Chillaklashmaymizmi?

Date:

Milliy qadriyat va an’analarimiz sharaflanadigan “Boysun bahori” festivali doirasida milliy kurash musobaqasi, etnosport, velomarafon, uloq-ko‘pkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq o‘yinlariga ham keng o‘rin ajratilgan.

Yoshligida bir bor bo‘lsa ham arqon tortishmagan, chillak o‘ynab xumoridan chiqqunicha varrak uchirmagan bola bo‘lmasa kerak.

“Keling, bir chillak o‘ynashaylik” deya Boysun tog‘lari uzra dunyo ahliga jar solayotgan festivalning dovrug‘i yetti iqlimga bo‘lmasa-da, 30 dan ortiq xorijiy mamlakatga yetib bordi. Eng rivojlangan davlatlarda yashab, eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanayotganlar ham ishonamanki, bizning chillak o‘yini beradigan zavq va shodiyonani dunyoning hech qayeridan topa olmasa kerak.

Chillak o‘yinining ham o‘z qonun-qoidasi borligini ko‘pchilik bilmasa kerak.

O‘yin joyida yoki sport maydonchasida o‘tkaziladigan chillak o‘yini uchun uzunligi 80-100 sm, 2-2,5 sm bir uchi yassilangan tayoq (dasta) va uzunliga 20 sm tayoqcha kerak bo‘ladi.  O‘yinda 2 tadan 10 tagacha ishtirokchi qatnashishi mumkin. Chillakni yakkama-yakka o‘ynasa ham, guruhlarga bo‘linib o‘ynasa ham bo‘ladi.
Oldingi chiziqdan 2 metr nariga dasta qo‘yiladi. O‘yinchilar chillakni yerda yotgan ana shu dastaning ustiga irg‘itadilar. Chillakni birinchi bo‘lib dastaga tekkizgan o‘yinchi o‘yinni boshlash huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun o‘yinchi chillakni dastaning uchiga qo‘yib turib yengilgina ko‘tarib tashlashi va chillak qayta tushib, dastaga tegishi va yana sapchib ko‘tarilib, qayta dasta ustiga tushishi kerak. Chillak dastgohi bir tekkani uchun bittadan ochko beriladi.

O‘yinchi shu tartibda necha ochko to‘plasa, u shuncha marta dasta bilan chillakni urib uni to‘g‘riga otadi. Agar har bir otganda chillak 20-30 metr nariga borib tushsa, 3-4 ochko bo‘yicha otilganda 90-100 metr masofaga etkazilishi mumkin.
Yutqazgan o‘yinchi yoki raqib guruh o‘yinchisi ana shu masofaning hammasi yugurib o‘tishi kerak. Bunda u nafas olmay yugurishi lozim.

Chopib ketayotganida nafas olsa, o‘sha joyda yana dasta bilan chillakni sakratib urib qaytadan chopib o‘tiladigan masofa belgilanadi. Dasta bilan chillakni silkitib tashlanganda chillak dastaga uch martadan kam tegmasligi kerak. Chillakni yerda yotgan dastaga tashlayotganda ishtirokchilar o‘yinni boshlash chizig‘ini bosib turmasligi kerak.  O‘yinchi belgilangan masofani chopib o‘tishdan bosh tortsa, u ashula aytib yoki o‘ynab berish, she’r o‘qishi ham mumkin.

Chillak kishiga quvonch ulashish barobarida tezkorlik, topqirlik, sportda chiniqish, shuningdek, qaysidir qobiliyatini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Chunki umrida bir bor ashula aytmagan ishtirokchi o‘yinda yengilib qolmaslik uchun o‘z-o‘zidan ashula aytishga tutinadi, raqsga tushadi. Bularning bari beg‘ubor bolalikning “oltin” damlariga yetaklovchi vosita bo‘lib dilga xush yoqadi. Agar ishonmasangiz, qo‘lingizga tayoqcha olingu bir chillaklashib ko‘ringchi!

Haqgo‘y

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun