Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi majlislar zalida Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 -yil 31- martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan video-aloqa tarzda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi barcha tumanlar hokimlari, viloyat va tumanlarida tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari mutaxassislari, sektor rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov yig‘ilganlarga har ikki hujjatdan kelib chiqadigan vazifalar, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitib, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta‘minlash borasida islohotlarni tizimli davom ettirish hususida ma’ruza qildi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, “Аyollar daftari” ro‘yxatini shakllantirish orqali ehtiyojmand xotin-qizlar bilan ishlash tizimi bu yil yanada takomillashtiriladi. Dastlabki paytda yil davomida xotin-qizlar ro‘yxati qayta-qayta shakllantirilib, bot-bot ro‘yxati tuzilgan bo‘lsa, bu yil xatlov bir marta o‘tkaziladi va ro֥‘yxatga kiritilganlar yilning yakuniga borib daftardan chiqariladi. O‘tgan yili “Аyollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarning ijtimoiy himoyalash 9 toifaga ajratilib, amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu yil 6 toifaga bo‘yicha ish qilinadi. “Аyollar daftari” ro‘yxatidan chiqarishda tavakalchilikka yo‘l qo‘yilmaydi va ro‘yxatda turgan xotin-qizning muammosi hal etilgandan so‘ng xalq deputatlari tumanlar Kengashi tasdiqlagach, ro‘yxatdan chiqariladi.
Yuqoridagi farmon va qaror ijrosini taʼminlash uchun 2022-2026 -yillarda xotin-qizlarning mamalakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarda faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilindi va dasturni amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, birinchi navbatda ishsiz, daromad manbaiga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning bandligini taʼminlashning qatʼiy choralari ko‘riladi. Tadbirkorlik qilishga talabgor bo‘lgan ayollarga har tomonlama yordam beriladi va imtiyozli kreditlar ajratiladi. Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand ayollarni ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy yordamga muhtoj, qaramog‘ida birinchi va ikkinchi guruh nogirionlari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab–quvvatlash, uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga turar-joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lash, ijtimoiy uylarga joylashtirish va ularning uy-joylarini taʼmirlashga ko‘maklashish, tibbiy, huquqiy, psixologik yordamlashishga alohida ahamiyat beriladi. Ishsiz, daromad manbaiga ega bo‘lmagan xotin-qizlar kasb hunarga o‘qitiladi va ular ish bilan taʼminlanadi. Shu toifadagi ayollar bandligini taʼminlashga ko‘maklashgan ish beruvchilarga subsidiyalar ajratiladi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarga kam foizli 33 million so‘mgacha kredit ajratiladi va uni qaytarish muddati uzaytiriladi. Tomorqasida issiqxona qurib, chorva mollari boqib, o‘zini-o‘zi band etish istagida bo‘lgan tashabbuskor ayollarga imtiyozli kreditlar ajratiladi. O‘zi yoki farzandlari bemor ehtiyojmand ayollarning kasalliklarini jarrohlik amaliyoti o‘tkazish orqali davolash xarajatlarining 27 million so‘mgacha bo‘lgan qismi “Аyollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi. Ehtiyojmand ayollarning bir va undan ortiq farzandlari oliy taʼlim muassasalarida kontrakt-shartnoma asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning kontrakt to‘lovidan 4,5 million so‘mi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Yig‘ilishda aynan shu masalalarga alohida urg‘u berildi. “Аyollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasiga eʼtiborni kuchaytirish, Surxondaryo viloyatida bandligi taʼminlanmagan 41 ming nafar xotin-qizni ishli qilish, ularning ijtimoiy himoyasiga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi qayd etilib, ayollarni himoya qilish chora-tadbirlar rejasini 15 aprelgacha xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlariga tasdiqlab, ishga kirishish bo‘yicha sektor rahbarlari zimmasiga vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish so‘ngida viloyat hokimining iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘alikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari F.Mamanov tuman hokimlari va sektor rahbarlari xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi yuzasidan bajariladigan muhim ishlar xususida o‘z fikrlarni bayon etdi.
U.Normatov