelgusida esa oq tuya keltirib, ko‘paytirishni reja qilgan.
Sayyora ALLAYEVA