“Padang”dan reportaj

Date:

Arxeologik yodgorliklari bilan jahonga tanilgan, diqqatga sazovor joylarini sanayversa, og‘iz adashadigan Boysunda milliy qadriyatlar ham to‘laligicha saqlanib kelinmoqda. Har ikki yilda bir bor o‘tkazilib kelinayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali esa xorijiy sayyohlarni vohaga jalb qilishda o‘ziga xos “yarmarka” bo‘lib xizmat qiladi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Bugun “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladigan “Inkabod” mahallasida joylashgan Padang qishlog‘ida festivalga tayyorgarlik ishlari avjida. Festvalga tumonat odam to‘planishi kutilayapti.

Otangni onagga bepardoz ko‘rsatma, deganlaridek, avvalo, hudud toza, ozoda, barcha zaruriy shart-sharoitlarga ega bo‘lishi, tashrif buyurgan mehmon, Padangdan haqiqiy surxoncha kayfiyatda, mamnun holda ketishi kerak. Ayni shu maqsadda mahalliy va xorijiy sayyohlarga mezbonlik qiladigan ushbu hudud har tomonlama obodonlashtirilayapti.

Festival o‘tkaziladigan maydonda ayni damda 70 dan ortiq qora uylar tikilganini ko‘rishimiz mumkin. Har bir tuman uchun alohida o‘tovlar va qo‘rg‘onlarga joylar hozirlangan bo‘lib, tumanlardan festivalga biriktirilgan mutasaddilar kelib, o‘zlarining folklor dastalariga, milliy qadriyatlarini ko‘z-ko‘z etishi uchun joylash tayyorlashayotir. Shuningdek, festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilarga Boysunning o‘ziga xos jihatlari: hunarmandchiligu, kulolchiligini, kashtado‘zlarini namoyish etish maqsadida shu yerning o‘zida kulollar, hunarmandlar, gulchilarning milliy buyumlari ham terib chqilayaptiki, festivalga kelgan kishi o‘zini “Sharqning jannati”ga tushib qolganday his etishi kerak.

Boysun tumani markazidan Padangga olib boruvchi yo‘llarning ta’mirtalab qismlari aniqlanib, qayta ta’mirlash choralari ham ko‘rilmoqda. Yo‘l yoqalarida istiqomat qilayotgan xonadonlar har tomonlama obodonlashtirilib, yo‘l belgilarini va ustunlarni bo‘yash, turli rangdagi festival bayroqlarini o‘rnatish ham ayni jarayonning qizg‘in pallasida.

Mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, yo‘l-transport xizmatlarini yaxshilash, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, “Boysun bahori”ni talqin etadigan banner, afishalar qo‘yish, tibbiyot punktlari xizmatini takomillashtirish, fitobarlar, ko‘chma dorixonalar tashkil etish galdagi vazifalardir.

COVID-19 pandemiyasi sabab ham orada bir muddat festival o‘tkazilishi vaqtincha to‘xtab qolgani ham bu yil mehmonlar sonining har galgidek ko‘payishiga ishora.

Xorijliklar uchun diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirish, ikkinchi massiv yo‘llarini ochish va eski yo‘llarni ta’mirlash, shox bekatlarda va yo‘llarda “Boysun bahori”ga to‘g‘ri borish uchun yo‘l belgilarini o‘rnatish, mashina qo‘yadigan joylarni kengaytirib, tartibga keltirish kabi masalalar ham ishchi guruh nazoratida. Elektr, suv tarmoqlari, yortigichlar ham qaytadan yangilanayapti. Festivalga tashrif buyuradiganlar ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalardan aziyat chekmasligi lozim.  Shuningdek, ovqatlanish shoxobchalarida taomlar turini ko‘paytirish va sifatini yaxshilashga ham alohida e’tibor beriladi.

“Boysun bahori”ga tayyorgarlik jarayonlari xorijlik mehmonlarni ham e’tiborsiz qoldirmayapti, albatta. Boysunning folklor jamoasining festivalga tayyorgarlik jarayonlarida bevosita ishtirok etgan shvetsariyalik Kristina Buzel qo‘lda yog‘och qoshiq ushlagancha kuy-ohanglarga sel bo‘layotganini alohida e’tirof etish mumkin. Aslida xorijlik mehmon qulog‘i eshitmasa-da, milliy cholg‘u asboblarini, folklor jamoaning kayfiyatiyu, ijro mahoratini ko‘rib ularga beixtiyor jo‘r bo‘layotgani kishini xushnud etadi. Milliy surxoncha qadriyatlar dunyo e’tirofida ekanligi shu diyorda yashab ijod qilayotgan har qanday kishiga g‘urur va iftixor bag‘ishlashi turgan gap.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun